G‘alaba zavqi: “Tashabbusli budjet” g‘oliblari bayramni boshlab yubordilar

Jamiyat 18:49 / 07.04.2023 22184

“Tashabbusli budjet”ning 1-mavsumida jami 1666 ta tashabbus g‘olib deb topildi. Ularni amalga oshirish uchun 1,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

G‘olib deb topilgan loyihalarning katta qismini ijtimoiy soha obektlari, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ko‘cha chiroqlari o‘rnatish, ichimlik suvi, tabiiy gaz hamda elektr energiyasi tarmoqlarini tortish kabi masalalardan iborat.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 21-IDUMda sinf xonalari yetishmas edi. Mahalla aholisi va maktab jamoasi birlashib, qo‘shimcha o‘quv binosi qurish bo‘yicha loyiha kiritgandi. Qilingan harakat natijasida mazkur loyiha 8350 ta ovoz to‘pladi hamda g‘olib deb topildi. Maktab jamoasi bu g‘alabani o‘quvchilar bilan birgalikda bayram qilib nishonlashdi.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Alijon qishlog‘i aholisi ham g‘oliblikni katta xursandchilik bilan qarshi olishdi. Mazkur qishloqda 3-6 yoshli bolalar soni 325 nafarni tashkil etadi. Ammo hududda bolalar bog‘chasi yo‘q. “Tashabbusli budjet”ga qishloqda bolalar bog‘chasi qurish bo‘yicha kiritilgan loyiha g‘olib bo‘ldi. Bu alijonliklar uchun katta natija.

Bunday xursandchiliklar respublikaning ko‘plab hududlarida bo‘lib o‘tmoqda. O‘z hududlaridagi muammoni hal etishda birlasha olgan odamlar g‘alaba quvonchini his qilishyapti.

“Tashabbusli budjet”ning joriy yilgi 1-mavsumida eng ko‘p loyiha Buxoro viloyatidan yutilgan – 173 ta. Namangan (154 ta), Toshkent (152 ta) Samarqand (147 ta), Surxondaryo (147) viloyatlarida ham 150 ga yaqin loyihalar g‘olib bo‘lgan. Eng kam g‘olib tashabbuslar esa Navoiy (85 ta) va Jizzax (67 ta) viloyatida.

Ko‘proq yangiliklar: