E-auksion savdo platformasida Toshkent shahri Mirobod tumani, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy manzilida (Amir Temur xiyoboni oldida) joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Aloqabank binolarini sotish bo‘yicha savdolar yakunlandi. Spot'ning e’tibor qaratishicha, har ikkala davlat aktivini 4 aprel kuni bitta kompaniya sotib olgan.
Aloqabank bosh ofisi binosi 10 daqiqa 44 soniyada 317,14 mlrd so‘mga sotilgan, bu – lotning boshlang‘ich bahosidan (302 mlrd so‘m) 5 foizga ko‘p. G‘olib bo‘lgan taklif “Black Gold Industry News” tomonidan bildirilgan.
Oradan 9 soniya o‘tib, ushbu kompaniya Raqamlashtirish vazirligi binosini sotib olish uchun o‘tkazilgan ikkinchi kimoshdi savdosida ham g‘olib chiqadi. Bu ko‘rsatkich ham dastlabkisidan 5 foizga oshib, 69,85 mlrd so‘mni tashkil etgan. Mazkur lot 66,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgandi.
E’tiborli jihati, Aloqabank bosh ofisi binosi 302 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga chiqarilgan – bir kv.m maydoni 41.1 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi. Raqamlashtirish vazirligiga qarashli bo‘lgan bino esa 66,2 mlrd so‘m bilan sotuvga qo‘yilgan – bir kv.m 18,1 mln so‘m. Toshkentning qoq markazida joylashgan va deyarli bir xil parametrlarga ega ushbu yondosh binolarning nima uchun ikki xil narxda sotuvga qo‘yilishiga aniqlik kiritilmagan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, xaridor “Black Gold Industry News” MChJ 2022 yil 31 yanvarda Samarqand shahrida ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 8 mln so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – tog‘-kon sanoati sohasi bilan bog‘liq. Kompaniyaning yagona ta’sischisi va rahbari sifatida Jalolov Ziyodulla Ilyosiddin o‘g‘li ko‘rsatilgan.
Yagona korporativ ma’lumotlar portali ma’lumotlariga tayanib Gazeta.uz'ning yozishicha, 3 aprel kuni – kimoshdi savdosidan bir kun avval Aloqabank ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga, 14 foiz stavkada 390 mlrd so‘m kredit ajratgan. Ikkita bino xaridi esa kompaniyaga 387 mlrd so‘mga tushgan. 390 mlrd so‘m – bank aktivlarining 20,4 foizini tashkil etadi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21,9 foizni tashkil qilgan.
Bank binosini sotish bo‘yicha kimoshdi savdosi shartlarida “Aloqabank” tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish uchun 7−10 yil muddatga 16 foiz stavkada kredit ajratilishi mumkinligi qayd etilgan. Lekin, sobiq AKT vazirligi binosini sotib olish uchun bunday shartlar belgilanmagan.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlarni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga ko‘chirib o‘tkazish haqida ko‘rsatma bergandi.