Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida ilk bor “UzCharmExpo-ShoesStar-Eurasia- 2023” charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun, qorako‘l va mahaliylashtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda “ShoesStar” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan sanoat anjumani Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘rgazmalardan biri sanaladi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Bu galgi ekspozitsiya geografiyasidan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya, Portugaliya, Misr, Turkiya, Vengriya, Polsha, Latviya, Xitoy, Janubiy Afrika va boshqa davlatlari o‘rin oldi. Anjumanning faxriy mehmonlari orasida Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi, Xalqaro mo‘yna federatsiyasi, Yevropa Ittifoqining charm va liboslar dizaynerlari milliy assotsiatsiyalari konfederatsiyasi (Cotance), Janubiy Afrika poyabzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, charm, poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar milliy uyushmalari, kengashlari bor. Shuningdek, bir qator mamlakatlarning mo‘yna va poyabzal ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazma ishtirokchilaridir.
Navbatdagi 14-ko‘rgazmada 1000 dan ortiq mahalliy va 100 ga yaqin xorijiy kompaniyalar o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqda. Bu yilgi ko‘rgazmaga tashrif buyurish maqsadida 5000 ga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniya vakillari va ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tdi. Ko‘rgazma nafaqat O‘zbekistonning barcha hududlari va Yevrosiyo qit’asining ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtiradi, balki soha mutaxassislari uchun jahon bozorida raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy tendensiyalari va yo‘nalishlari, texnologiyalari hamda imkoniyatlarini muhokama qilish, shuningdek, yangi investitsiyalarni jalb etish, innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish, eksport salohiyatini oshirish uchun keng muloqot maydoniga aylandi.
14-xalqaro ko‘rgazma dasturi voqealarga boydir. “Tashqi bozorda charm-poyabzal mahsulotlarini muvaffaqiyatli sotish imkoniyati: Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, berilayotgan imtiyozlar, bojxona, logistika, milliy bozor tamoyillariga oid masalalar” mavzusidagi xalqaro davra suhbati, “Charm-poyabzal bozori holati va uning rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi yalpi majlis, Yosh dizaynerlar va mamlakatimiz korxonalari modelerlarining moda namoyishi, charm, poyabzal, savdo va marketing sohalaridagi xalqaro ekspertlar ishtirokidagi seminarlar va boshqalar shular jumlasidan.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida turli davlatlar, ayniqsa Yevropa mamlakatlari bilan mahsulotlarni yetkazib berishni oshirish, xalqaro sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash, eksport shartnomalari, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish, yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Reklama huquqi asosida