Sud Sof.uz nashridan «Anorbank» foydasiga 3,7 mlrd so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqardi

Jamiyat 18:49 / 05.04.2023 23961

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida da’vogar «Anorbank» AJ va javobgar «Komil unsur» MChJ («Sof.uz» internet nashri) o‘rtasida ko‘rilayotgan iqtisodiy nizo yakuniga yetdi.

«Anorbank» matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida «Sof.uz» veb-sayti tomonidan «Anorbank» AJning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgani natijasida bankka yetkazilgan zararni veb-sayt muassisi «Komil unsur» MChJ hisobidan undirish to‘g‘risidagi da’vo bilan bog‘liq iqtisodiy ish bo‘yicha sud majlisi yakunlangan.

Ta’kidlanishicha, sud qarori bo‘yicha «Komil unsur» MChJ hisobidan «Anorbank» AJ foydasiga infohujum oqibatida bank tomonidan amalga oshirilgan 3,7 mlrd so‘m miqdorida haqiqiy zarar summasini undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan.

«Biz har qanday jurnalistik tekshiruvlar xolisona, bank sohasi mutaxassislari va ekspertlarining tegishli fikr-mulohazalari va xulosalarini inobatga olgan holda olib borilishi lozimligi haqidagi pozitsiyamizni alohida ta’kidlaymiz. «Sof.uz» veb-sayti tomonidan bank haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan, bankning fikri olinmagan soxta axborotlar tarqatilishi oqibatida ushbu nizo yuzaga kelgan edi», deyiladi bank xabarida.

Bank OAV, jurnalistlar hamjamiyati va blogerlar bilan professional, o‘zaro manfaatli va ochiq munosabatlarga sodiqligini tasdiqlab, ular bilan doimo mustahkam hamkorlik aloqalarini saqlashga harakat qilishini qayd etgan.

«Anorbank o‘zining biznes imijiga, aksiyadorlar, xodimlar obro‘siga va jamoatchilik fikriga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Bank bundan keyin ham respublikamiz axborot makonida o‘z brendini qo‘llab-quvvatlash va turli axborot xurujlaridan himoyalanishga e’tiborini qaratadi», deyiladi xabarda.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati ham «Anorbank» va «Sof.uz» o‘rtasidagi nizoni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yuzasidan ma’lumot bergan.

«Da’vogar “Anorbank” aksiyadorlik jamiyatining javobgar “Komil unsur” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan talablari bo‘yicha javobgarga nisbatan Sof.uz internet-nashriga tegishli veb-sayt va Telegram-kanalida bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga bankning raddiyasini chiqarish, YouTube videohostingidagi kanalida raddiyani efirga berish majburiyatini yuklash talabidan da’vogar voz kechganligini inobatga olib, mazkur talab bo‘yicha ish yuritish tugatildi.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 5 apreldagi hal qiluv qarori bilan javobgar “Komil unsur” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan 3 721 211 678,85 so‘m yetkazilgan haqiqiy zarar “Anorbank” aksiyadorlik jamiyatining foydasiga undirilishi belgilandi», deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, «Anorbank» AJning javobgardan 6 278 788 321,15 so‘m ololmay qolingan daromad va 5 000 000 000 so‘m ishchanlik obro‘siga putur yetkazilgan uchun ma’naviy zararni undirish talabi rad etilgan.

Shuningdek, sud harajatlari mutanosib ravishda undirilishi belgilangan.

Birinchi instansiya sudining ushbu hal qiluv qarori ustidan bir oylik muddat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) qilinishi mumkinligi ma’lum qilingan.

  • Eslatib o‘tamiz, da’vogar «Anorbank» AJ javobgar «Komil unsur» MChJdan tegishli veb-sayt va Telegram-kanalida bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga bankning raddiyasini chiqarish, You Tube-kanalida raddiyani efirga berish majburiyatini yuklash xamda 10 mlrd so‘m ololmay qolingan daromad hamda ishchanlik obro‘siga putur yetkazilgani uchun 5 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ragan edi. Sud jarayoni 2022 yilning noyabrida boshlangandi.
Ko‘proq yangiliklar: