“Bu yagona holat bo‘lmasligi mumkin” – faollar Xorazmdagi zo‘ravonlik voqeasi haqida

Jamiyat 18:31 / 03.04.2023 27017

Xorazmda davlat amaldorlari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga jinsiy zo‘ravonlik qilgani va bu uchun ularga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangani jamoatchilikni larzaga soldi. Faollarning ko‘pchiligi sud qaroridan butunlay noroziliklarini bildirgan bo‘lsa, yana bir guruhi esa O‘zbekistonda boquvchisi yo‘q bolalarni himoya qilish tizimi to‘liq shakllanmagani haqida yozmoqda.

Bloger, jamoat faoli Aziza Umarova bolalarni vasiylikka olish masalasida xalqaro standartlar masalasida mutaxassislar takliflarini yozib chiqdi.

Unga ko‘ra:

  • Zudlik bilan yagona yondashuvga ega bo‘lgan ijtimoiy himoya bo‘yicha alohida muassasa yaratish lozim (yoki hech bo‘lmaganda hozirgi Bandlik, kambag‘allikni qisqartirish vazirligi qoshida agentlik sifatida. Vazirlik nomini “Bandlik, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya” deb nomlagan holda).
  • Bu organ barcha institutsional, oilaviy himoya shakllarining xalqaro standartlarga muvofiq nazoratini o‘z zimmasiga olishi, bolalar huquqlari himoyasini amalga oshirishi darkor. Xodimlar ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish, soha vakillari bo‘lishi zarur.
  • Respublikada, viloyatda, tumanda zarur shtatga ega bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar joriy etish lozim hamda ularning tarkibi hozirgiday kuchishlatar soha vakillaridan iborat bo‘lmasligi kerak.
  • Ijtimoiy xizmatlar hamjamiyatlar darajasida faoliyat yuritishi zarur. Muassasalar yopilishida pul mablag‘lari bolalar joylashtirilgan oilalarga o‘tkazilishi kerak.
  • Mehribonlik uylarini yopishdan avval bolalarni qaramog‘iga oladigan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tarmog‘ini yaratish maqsadga muvofiq edi. Bu esa amalga oshirilmadi.

Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev holat yuzasidan Senat, Oliy Sud, Adliya, FVV va Bolalar Ombudsmani bergan bayonotlarni “soxta achinishlarga boy”, deb ta’rifladi. U bloger Irina Matviyenko jinoyat haqida 2023 yilning fevral oyi boshida Senat majlisida hammaga gapirib bergani va bundan senatorlar, Oliy sud, Adliya vazirligi va boshqa ko‘plab tashkilotlar vakillari xabar topgach ham jiddiy chora ko‘rilmaganini qoralagan.

Oliy Sud ham, Bosh prokuratura ham, Bolalar Ombudsmani ham oradan shuncha oy o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan bu haqida sukut saqlashgan. Balki, o‘zlaricha "mundir hurmati"ni saqlagan holda davlat amaldorlarining bu sharmandachiligini yashirishgandir, kim bilsin. Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa tizimi sharmanda bo‘lmasligi uchun, bu xabarni berkitishdan manfaatdor bo‘lgan. Senat ham, Oliy Sud ham, Adliya va FVV ham, Bolalar Ombudsmani ham birdaniga o‘zidan sipo yasab olib, ushbu voqeadan chuqur qayg‘uda ekanligi, ishni nazoratga olishgani haqida birin-ketin bayonotlar berishdi.

Bularning barchasi soxta achinishlarga boy bayonotlar. Xuddiki o‘zini hech narsadan xabari yo‘qday tutib, do‘ppi tor kelib qolganidan noiloj berilgan bayonotlar. Agar ijtimoiy tarmoqlarda odamlar qahr va g‘azab sochmaganda edi, ushbu tashkilotlar ikki dunyoda ham bu voqeaga e’tibor qaratib o‘tirmasdi”, – deb yozgan huquqshunos.

Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, sobiq “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyev ham voqea bo‘yicha o‘z tahlillari va xulosalarini e’lon qilgan. Ekspert fojianing sabablari deb oilaviy mehribonlik uylari xodimlarini tanlashda va ularga bolalarni berishda nomzodlarni tekshirish tizimi ishlamagani, oilaviy mehribonlik uylari joylashgan mahallalarda mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchilari xabardor bo‘lmagani, ota-onasiz bolalar himoyasi ijtimoiy masalalardan uzoq milliy gvardiyaga topshirilgani bunday jinoyatlarda Bolalar Ombudsmanining nazorati juda sustligini ko‘rsatadi.

«Bu kabi muammolarga olib kelayotgan yondashuvni ildizi qayerda? Davlat xizmatining “davlat”ligi qolmayapti. Mutaxassislarning o‘rnini laganbardor lo‘ttibozlar, ayrim hollarda zo‘ravonlar egallab olyapti. Haligi ikkalovi ham kimningdir “sadoqatli” shogirdi bo‘lgandir”, – deb yozadi G‘aniyev.

Ekspert bunday holatlar oldini olish uchun hukumat nima qilishi kerakligi bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surgan.

  • 140 ga yaqin oilaviy mehribonlik uylarini o‘rganib chiqish kerak, bu yagona holat bo‘lmasligi mumkin.
  • Ijtimoiy himoyaga qaratilgan maxsus organ yaratish. Yetimlar, nogironlar, ayrim kasalliklarga chalinganlar bilan ishlash uchun. Milliy gvardiya esa o‘z ishi bilan shug‘ullansin.
  • Qonunchilikdagi teshiklarni yopish. Jazo muddatlari, voyaga yetmaganlarga oid sud jarayonlari nazorati va h.k.
  • Maktab psixologlarining ishi aslida juda muhim. Ularning malakasida va maoshida muammo bor, ikkalasi ham past. Yoshlar tashkilotining ham ishini maktabga qaytarish kerak, mahallada tentirab yuribdilar.

Eslatib o‘tamiz, qarovsiz qolgan bolalar, ayollarning zo‘ravonlikka uchrashi O‘zbekistonda ilk marta bo‘layotgani yo‘q. 2022 yilning o‘zida Buxoroda 9 oylik chaqaloqning bug‘doyzorga tashlab ketilgani, Turkiyaga ketgan ayolning 3 yoshli qizini urib o‘ldirib qo‘ygan xolasi, Toshkentda 70 yoshli ayol 96 yoshli onasini pichoqlab o‘ldirgani, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchici bo‘lgan ayol o‘ziga benzin sepib yoqib yuborgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘shanda ham bir guruh faollar O‘zbekistonda professional ijtimoiy himoya tizimini tezroq shakllantirish masalasini ko‘tarishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: