Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biz har bir bola bog‘chada o‘zini erkin, xavfsiz va quvnoq his qilishini xohlaymiz - Hilola Umarova
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tizim mas’ullari bilan uchrashib, davomatni sun’iy oshirish, bolalarning tug‘ilgan kunini dabdaba bilan nishonlash, «ko‘ngilochar dastur» deb bolalarning yoshiga, psixologik holatiga mos bo‘lmagan tadbirlarni o‘tkazish, bolalarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik va zo‘ravonlik holatlarini muhokama qildi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 6 mart kuni davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi (MTT) mas’ullari bilan uchrashdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muloqotda respublikadagi 38 mingdan ortiq MMT rahbari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, maktabgacha ta’lim sohasida bog‘chalar soni 8 barobarga oshib, bolalarning qamrov darajasi 2017 yildagi 27 foizdan 77 foizga yetkazildi. Tashkil etilgan bog‘chalarning qariyb 7 mingtasi davlat, 31 mingdan ortig‘i nodavlat bog‘chalar hisoblanadi (nodavlat bog‘chalarda qariyb 1 millionga yaqin bola tarbiyalanmoqda).
Xususiy maktab yoki bog‘cha ochishdagi byurokratiya yo‘q qilinib, tizim raqamlashtirilgani natijasida litsenziya berish muddati oldingi 3 oydan 15 kunga qisqartirildi, oilaviy bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda davlat budjetidan 3,8 trillion so‘m ajratildi.
Hilola Umarova ushbu yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, xususiy bog‘chalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini jami tarbiyalanuvchilari soniga nisbatan 10 foiz miqdorida bepul qamrab olishga yetarli e’tibor qaratilmayotganligi, bolalarning real sonini yashirish holatlari uchrayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.
Ba’zi oilaviy bog‘chalarda davlat budjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘larini olish uchun davomatni sun’iy oshirib ko‘rsatish, «yaxshi maqsadda yaratib berilgan imkoniyatdan qing‘ir yo‘l bilan foydalanish» holatlari mavjud. Ta’lim va tarbiya jarayonlarida davlat o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari uchramoqda.
Bog‘chalarda turli tadbirlarni o‘tkazish, tarbiyalanuvchilarning tug‘ilgan kunini dabdaba bilan nishonlash, «ko‘ngilochar dastur» deb bolalarning yoshiga, psixologik holatiga mos bo‘lmagan sirk va boshqa yovvoyi hayvonlarni namoyish qilish bilan bog‘liq salbiy holatlar ham ko‘p kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarda ayrim tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik, tarbiyasizlik holatlari aks etgan videolavha va turli xabarlar tarqatilmoqda.
2024 yilda ayni shu masalada Vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan. Oqibatda, 32 rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etildi, 3 nafari javobgarlikka tortildi, 15 nafariga intizomiy chora ko‘rildi, 15 ta xususiy bog‘chaga berilgan litsenziya bekor qilindi.
Vazir bog‘cha rahbarlari e’tiborini ushbu salbiy holatlarga qaratar ekan, «bir haqiqatni yaxshi anglab olishimiz zarur: bolalarga har qanday shaklda kuch ishlatish, ularni turli usullarda jazolab tarbiyalash aslo mumkin emas. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodim birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishlari shart», deb o‘z qat’iy fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Bu siyosatni to‘g‘ri tushunmagan, bunga amal qilmagan har qanday xodim tizimdan butunlay chetlatiladi, har qanday tadbirkor bilan hamkorlikni to‘xtatishga majbur bo‘lamiz. Lisenziya talablariga hamda oilaviy bog‘chalarning bitimlariga bunday holatlar bo‘yicha qat’iy talablar kiritiladi. Biz har bir bola o‘zini bog‘chasida erkin, xavfsiz va quvnoq his qilishini, unga barcha sharoitlar yaratilishini xohlaymiz. Har bir bola uchun bog‘chalarda «xavfsiz va qulay muhit» bo‘lishini talab qilamiz», dedi Umarova.
Yig‘ilishda nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga doir keyingi vazifalar haqida ma’lumot berib o‘tildi. Unga ko‘ra, so‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 80 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi bilan qamrov 100 foizga yetkaziladi.
Qamrov darajasi past bo‘lgan davlat umumta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Nodavlat bog‘chalar tomonidan murojaatlarni vazirlikka doimiy yuboradigan (bog‘chalardagi mavjud o‘rinlar, pedagoglarga bo‘lgan ehtiyojni aniq ko‘rsatib beradigan) alohida tizim yaratiladi. Maxsus bot orqali muammoli vaziyatlar yechimiga doir nodavlat bog‘chalar tomonidan murojaat qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
Nodavlat bog‘chalar pedagoglari ham metodik mahorat kuni va soati tadbirlariga qamrab olinadi va kelgusi yildan majburiy malaka oshirish jarayonlariga jalb qilinadi. Bunda malaka oshirish o‘quv dasturiga pedagoglarni emotsional holatini tekshirish va boshqarish ko‘nikmalariga qaratilgan modul kiritiladi.
Tavsiya etamiz
Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovaluta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda
Jamiyat | 20:37 / 14.07.2025
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi
Sport | 11:12 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinadi
O‘zbekiston | 09:47
-
Rossiya Axios'ning Putinning Eron bo‘yicha pozitsiyasi haqidagi ma’lumotini rad etdi
Jahon | 09:45
-
Xorijiy fuqarolarni texnikumlarga o‘qishga qabul qilish jarayoni soddalashtiriladi
O‘zbekiston | 09:41
-
YeI AQShga qarshi javob bojlarini joriy etishni 1 avgustga qoldirdi
Jahon | 09:39
Mavzuga oid

17:13 / 14.07.2025
Hilola Umarova vazirlikdan ketdi. U endi PA rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi

13:39 / 14.07.2025
6 oyda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati yuzasidan 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

15:09 / 08.07.2025
Olti oyda bolalarga nisbatan 60 ta zo‘ravonlik holati aniqlandi

10:23 / 20.06.2025