2008 yil yozining so‘nggi kunlaridan biri. Endigina uyquga yotmoqchi bo‘lgan prokuratura tergovchisining qo‘l telefoni ketma-ket jiringladi. Kutilmagan bunday qo‘ng‘iroqlarga o‘rganib ketgan tergovchi erinibgina telefonning yashil tugmasini bosdi. Unga tumanning tog‘li hududi bo‘lgan Minjir qishlog‘ida yashovchi erkak o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berishdi. Qorong‘ida qir oralab yo‘lga chiqqan tergovchi oldinda uni qanday jumboq kutib turganini hali bilmasdi.
Soat 23:20. Tergovchi tog‘ oshib manzilga yetib bordi: oddiy qishloqning oddiy hovlisi. Kattagina xonaning to‘rida taxminan 60 yoshlarni qoralagan erkak yotqizib qo‘yilgan. Uning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va yoshgina kelini quyiroqda bosh egib, g‘amgin o‘tirishardi.
Pichoq marhumning qorin qismiga urilgandi. Ammo bir tomchi ham qon chiqmagan, pichoq sanchilgan joydan qorin bo‘shlig‘i tashqariga chiqib, qon yo‘li to‘silib qolgandi.
“Otam yashashni istamadi. Jonlaridan to‘yib ketgan ekan shu ichkilik dastidan. Qancha qildik shu zormandani tashlang deb, foydasi bo‘lmadi. Na iloj, o‘z jonlariga qasd qilibdi. Nima bo‘lsa-da tinchgina ma’rakalarini o‘tkazib olaylik endi”, — dedi tergovchining savolomuz nigohiga javoban marhumning o‘g‘li.
Marhumning ayoli ham, kelini ham deyarli bir xil ko‘rsatma berishdi: u pichoq bilan qorniga urib, o‘z joniga qasd qilgan.
Mahalla oqsoqoli ham shu yerda edi. Tergovchi uni chetga tortib, marhum va uning oilasidagi muhit haqida so‘radi.
“Alkash edi, ichmagan kuni yo‘q. Topgani shishadoshlari bilan ulfatchilikka ketardi. Xullas, o‘z hayotiga o‘zi achinmaydigan odam edi-da”, — dedi rais ham afsuslangan kabi bosh silkib.
Tezkor guruh tarkibida voqea joyiga yetib kelgan sud-tibbiy eksperti murdani ko‘zdan kechirar ekan, jarohatni marhum o‘ziga o‘zi yetkazgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi.
Ko‘p o‘tmay voqea joyiga tuman prokurori ham keldi. Ko‘z qiri bilan barchaga sinchkov qarab chiqqan prokuror “ishni davom etaveringlar”, dedi va qaytib ketdi.
Tergovchi o‘ylovda qoldi: nima qilish kerak, erkak o‘z joniga qasd qilgan, qolaversa mast holatida bo‘lgan. Qotillik alomatlari ko‘rinmaydi. Mana, yaqinlari ham tan olib o‘tirishibdi. Qolaversa, marhumning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i yoniga kelib, “Murdani olib ketmanglar, yaxshimi-yomonmi yashab o‘tdi, endi o‘ligi ham qiynalmasin”, deya jovdirab turardi.
“Ichkilikka berilgan bo‘lsa-da, ota baribir ota. Agar qotillik bo‘lganida yaqinlari olamni buzardi hozir”, degan o‘y o‘tdi tergovchi ko‘nglidan.
Atrofni yana bir bor ko‘zdan kechirgan tergovchi “Mayli, ortiqcha gap-so‘z bo‘lmasin qishloqda, ertaga janozasini o‘tkazib yuboraqolinglar”, deya murdani yormaslikka ruxsat berdi va ortga qaytdi.
Soat 01:45. Yana tog‘ oshib tuman markaziga – uyiga qaytayotgan tergovchining telefoni jiringladi. Qo‘ng‘iroq qilayotgan prokuror edi.
“Bu aniq qotillik, erinmasdan ko‘zdan kechiringlar. Ko‘rdingmi, xotinining ko‘zi ko‘kargan. Eri urgan bo‘lishi mumkin. Birortasi yig‘lab ham o‘tirgani yo‘q. Juda shubhali. Barchasini tergovga jalb qilish kerak”, — deb qoldi kutilmaganda prokuror.
Tergovchi zudlik bilan mashina rulini idorasi tomonga burdi.
Bir daqiqada ming bir xayol ko‘chasidan o‘tib ko‘rgan tergovchi tezkorlik bilan ishga kirishdi: marhumning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va kelini prokuraturaga olib kelindi. Murda esa ekspertizaga yuborildi.
Alohida xonada, har biri bilan yakkama-yakka so‘roq o‘tkazila boshlandi.
Bunday tezkor tergovni kutmagan marhumning yaqinlari shoshib qolgandi: o‘g‘ilning gapi onanikiga, onaning gapi esa kelinnikiga mos kelmasdi. Ona “men tashqarida edim”, desa kelin “biz qaynonam bilan oshxonada edik” derdi.
***
U esini tanibdiki, uylarida tinch o‘tgan kunning o‘zi yo‘q edi: kunduz kunlari vaqti onasiga qarashib o‘tar, kun bota boshlagach ichki bir qo‘rquv bilan otasining uyga qaytishini kutardi. Har kuni mast holatda eshikni tepib kiradigan otaning og‘zidan chiqadigan ilk gapi “He, onangni...” bo‘lardi.
Kunora janjal, otasi onasini ko‘z oldida yumalatib do‘pposlashi bolaligidayoq uning diydasini qotirib tashladi. Ammo bosiq va aqlli, atrofdagilarga hurmatli edi.
Bir kuni har galgiday ichib qaytgan ota yana eshik tepib kirdi va xona to‘riga yonboshladi. Erining odatini bilgan xotin dasturxon tuzatgan bo‘ldi, biroz sovib qolgan shavlani isitib, sopol tovoqqa suzib keltirdi. Ovqatni eri oldiga qo‘yib, ortga qaytgan ayol eshik oldiga kelganida ichki bir sezgi bilan ortga o‘girildi va havoda uchib kelayotgan bir tovoq shavlaga chap berolmay qoldi: qaynoq ovqat tovog‘i bilan yuziga tegdi. Zarbadan yerga qulagan ayolning yuzi qonga belangan, er esa xona to‘rida “He, onangni... Shuyam ovqatmi”, deya so‘kinib o‘tirardi.
U o‘shanda ichki xona eshigidan poylab turgandi. Ammo u chorasiz – yomon ko‘rayotgani o‘z otasi edi.
Shu zaylda yillar o‘taverdi. Ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi, ammo ota o‘zgarmadi: hamon uyga ichib kelar va janjal chiqarar, garchi kelinlik bo‘lgan bo‘lsa-da, xotinini ushlab olib, sudrab do‘pposlardi. U esa har safar onasini himoya qilsa ham otasiga biror marta qo‘l ko‘tarmadi.
Ammo o‘sha kungi voqea barchasidan oshib tushdi...
***
Voqea sodir bo‘lgan kun, soat 20:25. Odatiy kunlarning biri. Har kungi ishini yakunlab, tashqarida, toza havoda o‘tirgan o‘g‘il baqir-chaqirni eshitib qoldi. Asta o‘rnidan turib, deraza oldiga keldi. Avvaliga xonada mast otaning baqirib so‘kkani va onasining chinqirib yuborgani, keyin esa deraza oynasining chirsillab singani eshitildi. Bir lahzaga ko‘zini yumib ochgan o‘g‘il oldida zarbadan ko‘zi ko‘kargan onasining yuztuban yotganini ko‘rdi. Bildiki, otasi onasini derazadan uloqtirib yubordi.
Uning sabri tugagandi, ortiq chidab bo‘lmaydi, degan fikr chaqmoqdek miyasiga urildi: nariroqdagi stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘liga olib, onasi uchib chiqqan derazadan xonaga otilib kirdi. Otasi bilan nigohlari to‘qnashdi.
O‘g‘lidan bunday jasoratni kutmagan ota uning qarshisida musht tugganicha qaltirab turardi. O‘g‘il hech narsa demadi, oniy bir harakat bilan o‘zi ham sezmagan holda pichoqni otasining qorniga yengilgina sanchdi.
Bo‘ldi. Tamom. Nima bo‘lganini tushunmay qolgan ota bir dam oyoqda turdi-da, gursillab yiqildi.
Bo‘lar ish bo‘lgan, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Bu ishga negadir ona ham dodlamadi. Aksincha, endi gapni bir joyga qo‘yib olish kerakligi aytildi. Sababi, ota o‘lgan, o‘g‘il qamalib ketsa, xonadon erkaksiz qoladi. Shu sababli, hammasi kelishib, so‘raganlarga ota o‘z joniga qasd qilgani aytiladigan bo‘ldi.
***
Shaxmat uslubidagi so‘roqlar foyda bergandi. O‘g‘il otasini o‘ldirib qo‘yganini tan oldi. Uning qamalishini-ku, yaqinlari istamas, ammo u jinoyat qilgan, o‘z otasini o‘ldirgandi. Demak, qonuniy jazo olishi kerak.
Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, o‘g‘il hibsga olindi. Tergov ishlari ham yakunlanib, ish sudga oshirildi.
Uning qamalishi aniq edi. Chunki, fakt va dalillar yetarli, sud ekspertizasi ham holatga oydinlik kiritib bergandi. Shu sababli, tergov unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi birinchi qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish bilan ish qo‘zg‘adi. Ushbu modda bilan ayblanganlar o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
***
Voqeani eshitgan va marhum otani yaqindan tanigan odam borki, o‘g‘ilning qamalishini istamasdi. Minjirliklar orasida bu voqea muhokamalarga sabab bo‘la boshladi: bir kishi o‘g‘ilni nohaq desa o‘n kishi unga yopishadigan bo‘ldi. Butun qishloq odamlarining ko‘nglini topa bilgan odobli o‘g‘il esa qamoqda ozodlikdan mahrum etiladigan kunini kutib yotardi.
***
Ish sudda ko‘rilar ekan, advokat sudlanuvchining qotillik yuz bergan lahzadagi ruhiy holatini psixotrik ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. O‘tkazilgan ekspertiza esa u o‘sha vaqtda o‘z harakatini kuchli ruhiy hayajonlanish holatida sodir etgan, degan xulosa berdi.
Ishning barcha tomonini o‘rganib chiqqan sud qilmishni qayta malakalashga qaror qildi. Ayblov Jinoyat kodeksining 97-moddasidan 98-moddasiga o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Ya’ni, o‘g‘il jabrlanuvchi tomonidan qilingan g‘ayriqonuniy zo‘rlik yoki og‘ir haqorat, shuningdek uning boshqa g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli to‘satdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirgan deb topildi.
Kodeksda ushbu modda bilan ayblanganlarga nari borsa besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi belgilangandi. Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida tasniflanuvchi ushbu modda, buni qarangki amnistiyaga ham tushardi.
Yigitning baxtiga u otasini o‘ldirganidan ko‘p o‘tmay amnistiya akti e’lon qilingandi. Shu sababli sud qotilga nisbatan amnistiya aktini qo‘lladi va uni jazodan ozod qildi.
***
Shu tariqa, o‘z otasini o‘ldirgan o‘g‘il jazodan qutulib qolgandi.
Ruslan Saburov tayyorladi.