Farg‘ona viloyatida 4 ming dona «Tramadol» giyohvandlik vositasi va salkam 10 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs qirg‘izistonlik tanishlari bilan 4000 dona «Tramadol» giyohvandlik vositasi hamda 5306 dona «Regapen» va 232 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotib olishga va buning uchun ularga oldindan 1200 dollar yuborib, qolgan pullarni dori vositalarini sotib bo‘lganidan keyin berishga kelishgan.
Qirg‘izistonlik fuqarolar esa uning buyurtmasini aylanma yo‘llar orqali O‘zbekiston hududiga o‘tkazib bergani aytilmoqda.
Ushbu fuqaro Rishton tumaniga borib, 2800 dona «Tramadol» giyohvandlik vositasini hamda 560 dona «Regapen» va 10 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi, 1989 va 1990 yillarda tug‘ilgan 2 xaridorga 13 mln so‘m hamda 100 dollarga sotib, Qo‘qon — Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida ushlangan. Undan 600 dona «Tramadol», 50 dona «Tropikamid», 13 mln so‘m hamda 100 dollar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, undan giyohvandlik vositalarini sotib olgan qo‘qonlik 2 xaridor ham ushlanib, ulardan ham ashyoviy dalillar tegishli tartibda olib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, narkosavdogarning ko‘rsatmasi asosida uning yashash xonadonidan tovarning qolgan qismi, ya’ni 600 dona «Tramadol» giyohvandlik vositasi hamda 4746 dona «Regapen», 172 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy bahosi 1,5 mlrd so‘mni tashkil etuvchi giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.