Toshkentning yangi muammosi: 1 yilda qumga aylangan beton yo‘laklar

O‘zbekiston 16:46 / 28.03.2023 33988

Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasidagi piyodalar yo‘lagi qilinganiga hali to‘liq 3 yil bo‘lmasdan, allaqachon uvalanib, yaroqsiz holga kelib qolgan. Piyodalar va velosiped yurishi uchun tashkil qilingan 1 kmdan ortiq masofadagi yo‘ldan yursangiz, oyoq kiyimingiz tuproqqa burkanadi. Velosipedlar yursa, shu qisqa masofada ham g‘ildiragiga zarar yetishi hech gapmas.

Bu Toshkentdagi yagona shunday holat emas. Sirg‘ali tumani 6-daha, Yangi Bunyodobod mahallasi va unga yondosh Bunyodobod mahallasida ham 2 oydan oshibdiki, aholi ko‘chalarida uvalanib ketgan sementdan chiqayotgan changni yutib yashamoqda.

Yechimga kelinganda, kuniga 1 mahal suv sepib qo‘yish va sement-shag‘al aralashmalarini supurib, ko‘cha chetiga to‘plab qo‘yish bilan kifoyalanilyapti.

Mazkur mahalla ko‘p emas, 6 yil oldin yangidan bunyod etilgan. Bu yilgi qahratondan so‘ng yo‘llar sovuqqa dosh berolmay, shu ahvolga kelgan.

Hurmatli mas’ullar, iltimos sizlardan, mahallamiz ekologiyasiga befarq bo‘lmang. Bu ikki mahallada 12 mingdan ortiq aholi yashaydi. Chang kiradi deb derazalarimizni havo almashtirish uchun ocholmayapmiz. Kuniga 2 mahal suv sepib ketilyapti, lekin bu suv darrov qurib qolib, hammamiz chang-to‘zondan aziyat chekyapmiz. Bu chang ham emas. Uvalangan sementdan chiqayotgan g‘ubor. Bu sog‘ligimiz uchun zararli.

Bundan tashqari mashina bozori sabab mahallamizni begona avtomobillar avtoturargoh qilib olishgan. Ulovlariga sexol, “tonirovka” qilib, chiqindilarini shundoq ko‘chalarga tashlab ketishadi. Toshkentda hech bir mahalla bunday betartib bo‘lib trassada qolib ketgan bo‘lmasa kerak. Mashinalar uylarimiz oralab juda ko‘p o‘tadi. Shu sababli ham tinimsiz chang ko‘tariladi. Bizga tezkor yechim kerak”, deydi Bunyodobod mahallasida yashovchi Shohida Shukurova.

Xuddi shunday muammo yuzasidan poytaxtning Kichik halqa yo‘li bo‘yidagi Guruchariq va yangi tashkil etilgan Chinniobod mahallasi aholisi ham murojaat qilgan. Ular ham qahraton tugagandan beri chang-to‘zondan aziyat chekishmoqda.

Mamlakat yo‘llaridagi yoriqlar, chuqurlar, o‘nqir-cho‘nqirlar, kameragacha yo‘l chiziqlarining to‘liq chizilmasligi-yu, kamera fokus masofasidan boshlab binoyidek chizib qo‘yilgani, mana endi Toshkentning changkentga aylanib qolganiga ham guvoh bo‘lyapmiz.

Bu haqda ko‘plab chiqishlar qilinsa-da, yo‘llarga mas’ul bo‘lgan na avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, na Toshkent shahar hokimligi va na boshqa mas’ul idoralar ahvolni yaxshilash tugul, aqalli rasmiy izoh berishga ham hafsala qilmay qo‘ygan. Muammo olib chiqiladi, 1-2 kun jim kutiladi va unutiladi. Yo‘llar esa bizni sinayotgandek – yangi va yangi kamchiliklar yuzaga chiqaveradi.

Tuproqqa qorilgan bu kabi yo‘llarni Toshkent shahrining istalgan hududida uchratish mumkin. Achinarlisi esa, bu yo‘llarning barchasi qurilganiga ko‘p bo‘lmagan yangi yo‘llar. Sifatsiz tashkil qilingan ishlar ortidan ham ekologiya, ham aholi jabr ko‘ryapti.

Bu orqaga tashlab qo‘yiladigan yoki shunchaki ko‘z yumib yuboriladigan holat emas. Barcha hududlarda tuproq, sement bo‘ronidan zarar ko‘rayotgan yurtdoshlarimizning bu e’tirozlari inobatga olinib, mas’ullardan tez orada holatga ijobiy yechim topishlarini so‘raymiz.

Sardorbek Usmoniy 

Ko‘proq yangiliklar: