Zilzila g‘ulg‘ulasi, Toshkentga yangi hokim, “O‘zavto”ga eski rais - hafta dayjesti

O‘zbekiston 10:02 / 26.03.2023 31154

Hafta ancha xavotirli o‘tgani bilan ajralib turdi. Ko‘pchilik ketma-ket ikki kecha ro‘y bergan kuchli zilzilalar sabab bir necha kun xotirjam uxlay olmadi. Orada bir sutka farq bilan ikki marta 5 balli zilzila ro‘y berishi – O‘zbekiston uchun noyob holat.

Har ikki safar ham Toshkentda ko‘p qavatli uyda yashovchilarning bir qismi shoshilinch tashqariga chiqdi. Tabiiyki, qo‘rquv va xavotirning kuchli bo‘lishida o‘tgan oy Turkiya va Suriyada ro‘y bergan vayronkor yer silkinishlarining o‘rni bor.

Baxtimizga, respublika hududida zilziladan jabrlanganlar haqida xabarlar bo‘lmadi. Lekin talafotlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. 21 martdagi birinchi yer silkinishidan keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston hududida hech qanaqa ko‘ngilsiz hodisa kuzatilmagani, bino-inshootlarga zarar yetmaganini ma’lum qildi. Lekin ikkinchi zilziladan keyin bunaqa bayonot bo‘lmadi.

Ikkinchi kuchli silkinish 23 martga o‘tar kechasi kuzatildi. Xuddi shu kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida yangi qurilayotgan temiryo‘l ko‘prigining bir qismi qulab tushdi. Tuman hokimligining xabarida hodisa sabablari hozircha noma’lum ekani, buni o‘rganish uchun Toshkentdan mutaxassislar chaqirilgani aytildi. Ma’lumot uchun, ko‘prikning buyurtmachisi ham, quruvchisi ham – “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi.

Shu kuni zilzila Toshkentda ham kichik talafot keltirgani haqida internetda tarqalgan xabar rad etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Yashnobod tumanidagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uyning fasadi ko‘chib tushishiga yer silkinishining aloqasi yo‘q. Fasadning o‘pirilishi ancha avvalroq ro‘y bergan, bu borada uyni qurgan kompaniya va qurilish materialini sotgan firma o‘rtasida sud ham bo‘lib o‘tgan. Muammo faqat dekorativ xarakterda ekani, binoning mustahkamligiga ta’siri yo‘qligi aytildi.

Yer silkinishlari kuchi yaxshiroq sezilgan qo‘shni mamlakatlarda esa aniq talafotlar kuzatildi. 21 martdagi zilzilaning episentri bo‘lgan Afg‘onistonda va unga tutash Pokistonda o‘ndan ortiq kishi halok bo‘lgani, o‘nlab uylarga zarar yetgani ma’lum. Keyingi zilzila markazi bo‘lgan Tojikistonda esa uch kishi jabrlangan, 60 dan ortiq chorva mollari nobud bo‘lgan.

Shanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida soha vakillarining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 6 balldan 8 ballgacha bo‘lgan kuchli zilzilalar oxirgi 10 yilda 6 marta sodir bo‘lgan. Bular natijasida 16 kishi halok bo‘lgan, 54 kishi jabrlangan. Iqtisodiy zarar esa 84 mlrd so‘mni tashkil etgan. Rasmiylar keyingi kunlarda kuchli zilzila kutilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu raddiya bitta asos ustiga qurilgan: zilzilalarni bir necha kun oldindan bashorat qilish imkonsiz. Shunga ko‘ra, bunday mish-mishlarga asossiz vahima tarqatish deb qaraladi.

Haqiqatan ham, ilm-fan haligacha yer silkinishlarini yetarlicha oldindan bashorat qilishning uddasidan chiqa olmayapti. Nisbatan aniqroq ma’lumotni faqatgina soniyalar qolgandagina bilish mumkin. O‘zbekistonliklar shu hafta zamonaviy texnologiyalarning bu yutug‘idan birinchi marta foydalandi. Gap shundaki, O‘zbekistonda Android operatsion tizimida ishlovchi smartfonlarning egalari ilk marta zilzila haqida ogohlantirish oldi. Ogohlantirish har ikkala safar yer silkinishlari sezilishidan taxminan bir daqiqa oldin, ayrimlarga esa bir necha soniya qolganda yetib bordi.

Google bu foydali tizimni 2020 yilda ishga tushirgan. 2021 yilda bu tizim amal qiladigan davlatlar soni 90 tadan oshib, ular orasiga O‘zbekiston ham qo‘shilgan. Bunday imkoniyat iPhone egalarida yo‘q: ular bunday ogohlantirish olish uchun qo‘shimcha dastur o‘rnatishi kerak, lekin bu dasturlarning hammasi ham Android'dagi ichki sozlamachalik yaxshi ishlamasligi mumkin.

Toshkentga yangi hokim, “O‘zavtosanoat”ga eski rais

Siyosiy sahnada haftaning asosiy voqeasi tayinlovlar bilan bog‘liq bo‘ldi. “O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umrzoqov Toshkent shahri hokimi lavozimiga o‘tkazildi. O‘zbekiston avtomobil sanoatiga 5 yildan beri rahbarlik qilib kelgan, undan avval Bosh prokuraturada Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limini boshqargan Umrzoqovning Toshkent shahriga hokim bo‘lishini jamoatchilik xursandchilik bilan qarshi oldi deb bo‘lmaydi. Chunki uning boshqaruvi davrida ham avtomobilga uzundan uzun navbatlar saqlanib qoldi, budjet sedanlar butkul sotuvdan olib tashlandi. Hatto bor modellar ham uch oydan beri sotilayotgani yo‘q.

Umrzoqovning o‘rniga “O‘zavtosanoat”ning avvalgi rahbari Ulug‘bek Ro‘ziqulov lavozimiga qaytarilgani esa aniq salbiy qabul qilindi. Ro‘ziqulov mashinaning tezroq chiqishi uchun emas, hatto shartnoma olish uchun ham “shapka” berish kerak bo‘lgan yillarda – 2015 yildan 2017 yilgacha “O‘zavtosanoat”ni boshqargan. Keyin esa “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga rahbarlik qilgan. U 2018 yil boshida, 52 o‘zbekistonlik avtobusda yonib ketgan Aqto‘be fojiasidan keyin tanqidlar bilan milliy aviakompaniyadan ketkazilgan edi. Shundan beri Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchisi lavozimida ishlayotgandi.

Shu hafta amaldorlarga oid yana bir kambek haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Eng korrupsiyaga botgan davlat organlaridan biri – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Afzal Ermatov 2022 yil 1 noyabrida “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasidan xalos bo‘lib, agentlikning to‘laqonli rahbariga aylangan. E’tiborlisi, u 2010 yildan 2013 yilgacha ham shu lavozimda ishlagan edi. Lekin uning lavozimga to‘laqonli va rasman qaytgani haqida hech qayerda ma’lumot berilmagan.

Shunisi e’tiborliki, 2022 yil 8 noyabrda kuchga kirgan davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunga asosan, korrupsion jinoyati uchun sudlangan shaxslar davlat xizmatiga ishga qabul qilinishi mumkin emas. Afzal Ermatov esa 2018 yilda firibgarlik va juda ko‘p miqdorda pora berish moddalari bilan ayblanib, jarimaga tortilgan. Manbalarimiz bergan xabarga ko‘ra, u yana jinoyat ishi figuranti sifatida qamoqqa olingan. Agentlik direktori shu yil yanvarda so‘roqqa chaqirilgan va o‘shandan beri ishga chiqmayapti.

Bu jinoyat ishi Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, xuddi shu jarayondagi korrupsiya sabab 2019 yilda Migratsiya agentligining sobiq direktori va boshqa mansabdorlari uzoq muddatlarga qamalgan edi.

Yakunlanayotgan hafta davomida yana ikki mansabdorga nisbatan sud hukmlari e’lon qilindi. 2016-2019 yillarda Qarshi shahri hokimi bo‘lgan Jamshid Fozilov mansab vakolatini suiiste’mol qilish va noqonuniy yer ajratish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shunga o‘xshash moddalar bilan sudlangan Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonov esa qamalmaydigan bo‘ldi: unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mansur Alixonovga berilgan jazo va avvalroq Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov aytgan holatlar o‘rtasida nomuvofiqlik bordek ko‘rinadi. Umrzoqov o‘tgan yili sentabrdagi yig‘ilishlardan birida aytgan gaplarga ko‘ra, Alixonov hokimlik qilayotgan tumanda yer ajratish masalasida 56 ta qaror bilan 2 390 gektar yer noqonuniy ajratilgan, yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 1,5 yil ichida 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. “Chiqib keting zaldan, bu zalda o‘tirishga haqqingiz yo‘q”, – degandi o‘shanda administratsiya rahbari.

Tashqi siyosat

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Jinping Markaziy Osiyoga tashqaridan aralashuvlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytib bayonot berdi. G‘arbga qaratilgan bu bayonotda Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyoga go‘yoki “rangli inqiloblar”ning import qilinishiga qarshi turishi ta’kidlangan. Si Jinpingning Moskvaga tashrifi vaqtida e’lon qilingan qo‘shma deklaratsiyada, Xitoy va Rossiya rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlarining suverenitetini qo‘llab-quvvatlashi ham ta’kidlangan.

Hafta davomida, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z saylida mamlakatimizdagi milliy-madaniy markazlarning ko‘rgazmalariga tashrif buyurgani ham xalqaro munosabatlarni kuzatib boruvchilar e’tiborini tortdi. Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston bog‘ida tashkil etilgan bayram tadbiri doirasida qozoq, qirg‘iz, turk, ozar, tatar, nemis, ukrain, rus va boshqa millatlar vakillarining bayram ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Rus madaniy markazi vakillari Shavkat Mirziyoyevni o‘zbek va rus xalqlarining do‘stligi haqidagi qo‘shiq bilan qarshi oldi.

“Eng asosiysi – biz tinchlik va xotirjamlikda yashayapmiz. Bu – eng asosiy yutug‘imiz. Qo‘shiqda to‘g‘ri aytilgan: Rus va O‘zbekiston – doim birga bo‘lgan va bo‘ladi. Eng qiyin kunlarda biz birga bo‘lganmiz va bunday keyin ham birga bo‘lamiz”,dedi prezident.

Navro‘z kunlari O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ham yaxshi qo‘shnichiligi e’tirof etildi. 22 mart kuni O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga bordi. Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro savdo, transafg‘on temiryo‘lini qurish, Surxondaryodan Afg‘onistonga yangi elektr tarmog‘ini tortish va xotin-qizlar huquqlari, xususan qizlarning ta’lim olishi masalalarini ko‘rib chiqqan.

Afg‘oniston tomoni bergan rasmiy axborotda esa, muzokaralarda Qo‘shtepa kanali ham asosiy mavzulardan biri bo‘lgani aytiladi. Unda aytilishicha, Afg‘oniston kanal qurish loyihasini O‘zbekiston bilan “o‘zaro anglashuv asosida” amalga oshirishga tayyor. Eslatib o‘tamiz, eni 100 metr, loyihaviy uzunligi 285 km bo‘lgan Qo‘shtepa kanali qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining uchdan bir qismi Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida suv taqchilligini kuchaytiradi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 20-o‘rinni egalladi. Shveytsariyaning IQAir servisi reytingida O‘zbekistonning o‘rni Toshkent shahridagi kuzatuv stansiyasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan. Qo‘shnilarimizga taqqoslaganda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondagi havo sifati O‘zbekistonnikidan yaxshiroq ekani ko‘rsatilgan.

Qashqadaryoning Kitob tumanida tug‘uruq bo‘limi xodimi bemorning yaqini bilan ochiqchasiga savdolashdi. “150 ming so‘m beryapsiz, buni 9 kishiga berishim kerak, 15 ming so‘mdan ham tushmaydi. Doktorlarga 10 ming so‘m berasizmi? Xalq qatori beravering, kimdir 450 ming, kimdir 500 ming beryapti. 100 mingdan do‘xtirlarga beryapman, qolgan qizlarga 20 mingdan beraman”, – degan tug‘uruqxona xodimi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat bo‘yicha ikki shifokor ishdan bo‘shatilib, hujjatlar huquq organiga topshirilganini ma’lum qildi.

Jarimalarni o‘z vaqtida to‘laganlarga beriladigan chegirma 50 foizgacha oshirildi. 1 maydan boshlab, huquqbuzarlik uchun tuzilgan jarimalar 15 kun ichida to‘lansa, 50 foiz, 30 kun ichida to‘lansa, 30 foiz chegirma amal qiladi. Bu chegirmalar sud qarorlariga asosan qo‘llanadigan jarimalarga ham taalluqli bo‘ladi. Shuningdek, aholi punktidan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarliklarni aniqlash uchun drondan foydalanish boshlanishi mumkin.

Oilaviy zo‘ravonlik nihoyat Jinoyat kodeksiga kiritilishi kutilyapti. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunga ko‘ra, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilmoqda. Qonun, ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishi ko‘zda tutilgan.

Bu yilgi zakot nisobi 35 mln 700 ming so‘m belgilandi. Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 35,7 million so‘m va undan ortiq mablag‘ga yoki shu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega kishi jami mablag‘ining qirqdan biri miqdorida zakot berishi joiz. Fidya va fitr sadaqa miqdori Toshkent shahri uchun 12 ming so‘mdan 180 ming so‘mgacha deya e’lon qilindi.

Oylar sultoni mohi Ramazon barchamizga muborak bo‘lsin!

Ko‘proq yangiliklar: