AQSh Haaga sudiga ishga kirishga uringan rossiyalikni josuslikda aybladi

Jahon 10:12 / 25.03.2023 5729

AQSh rasmiylari Rossiya fuqarosi Sergey Cherkasovni Rossiya razvedkasida ishlaganlikda, shuningdek, viza, bank va elektron firibgarlikda aybladi. Bu haqda 24 mart, juma kuni AQSh Adliya vazirligi ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, rossiyalik hozirda Braziliyadagi qamoqda.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Cherkasov 2012 yilda Braziliyada Rossiya agenti sifatida ish boshlagan. 2018 yilda braziliyalik Viktor Myuller Ferreyra nomi bilan Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan va u yerda Kolumbiya okrugidagi universitetlardan biriga o‘qishga kirgan. Tergovchilarning fikricha, rossiyalik tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlari vizasini olish va Viktor Myuller Ferreyra nomi bilan bank hisoblarini ochish firibgarlik holatidir.

Qo‘shma Shtatlarda u kerakli odamlar bilan aloqalar o‘rnatgan va Amerika fuqarolari haqidagi ma’lumotlarni Rossiya razvedkasiga uzatgan. O‘qishni tamomlagandan so‘ng, 2020 yil bahorida Cherkasov Qo‘shma Shtatlarni tark etgan, ammo davlatning tashqi siyosati haqida ma’lumot olish uchun mavjud aloqalarni davom ettirgan, deya ta’kidladi Adliya vazirligi.

2022 yil iyun oyida Niderlandiya rasmiylari Rossiya harbiy razvedkasi o‘z josusini Xalqaro jinoiy sudga ishga kiritishga uringani haqida gapirib, uning nomi Sergey Cherkasov ekanini bildirgan edi. Xabar qilinishicha, 36 yoshli Cherkasov XJSda amaliyot o‘tagan, biroq Niderlandiyaning AIVD razvedka xizmati tomonidan fosh qilingan va Amsterdamga yetib kelganida hibsga olingan. Erkak Braziliyaga jo‘natilgan va u yerda firibgarlikda ayblanib hibsga olingan.

RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi (sobiq «GRU») xodimi tomonidan tahdid «potensial juda yuqori edi», u «yaxshi ishlab chiqilgan himoyadan foydalangan, Rossiya va ayniqsa, harbiy razvedka bilan har qanday aloqalarni yashirgan», deya 2022 yil yozida qayd etib o‘tgan Niderlandiya razvedka xizmati.

AIVD ma’lumotlariga ko‘ra, fosh etilgan rossiyalik josus 24 fevraldagi bosqindan keyin Rossiya tomonidan Ukrainada sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan XJSga katta zarar yetkazishi mumkin edi.

Ko‘proq yangiliklar: