Putin ilk bor Donbassda. U Rossiya vayron qilgan Mariupolda bo‘ldi

Jahon 18:10 / 19.03.2023 42859

RF prezidenti Vladimir Putin Qrimdan keyin Donbassga ham tashrif buyurdi. TASS agentligi qayd etishicha, uning ushbu regionga ilk safari bo‘lmoqda. Bu shuningdek uning 2022 yil kuzida Ukrainaning Rossiya tomonidan annexia qilingan hududlariga qilgan ilk tashrifidir. Avvalroq Kremlda Putin Donbassga «vaqti kelganda» borishi haqida aytishgandi.

Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, Putin Mariupol shahriga ishchi tashrifini amalga oshirgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Putin shaharga 18 mart kuni kechqurun, 19 martga o‘tar kechasi tashrif buyurgan. «Verstki» jurnalistlari Putin chindan ham Mariupolda bo‘lganini tasdiqladi.

Kremldan aytishlaricha, prezident Mariupolga vertolyotda uchib borgan, keyin esa avtomobilga o‘tirib, shaharning bir qancha rayonlarini aylangan. Xususan, u drama teatri oldidagi xiyobonni va boshqa «diqqatga sazovor joylar»ni, shuningdek «tiklangan filarmoniya» va universitet binolarini ko‘zdan kechirgan.

Mariupolga tashrifdan keyin Putin Rostovdagi qo‘mondonlik punktida yig‘ilish o‘tkazgan, bu yerda RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan uchrashgan.

Putinga bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin hamrohlik qilib, shahardagi qurilish va tiklash ishlari borishi to‘g‘risida hisobot bergan. Rossiya davlat nashrlari safar videolarini e’lon qilishdi.

Marat Xusnullin va Vladimir Putin. Rossiya nashrlari videosidan skrinshot. AP / Scanpix / LETA

Xusnullin boshqa narsalar qatori Putinga Ukraina qo‘shini chekinish chog‘ida go‘yoki turar joylarni o‘qqa tutgani haqida gapirgan. «Ular qilgan ishlar yaqqol ko‘rinib turibdi. Biz yurish qilgan joylarda snaryad zarbalari umuman bo‘lmagan. Ular tomondan tanklar bilan aniq zarbalar berilgan, chekinaturib — uylarni o‘qqa tutishgan. Zarba berishgan va vayron qilishgan», — degan vitse-premer. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari go‘yoki shahar shifoxonalaridagi jasadlar va jihozlarni ham minalagan. «Bundaylarni natsik deyishadi. Normal odamlar bunday qilishmaydi», — deya qayd etgan Putin.

Tashrif davomida Putin vayron bo‘lgan uylari o‘rniga yangi uy olgan mahalliy aholi vakillari bilan uchrashgan. RIA Novosti rossiyaliklar prezidenti «Nevskiy» mikrorayoni aholisi bilan uchrashgani aks etgan videoni tarqatdi. Uchrashuvda qatnashgan ayollardan biri Putinni «kutgani» va u uchun «duo qilishi»ni aytgan. Prezidentning unga Nevskiyda yashash yoqadimi deya bergan savoliga javoban shunday degan: «Juda ham. Bu biz uchun jannatning bir bo‘lagi».

Vladimir Putin «Nevskiy» mikrorayoniga tashrif vaqtida. Rossiya nashrlari videosidan skrinshot
AP / Scanpix / LETA

«Verstka» uchrashuvda ishtirok etganlardan birining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini aniqladi va u chindan ham Mariupolda yashashini tasdiqladi.

«Mojyem ob’yasnit» telegram-kanali Mariupolda yashovchilarning Putin tashrifi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postlariga e’tibor qaratdi. Jurnalistlar qayd etishicha, Putin olib kelingan «Nevskiy» — «amalda to‘liq vayron bo‘lgan shaharda qaytadan qurilgan yagona mikrorayon hisoblanadi». Telegram-kanal Mariupolning boshqa rayonlarida yashovchilarning chatidan quyidagi iqtiboslarni keltirgan:

«Afsus, u bizning chap sohilda, maydondagi uyimizga kelmadi! Derazalarsiz, eshiklarsiz, ichimlik suvi va issiqliksiz uyimizga. Kelganida mahalliy aholi bilan gaplashgan bo‘lardi».

«Uni nega u yerga, uylar butun qolgan va yangi uylar qurilgan joyga olib borishdi. Hech kim unga vayron bo‘lgan uylarning poydevori ostidagi bo‘sh chuqurlarni ko‘rsatmaydi».

«Biz ***** bu yerda hech kimga kerak emasmiz. Barchasi televizordagi kartinka uchun, Rossiyadagi odamlar ko‘rishi uchun qilinmoqda».

Putinning Mariupolga tashrifi Kreml pulidagi jurnalistlar va amaldorlar uchun ham kutilmagan hol bo‘lgan, deya yozadi «Verstka». Xuddi uning annexia qilingan Qrimga 18 mart kuni amalga oshirgan tashrifi kabi. Nashr tashrifning foto va videolarida RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu, shuningdek «DXR» rahbari Denis Pushilin yo‘qligiga e’tibor qaratgan. «Verstka» buni Putinning Donbassga tashrifi oldindan rejalashtirilmaganini ko‘rsatuvchi dalil deb hisoblagan.

Keyinroq Kreml vakili Mariupolga safar va Rostovdagi qo‘mondonlik punktida o‘tkazilgan yig‘ilish oldindan reja qilinmagani haqida xabar berdi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Putin Mariupolni amalda kortejsiz aylangan.

Rossiya Mariupolni 2022 yil bahorida, ikki yarim oy davom etgan qamal natijasida egallagandi. «Azovstal» zavodida mudofaalangan ukrain harbiylarining so‘nggi guruhi may oyiga kelib taslim bo‘lganidan keyin shahar uzil-kesil RF qo‘shinlari nazoratiga o‘tgandi. Mariupolning qonuniy hukumatiga ko‘ra, Rossiya okkupatsiyasi vaqtida shahardagi uylarning yarmi va infratuzilmalarning 90 foizi vayron bo‘lgan.

Fevral oyidan buyon Ukrainadagi manbalar front chizig‘idan 80 kilometr ichkaridagi Mariupolda portlashlar bo‘layotgani haqida xabarlar bera boshladi. Ukraina tomoni ham shaharga Ukraina qurolli kuchlari raketalari yetib borganini xabar qilgan. Mariupolning RF tomonidan tayinlangan hukumati havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgani haqida xabar qilgan, ammo vayrongarchiliklar bo‘lganini rad etgan. Ukraina qurolli kuchlaridan ma’lum qilishlaricha, Mariupol endi ukrain harbiylari «mutlaqo yetib bora olmaydigan» yo‘nalish emas.

Ko‘proq yangiliklar: