Pxenyan bir kunda taxminan 800 ming kishilik armiya to‘plaganini ma’lum qildi. Ular go‘yo AQShga qarshi kurashishga tayyor.
«Yoshlarning armiyaga borishga bo‘lgan ishtiyoqi ortib borayotgani yosh avlodning bebaho sotsialistik mamlakatimizni yo‘q qilish uchun so‘nggi sa’y-harakatlarini amalga oshirayotgan urush manyaklarini ayovsiz yo‘q qilishga bo‘lgan bukilmas irodasining namoyonidir», deb iqtibos keltirmoqda Reuters.
Pxenyanning bu haqdagi bayonoti 16 mart kuni AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlariga javoban «Xvason-17» qit’alararo ballistik raketasini uchirgach yangradi.
Shimoliy Koreya 16 mart kuni Koreya yarim oroli va Yaponiya o‘rtasidagi dengizga qit’alararo ballistik raketani uchirdi. Bu Janubiy Koreya prezidenti yadro quroliga ega Shimoliy Koreyaga qarshi kurashish yo‘llarini muhokama qilish uchun Tokioga uchib ketishidan bir necha soat oldin yuz berdi.
Shimoliy Koreya ballistik raketalari BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari bilan taqiqlangan va uchirilishi Seul, Vashington va Tokio hukumatlari tomonidan qoralangan.
Janubiy Koreya va AQSh qurolli kuchlari 13 martda 11 kunlik qo‘shma «Ozodlik qalqoni 2023» harbiy mashqlarini boshladi. O‘z navbatida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In AQSh va Janubiy Koreyani harbiy mashg‘ulotlar tufayli keskinlikni kuchaytirayotganlikda aybladi.
Pxenyan «Ozodlik qalqoni» harbiy mashg‘ulotlarini bosqinchilik uchun repetitsiya deb atadi. 11 mart kuni Kim Chen In harbiylarga kerak bo‘lsa, «haqiqiy urush»ning oldini olish va unga javob qaytarish uchun mashqlarni kuchaytirishni buyurgani ma’lum bo‘ldi.