“Majburiy mehnatdan foyda emas, zarar ko‘rdik” – deputat

O‘zbekiston 12:07 / 17.03.2023 7719

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda dunyo bo‘ylab 28 millionga yaqin odam majburiy mehnatning qurboniga aylangan. Shundan 17,3 million nafari xususiy iqtisodiy sektorda majburiy mehnatga jalb qilingan. 11 millioni ayollar bo‘lsa, qariyb 4 millionini bolalar tashkil etadi. 

Garchi Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyasi 1930 yilda, Konvensiyaning qo‘shimcha bayonnomasi 2014 yilda tasdiqlangan bo‘lsa ham, majburiy mehnatni yo‘qotish hamon xalqaro xamjamiyat oldida turgan eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda ham yaqin yillargacha o‘qituvchi va pedagoglar, o‘quvchi va talabalarning majburiy mehnatga, ayniqsa paxta yetishtirishga jalb etilishi oddiy hol edi. Aynan shuning uchun uzoq yillar davomida o‘zbekning oppoq paxtasi jahon hamjamiyati oldida O‘zbekiston uchun qora dog‘ bo‘lib keldi. Vaziyat shu darajaga yetib borgandiki, mamlakatdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari O‘zbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani sababli o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilish bo‘yicha petitsiyaga imzo chekishgandi.

Ushbu petitsiya BMTning inson huquqlari kengashi, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, AQSh davlat departamenti, Yevropa Ittifoqi, yirik paxta eksporti hamda to‘qimachilik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarga taqdim etildi. Buning natijasida 2010 yildan boshlab Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxatasiga boykot e’lon qilib, uni sotib olishdan voz kechdi.

Xaqli savol tug‘iladi: pedagog, tibbiy xodimlar, talaba va o‘quvchilarni paxta terish yoki boshqa qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish ishlariga, navbatchilikka majburiy jalb etish orqali biz nimaga erishdik? Hech narsaga. Faqat yo‘qotdik, xolos. O‘quvchi va talabalarni savodsiz, jamiyat taraqqiyotiga mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilarni, aholi salomatligiga hamda millat genofondiga mas’ul sog‘liqni saqlash xodimlarini barchaga hasharchi qildik.

Bu nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolimizga, balki millatning rivojlanishidagi uzoq muddatli yo‘qotishlariga sabab bo‘ldi.

Shu sababli, insonlarning huquq va erkinlarini ta’minlash, shu bilan birga majburiy mehnatni batamom tugatish davlat siyosatining ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi. Uzoq yillik mashaqqatli mehnat, maqsad sari sobitqadamlik bilan olg‘a borish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining sa’y-harakati, qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar o‘tkazilishi o‘z samarasini berdi: 2022 yil 10 mart kuni xalqaro Cotton Campaign tashkiloti O‘zbekistonga nisbatan joriy etilgan 12 yillik sanksiyalarni bekor qildi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiyaga kiritilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri bu aynan majburiy mehnat, xususan, bolalar majburiy mehnatiga to‘liq barham berilishi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ya’ni konstitutsiyaning 44-moddasiga ko‘ra, sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi.

Albatta, majburiy mehnatga konstitutsiya darajasida chek qo‘yilishi har bir o‘zbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanadi, odamlarning hayot sifati yaxshilanadi. Ayniqsa, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan majburiy mehnatning taqiqlanishi asosiy qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri yozib qo‘yilishi ko‘rsatilgan siyosiy qat’iyatdan ortga qaytilmaslikni ifodalaydi. 

Ayni paytda, ushbu konstitutsiyaviy norma bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishlariga to‘sqinlik qilmaydi. Maktabdan keyin yoki ta’til davrida bolaning uy, oilaviy hamda qishloq xo‘jaligi ishlarida ota-onasiga yordam berishi imkoniyati saqlab qolinadi.

Yangilanayotgan konstitutsiyaning har bir yangi normasi barcha aholi qatlamlarining manfaatlari inobatga olingan, mamlakat taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qiladigan mukammal xuquqiy asos bo‘ladi, deb ayta olamiz.

Nodir Tilavoldiyev,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.

Ko‘proq yangiliklar: