Bolalarni pedofil tajovuzidan qanday asrash mumkin? Psixologlar bilan intervyu

Jamiyat 13:05 / 16.03.2023 34913

— Pedofillardan bolalarni himoya qilish borasida gap ketganda, ko‘proq mas’uliyat ota-onalarga tushadi. Bu borada oilada qanday tarbiya usullaridan foydalanish kerak?

Muazzam Ibragimova: — Shunday pedofillar borki, ular bolaning muhitidagi, ya’ni har kuni ko‘rib, gaplashib yurgan odamlar bo‘ladi. Bunday insonlardan himoya qilish qiyinroq. Amaliyotda shunday holatlarga guvoh bo‘ldimki, pedofilni bolaning o‘zi himoya qilib chiqqan. Qilayotgan ishi to‘g‘riligini shu darajada uqtirganki, u jinoyatchini himoya qiladi. Ota-onalar shuning uchun ham e’tiborli va diqqatli bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bola muhitiga begona bo‘lgan pedofillardan ko‘ra ichki muhitdagilari ko‘proq xavfli.

O‘g‘il bolani jinsga qarab, oiladagi qizlardan ustun ko‘rsatish — bizdagi eng katta xatolardan. Chunki o‘g‘il bola menga mumkin ekan, deb biladi, buning oqibatida kelib chiqqan zo‘ravonliklar haqida eshitdim ham, guvoh ham bo‘ldim.

Muazzam Ibragimova

Ota-ona bolasi kimlar bilan muloqotda bo‘layotganini bilishi kerak. Bir holatda ota-ona bolasining bir erkak bilan 2,5 oylik yozishmalarini ko‘rib qolgach, bolani urgan, u esa uydan chiqib ketgan. Shunchaki nazorat emas, do‘st-qadrdon kabi mehr bilan nazorat qilish kerak. Bolani qo‘rqitmasdan o‘rgatish kerak, unda fobiya paydo qilib qo‘ymaslik zarur. Kichik yoshda ertaklar, keyinroq hikoyalar bilan, o‘zaro muloqotlar bilan, qo‘rqitmasdan ko‘chada xavf bor ekanini tushuntirish lozim.

Ko‘p o‘zbek oilalarida erkak kishi yechinib yuradi o‘z uyimdaman deb. Buni ko‘rgan bola mumkin ekan, uyatmas ekan, degan fikrga keladi. Natijada yomon niyatdagi odamning yechinishini ham bola to‘g‘ri qabul qiladi, undan xavfsiramaydi. Ota-onalar uyda sharm-hayoni saqlab, kiyinish madaniyatiga ham e’tibor berishi kerak.

Ba’zi oilalarda ota-ona chet davlatda bo‘ladi, bolalar esa yaqinlari qo‘lida qoladi. Bu ham noto‘g‘ri. O‘zim guvoh bo‘lgan bir nechta holatlar ayni o‘sha yaqinlari tomonidan sodir etilgan. Bunday bolalar kelajakda me’yoriy holatda yashab ketolmaydi, ular ham kimnidir xo‘rlaydi, albatta.

Rozaliya Gabdulhakova: — Bolalar hali nima to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanini bilmaydi. Masalan, «ichki kiyim» qoidasi, ya’ni har bir bola ichki kiyimi yashirib turgan joylari faqat o‘ziga tegishli ekanini o‘rganishi kerak.

Rozaliya Gabdulhakova

Kattalar yosh bolani cho‘miltirayotganda jinsiy a’zolarini erkalashi, teginishi, umuman, tanasini qattiq ozor berib uqalashi ham mumkinmas, aslida. Chunki bolada mening tanamga tegishi mumkin ekan, jim turishim kerak ekan, degan ko‘nikma paydo bo‘ladi. Natijada bolada shaxsiy hudud tushunchasi shakllanishi qiyin kechadi. Ota-onalar bolasining shaxsiy chegarasiga o‘tishi orqali dunyo haqida, odamlar haqida noto‘g‘ri fikr shakllanishiga sabab bo‘lib qoladi.

Bola uchta: xavfli, mumkinmas, qo‘rqinchli, degan so‘zlarni bilishi kerak. Lekin ularga so‘yib ketadi, zo‘ravonlik qiladi kabi qo‘rqinchli so‘zlar bilan aytmagan ma’qul, chunki u dunyoni xavfli deb o‘ylay boshlasa, shunchaki ko‘chaga chiqishga, odamlarga aralashishga qo‘rqib qoladi. Bularni oddiy qoida sifatida shakllantirish kerak.

Kichkina bola o‘zini himoya qilolmaydi. Ota-onaning vazifasi —bolaga ma’lum bir yoshgacha xavfsiz muhit yaratib berish. Yana bir narsaga e’tibor berishimiz lozim: bolaning o‘z yotog‘i va xonasi bo‘lishi zarur. Bu shaxsiy chegarani shakllantirishda eng muhim narsalardan biridir. Shu yo‘l orqali bolaga «shaxsiy» degan tushunchani osonroq tushuntirish mumkin.

— Ta’lim muassasalarida, bog‘cha va maktablarda bu masalaga qanday yondashsa bo‘ladi?

Rozaliya Gabdulhakova: — Hamma joyda kamera bo‘lishi kerak. Biz o‘qituvchi, tarbiyachilarda ruhiy buzilish borligini bilolmaymiz. Agar shunday ruhiy buzilishlar bo‘lsa, kameralar ularning o‘zini nazorat qilishiga sabab bo‘ladi.

Bizda muammolardan saqlanish uchun bog‘cha, maktabdagi gapni uyga aytma, chaqimchi bo‘lma deb o‘rgatishadi. Ba’zi holatlarda bolalar chaqimchi bo‘lmayman deb zo‘ravonlik holatini ham aytmasligi mumkin. Bolaga kimdir uyga aytma, ota-onang siqiladi, degan gaplarni aytganda, albatta, o‘sha gaplarni ota-onaga aytish kerakligini o‘rgatish kerak. Buning uchun onalar bolasi bilan sog‘lom emotsional rishta bog‘lagan bo‘lishi lozim. Agar ona bolani ko‘p urishadigan bo‘lsa, u bo‘lgan holatlarni aytmaydi, chunki qo‘rqadi.

Kaltaklash tarbiya usuli emas. Bola jazolansa ham, o‘zgara olmaydi. Aynan xato qilgan bolalar yordamga muhtoj. Ota-onalar ularni tushunib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak. Bolalarning bu tarzda jazolanishi muammoni kattalashtiradi, xolos. Farzand ota-onaning xatosini aytganda, tan olish kerak. Ya’ni bola kattalar ham xato qilishini bilishi lozim.

Muazzam Ibragimova: — Bolalarni qo‘rqitmaydigan metodlar bilan mashg‘ulotlar o‘tish va bolalarni tashqi dunyoga moslashishga o‘rgatish kerak. Ya’ni qanday himoyalanish, kimni yordamga chaqirish kabi. Masalan, Germaniyadagi bog‘chalarda zo‘ravonlar paydo bo‘lganda, qanday belgi berish kerakligini o‘rgatishadi. Begona odam ham shu belgilarga qarab, xavfni bilib yordam berishi mumkin bo‘ladi. Bolani kutib turadigan xavf-xatarlar xaritasi tuzib berilgan va xavflarni qora qarg‘a bilan belgilab qo‘yishgan. Barcha mumkin bo‘lgan xatarli joylar ko‘rsatib berilgan. Bizda ham shu narsalarni qilish vaqti keldi deb o‘ylayman.

— Jamiyatda bolalarga xavfsiz muhit yaratish uchun nimalar qilish kerak?

Muazzam Ibragimova: — Bu borada jahon amaliyotida ko‘p ishlar qilingan. Pedofiliyaga moyilligi bo‘lganlar bilan ishlaydigan markazlar bo‘lishi kerak. Germaniyada avtobuslarda «Siz bolalarga ko‘p e’tibor beryapsizmi, unda bizga murojaat qiling» degan e’lonlar bor. U yerda maxsus markazlar pedofiliyaga moyilligi borlar bilan ishlaydi. Afsuski, bizda bunday markazlar yo‘q. O‘sha potensial pedofillar ham qachonlardir ichidagi dardini ota-onasiga aytolmagan bolalar. Ular markazga qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgan jinoyatining oldini olish uchun boradi. Bizda ham tashkil qilish vaqti allaqachon kelgan. Oxirgi voqealar ko‘rsatyaptiki, bunga ehtiyoj bor.

Oldin ham aytganimdek, o‘ta xavfli pedofillarning ochiq ro‘yxati bo‘lishi kerak. Unday insonlar qayerda bo‘ladi, qayerda harakatlanadi, oilasi — bularni jamiyat bilishi shart.

Rozaliya Gabdulhakova: — Aynan bolalar bilan ishlaydigan kasblar uchun maxsus psixiatr testlari, suhbat joriy qilish kerak. Umuman, jinsiy zo‘ravonlikdan tashqari jismoniy, ruhiy zo‘ravonlik qilishga moyil bo‘lishi mumkin kimlardir, test orqali shularni ham aniqlash imkoni paydo bo‘ladi. Buni tez-tez o‘tkazib turish kerak.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Shohruz Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: