Bozorlardan zamonaviy chakana savdoga: Makro mijozlar qalbiga yangi yo‘lni topmoqda

Jamiyat 16:58 / 06.03.2023 18369

The Mag jurnalida Makro supermarketlarining boshqaruvchi direktori Dmitriy Bovaning “Bozorlardan zamonaviy chakana savdoga: Makro mijozlar qalbiga yangi yo‘l topmoqda” intervyusi chop etildi. Unda yangi top-menejyer tarmoq qanday rivojlanishi, ba’zi do‘konlar nega yopilgani, qachon o‘zbekistonlik xaridorlar bozorlardan supermarketlarga o‘tishlari, shuningdek kim fresh va ultrafresh mahsulotlari yetkazib beruvchisiga aylanishi haqida gapirib berdi. KUN.UZ suhbatning eng qiziqarli parchalarini nashr etadi.

Ommaviy axborot vositalarida bir nechta do‘konlarning yopilgani haqida yozishdi. Nima uchun?

Bu perspektiva sari qo‘yilgan qadam. Makro juda tez kengaydi, lekin ko‘p hajmga tayanib xatoga yo‘l qo‘ydi. Aslida, kompaniya sakkiz turdagi do‘kon formatiga ega edi. Bunday yukni samarali boshqarishning deyarli iloji yo‘q, ayniqsa bozorni rivojlantirish bosqichida. Agar siz bir vaqtning o‘zida sakkizta formatga, turli auditoriyalarga, manzillarga va assortiment matritsalariga e’tibor qaratsangiz, tendensiyalarni kuzatib borish qiyinlashadi. Siz o‘zingiz ishonadigan va kengaytira oladigan modelni ishlab chiqa olmaysiz.

Hozirda biz yangi jamoa yig‘yapmiz va ko‘pi bilan ikki formatga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqdamiz. Barcha yopganlarimiz potensial qiziqish doirasidan tashqariga chiqqan edi. Rejada – tashrif buyuruvchilarning asosiy ehtiyojlariga e’tibor qaratishdir. Bu birinchi navbatda fresh va ultrafresh: sabzavotlar, mevalar, go‘sht, baliq, sut – amal qilish muddati 5-10 kungacha bo‘lgan barcha mahsulotlardir. Biz taxminan olti oy davomida shunday ishlaymiz, kompaniyani barqarorlashtiramiz, uning kuchli tomonlarini aniqlaymiz va butun mamlakat bo‘ylab kengayishni boshlaymiz.

Fresh va ultrafresh mahsulotlarni yetkazib beruvchilar mahalliy bo‘ladimi?

Ha, asosan mahalliy. Ba’zilari qo‘shni davlatlardan. Argentinadan oq angus hozircha bo‘lmaydi.

Siz o‘z xaridoringizni o‘rganib chiqdingizmi? Uning qandaydir portreti bormi?

Kompaniyaning formatlari va geografiyasi bo‘yicha fokusdan chiqqanligi sababli bizning assortimentimiz ham yuvilib ketgan va bu auditoriyaga ham ta’sir qilgan. E’tibor baqqollik, ichimliklarga o‘tdi, shuning uchun bizga 35 yoshgacha bo‘lgan odamlar kela boshladilar, ular hozir taxminan 75% ni tashkil qiladi.

Qoidaga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar do‘konga fresh va ultrafresh xarid qilish uchun kelishadi. Bundan tashqari, bu yerda va hozir aniq afzalliklarga ega bo‘lgan hamma narsani bir savatda sotib olish maqsadga muvofiqdir. Ya’ni odamlar vaqtini tejaydi, chegirmalarga ega bo‘lib, ishonchli sifatga ega mahsulotlarni xarid qilishadi. Bunda an’analar bilan qiziqarli bog‘lanish ham mavjud: aslida, siz biron bir sotuvchiga ishonganingizda sodiq xaridorga aylanasiz va uzoq vaqt davomida o‘z istagingizni o‘zgartirmaysiz.

Sizningcha, O‘zbekiston xaridorlari qachon bozorlardan supermarketlarga o‘tishadi?

Hozir O‘zbekistonda zamonaviy do‘konlarning ulushi 6 foizga yaqin. Ya’ni zamonaviy chakana savdoda yuz so‘mdan atigi olti so‘m sarflanadi. Masalan: Ozarboyjon va Turkiya bozorlarida zamonaviy chakana savdoning ulushi mos ravishda 15% va 30% ni tashkil qiladi. Ular bir yildan ko‘proq vaqt davom etgan evolyutsiyadan o‘tishdi. Katta ehtimol bilan biz bu darajaga 5-6 yil ichida erishamiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda barcha zamonaviy chakana savdo 600-700 do‘konni tashkil etadi. 33 million aholiga ega mamlakat uchun bu juda kam. O‘ylaymanki, 2027 yilga borib zamonaviy do‘konlar 12-14 foizni tashkil qiladi.

O‘zbekistonda qachondir gipermarketlar paydo bo‘ladimi?

Paydo bo‘ladi. Aytgancha, Makro 15 000 dona assortimentga ega yirik supermarketlarni ochishga uringan. Ammo bu yerdagi iste’molchilar hali bunday formatlarga tayyor emaslar. Cash and Carry do‘konlari birinchi bo‘lib paydo bo‘lishi kerak. Kichik chakana bozor o‘sib borishi bilan odamlar u yerga kelib, kichik ulgurji xaridlarni amalga oshiradilar. Bu O‘zbekiston uchun muqarrar bozorning umumiy rivojlanishi.

Bu jarayonni qandaydir tarzda tezlashtirish mumkinmi?

Bunda bir nechta omillar muhim ahamiyatga ega. Birinchisi, o‘rtacha ish haqining o‘sishi. Ikkinchisi - davlatning regulyator siyosati. Bozorlar va kichik do‘konlar boshqa qonunlar bilan nazorat qilinishi kerak. Uchinchi omil - yangi ishlab chiqaruvchilarning kelishi. Bozor o‘sib borsa, mahalliy ishlab chiqarishni ochadigan va distribyutorlar orqali ishlamaydigan kompaniyalar ko‘payadi. Vositachilar qancha kam bo‘lsa, tovarlar tezroq yetib boradi. Yetkazib berish sifati va assortimenti, shuningdek, tarmoq va ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi zanjirning shaffofligi yaxshilanadi. Ikkala sherik ham ko‘proq marjaga ega bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, reklamaga ko‘proq sarmoya kiritish, yangi mehmonlarni jalb qilish, ularga qiziqarli reklama takliflarini kiritish va ushbu mehmonlarning tarmoqdagi konversiyasini oshirishi mumkin.

Geosiyosiy o‘zgarishlarni hisobga olsak, O‘zbekistonga ko‘proq yangi yetkazib beruvchilar kelishini kutish mumkinmi?

Albatta, ha. Rossiyani tark etgan va Ukraina hududida ishlay olmagan ko‘plab ishlab chiqaruvchilar ta’minot zanjirlarini qayta tiklashmoqda. Ular 200 millionga yaqin iste’molchilarni yo‘qotishgan va yangi bozorlarni qidirishmoqda. O‘zbekiston hozir ana shunday bozorlardan biri. Bu yerda har yili boyib borayotgan 35 million iste’molchi bor. Iqtisodiyotning real sektorlari bu yerga keladi, odamlar ish bilan ta’minlanadi, mablag‘ jamg‘ariladi, yuqori sifatli xizmatlar va mahsulotlarni iste’mol qilina boshlaydi. Aslida O‘zbekiston bozori – moviy ummon. Bu marketing tushunchasi. Qizil dengiz bor - bu yuqori raqobatga ega bo‘lgan tajovuzkor sharoitlar, u yerda siz barqaror iste’molchilar soni uchun kurashasiz va tubdan o‘sib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda esa zamonaviy chakana savdoda raqobat deyarli yo‘q. Iste’molchilar ma’lum tovarlarga, ma’lum bir xizmatga nisbatan yetishmovchilikni his qiladilar. Bir yil ichida ikki yoki hatto uch baravar o‘sish mumkin. Bu juda katta va qiziqarli bozor va boshqa mamlakatlardan kelgan o‘yinchilar buni albatta kutishmoqda.

Makro’ni qanday o‘zgartirishni rejalashtiryapsiz?

Birinchidan, ichkaridan o‘zgartiramiz. Uch hafta oldin bizda Kuzatuv kengashi paydo bo‘ldi. Bu kompaniyaning rivojlanishini ko‘rishga imkon beruvchi organ. Kengash tarkibiga bir nechta mutaxassislar kiradi. Men sizga ularning ikkitasi haqida aytib bermoqchiman. Bu X5 Retail Group (Rossiyadagi «Pyatyorochka», «Perekryostok» va «Karusel» tarmoqlarini boshqaradi) kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari Pyotr Demchenkov va X5 Retail Group asoschisi bo‘lgan Vitaliy Podolskiy. Ular nafaqat Rossiya chakana bozorida katta tajribaga egadirlar. Bu insonlar bizga kompaniyaning rivojlanishini, bozordagi yo‘lini aniqlashga yordam beradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bozori texnologiya, do‘kon formati, ta’minot tuzilmasi bo‘yicha 2000-yillardagi Rossiya va Ukraina bozoridir. Bu hali ishlab chiqaruvchilar emas, balki distribyutorlar bozoridir. Kuzatuv kengashimiz a’zolari bu yo‘lni bosib o‘tishgan. Muayyan natijalarga erishishimiz uchun qancha vaqt va qaysi jamoaga ehtiyoj borligini tushunishadi. Ular kompaniyalarni boshqarishda katta tajribaga egadirlar. O‘sha X5 Retail Group hali yilni yopmay turib, allaqachon 30 milliard dollardan oshgan natijaga erishishgan. Bu O‘zbekistondagi butun chakana savdo tarmog‘idan ikki barobar ko‘pdir. Endi biz uchun asosiy narsa yo‘l tanlashdir. Samuray kabi. Bunda mustaqil direktorlar yordam berishadi. Bu odamlar bozorni shakllantirishgan, o‘yin qoidalarini tushunadilar, Cash and Carry formati bozorda paydo bo‘lishi uchun qancha vaqt ketishini biladilar, agar insonlar o‘z vaqtlarini pul bilan qadrlay boshlasa, diskont konsepsiyasini joriy qilish mantiqiymi yoki yo‘qmi degan savollarga javoblarni biladilar. Kerakli mahsulotni hozir va shu yerning o‘zida xarid qilish diskaunterga tushishdan muhimroq bo‘ladimi? Ular buni ko‘rishgan, yaratishgan, shuning uchun ularning Kuzatuv kengashimizda bo‘lishlari bebaho foyda keltiradi.

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: