Yevropa bozoriga charm-poyabzal mahsulotlar eksporti uchun imkoniyatlar yanada kengaymoqda

Jamiyat 17:00 / 27.02.2023 10918

O‘zbekiston 2021 yilning aprelidan buyon YeIning GSP+ preferensiyalari benefitsiari maqomiga erishdi. Aynan ushbu imkoniyat sabab, bugun mamlakatimiz tadbirkorlari 6200 turdagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga yetkazib bermoqda. Xususan, charm-poyabzal va mo‘yna sanoatidan 10 turdagi mahsulotlar mazkur bozorlarga kirib bordi. "O‘zcharmsanoat" uyushmasining 2023 yildagi eksportni rivojlantirish strategiyasida YeIga yo‘naltirilgan mahsulotlar turini 30 taga, eksport hajmini 700 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu maqsadlarga erishishda esa, albatta, dunyoda tan olingan xalqaro standartlarni mamlakatimiz korxonalarida joriy qilish va sertifikatlarni qo‘lga kiritish zarur. Bir yillik muzokaralar, audit tekshiruvlari, korxonalarning atrof-muhitga ta’siri va boshqaruvdagi samaradorlik tahlilidan so‘ng "O‘zcharmsanoat" uyushmasi biryo‘la dunyodagi eng yirik xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotlari sanalgan SLF va LWGga a’zolikka qabul qilindi. Bu o‘z navbatida uyushmaga a’zo korxonalarning nafaqat Yevropa, balki dunyoning istalgan nuqtasida erkin savdoni amalga oshirishlariga imkon yaratadi. Shuningdek, ushbu sertifikatlarning qo‘lga kiritilishi xalqaro bozorda O‘zbekiston mahsulotlarining tan olinganlik darajasini anglatadi. 

Xo‘sh, aslida SLF va LWG qanday sertifikatlar, ularning o‘zbek korxonalariga ta’siri qanday?

 "Leather Working Group" - charm korxonalarining ekologiyaga ta’sirini baholovchi kompleks tashkilotdir. Bugungi kunda jahon bo‘ylab 1300 dan ortiq korxonalarga ushbu sertifikat taqdim etilgan. Charm korxonalar, reagentlar va texnologiya ishlab chiqaruvchilar, charmni qayta ishlash korxonalari aynan ushbu sertifikatni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. Boisi, bu ularning xalqaro bozordagi nufuzini oshiradi. Mazkur sertifikatni qo‘lga kiritish orqali korxonalar jahon bozorida hech ikkilanishlarsiz xaridor topishlari mumkin. Bugungi kunda jahon charm bozorining 25% ini tashkilot qamrab olgan. Endilikda ana shu korxonalar safida "O‘zcharmsanoat" uyushmasi ham bor. Bir yil ichida 70 ta tamoyil asosida audit tekshiruvlari olib borildi. Xalqaro tashkilot delegatsiyasining O‘zbekistonga tashriflari amalga oshirildi. Muzokaralar va muhokamalar yakuni bilan sertifikat qo‘lga kiritildi. 

"O‘zcharmsanoat" uyushmasi rahbariyatining Buyuk Britaniyaga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida ushbu xalqaro sertifikat tantanali topshirildi. Endilikda mamlakatimiz korxonalari birin-ketin ushbu xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritish yuzasidan audit tekshiruvlari va atrof-muhitga ta’sir mezonlariga oid baholashlardan so‘ng ushbu ishonch belgisini qabul qilib olishadi.

“O‘zcharmsanoat" uyushmasi rahbariyatining tumanli Albionga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida yana bir muhim xalqaro sertifikat ham qo‘lga kiritildi. Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida Birlashgan qirollikdagi xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti (SLF) ijrochi direktori Debora Tayler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda mamlakatimiz korxonalarini ushbu tashkilotga a’zo qilish va ularda boshqaruv menejmentini joriy qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

 SLF - charmni qayta ishlash va tayyorlash yo‘nalishida ekologiya, mehnat muhofazasi, ijtimoiy va iqtisodiy tamoyillarning bajarilishini baholab boruvchi yirik xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti sanaladi. Aynan ushbu tashkilot sertifikatini qo‘lga kiritish bu mazkur korxonalar Buyuk Britaniya va YeI talab etadigan barcha standartlarga to‘liq mosligini anglatadi. Bugungi kunda tashkilotga 200 dan ortiq korxonalar a’zodir.

 SLF ro‘yxatini O‘zbekiston korxonalari bilan boyitish, o‘zimizning zavod va fabrikalardagi boshqaruv menejmentini YeI standartlariga moslashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, xalqaro sertifikatning talablari joriy etiladigan O‘zbekiston korxonalari to‘g‘risida batafsil tashkilot direktoriga ma’lumot taqdim etildi.

Mazkur sertifikatni qabul qiluvchi Surxondaryodagi “Top Quality Brand”, Toshkent viloyatidagi “Angren Charm Invest”, "Peng Sheng Charm", "Hamkor Nur-Savdo" korxonalarining texnik parametrlari, mahsulotlar sifati, boshqaruv menejmenti to‘g‘risida fikr almashildi. Xalqaro tashkilot mazkur korxonamizni audit va texnik nazoratlar yakuniga yetgach a’zolikka qabul qiladi. To‘liq xalqaro sertifikatlarni taqdim etish boshlanadi.

“O‘zbekiston prezidentining bugun mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksportni kengaytirish, YeI bozorlariga milliy mahsulotlarni jadal kiritish borasidagi strategiyasi quvonarli holat. Biz aynan ushbu ijobiy o‘zgarishlar sabab, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga shaymiz. Taqdim etayotgan xalqaro sertifikatlarimiz mamlakatingiz korxonalari YeI bozoriga kirib borishiga ko‘maklashadi. Bu boradagi ishlarni boshlaganmiz”, — deb ta’kidladi muloqotda SLF ijrochi direktori Debora Tayler.

Muzokaralar yakunida olti oy davomida tashkilot tomonidan o‘tkazilgan boshqaruv menejmenti tahlili natijalari bilan SLF tashkiloti “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga xalqaro sertifikatni topshirdi. Endilikda Uyushma tashabbusi bilan mahalliy charm-poyabzal korxonalarimiz xalqaro sertifikatlarni qabul qilib olishni boshlaydi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya safari davomida xalqaro mo‘yna federatsiyasi (IFF) ijrochi direktori Kiran Mahmud bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida xalqaro tashkilot va "O‘zcharmsanoat" uyushmasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalasi atroflicha muhokama qilib olindi. IFF tomonidan O‘zbekistonning qorako‘l terisidan tayyorlangan mahsulotlariga katta qiziqish bildirildi. Xalqaro bozorda o‘zbek brendlarini tanitish bo‘yicha qator takliflar kiritildi. Bundan tashqari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mo‘yna va qorako‘l mahsulotlarini xalqaro auksionlarga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Xalqaro teri ishlab chiqaruvchilar kengashi hamda "Leather UK" uyushmasi ijrochi direktori bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda esa mamlakatimiz charm mahsulotlarini Buyuk Britaniya va YeI bozoridan tashqari xalqaro maydonda ham tanitish va olib kirish bo‘yicha huquqiy ko‘mak ko‘rsatish masalasi ko‘rib chiqildi. "O‘zcharmsanoat" uyushmasi 2018 yildan buyon mazkur xalqaro tashkilotning teng huquqli a’zosi sanaladi. Mazkur hamkorlik natijasida bugungi kunda mahalliy korxonalarimiz YeI bozoriga samarali kirib bormoqda. Bundan buyon ham bu aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bugun "O‘zcharmsanoat" uyushmasi ta’lim sohasida ham xalqaro hamkorlikni kengaytirib kelmoqda. Jumladan Buyuk Britaniyaning "Northempton" universiteti bilan talabalar almashinuvi dasturini amalga oshirish barobarida korxonalarimizdagi mutaxassislarni ham malakasini oshirish bo‘yicha qisqa o‘quv dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Maqsad xalqaro standartlar asosida mahalliy korxonalarimizda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va kadrlar malakasini jahon talablariga yetkazishdir.

 Aynan ushbu ikki xalqaro sertifikat yaqin ikki yil ichida "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" yorlig‘i ostidagi charm-poyabzal mahsulotlarini dunyoning eng rivojlangan davlatlarida tanitadi. Yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorliklar esa mamlakatimiz charm sanoati jahon talablarga to‘la mos kelishi va chet el tajribasi sohaga targ‘ib qilinganining yorqin isbotidir.

Ma’lumotlar  “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan taqdim etildi.

Ko‘proq yangiliklar: