Kolbasa mahsulotlari saraton kasalligi keltirib chiqaradimi?

Jamiyat 15:55 / 26.02.2023 44987

Saraton xavfi bor

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari va qizil go‘sht iste’moli saraton xavfini oshiradi.

JSST bu ma’lumotni Saratonni tadqiq qilish xalqaro agentligi o‘tkazgan tadqiqot asosida 2015 yildayoq e’lon qilgan. Tadqiqotda 10 ta davlatdan 22 ekspert o‘rganish olib borgan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, qizil go‘sht va qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari saratonga moyillikni oshiradi, deb topilgan.

Qizil go‘sht, asosan, yo‘g‘on ichak saratoniga sabab bo‘ladi, bundan tashqari, oshqozon osti bezi va prostata saratoniga ham sabab bo‘lishi mumkin. Lekin «aynan shunday» deyish uchun tadqiqot to‘laligicha dalil to‘play olmagan. Shuning uchun qizil go‘sht saratonga sabab bo‘lishi ehtimoli bor, degan xulosaga keladi.

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarining esa yo‘g‘on ichak saratoniga sabab bo‘lish xavfi yuqori va tadqiqot buni isbotlash uchun yetarlicha dalil to‘play olgan.

Qizil go‘sht — barcha sut emizuvchilar: mol, qo‘y, echki, ot kabi hayvon go‘shtlari.

Foto: Getty Images

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari esa ta’mni yaxshilash uchun tuzlash, turli fermentlar qo‘shish va boshqa usullar bilan ishlov berilgan go‘shtdir. Bular — kolbasa, sosiska, dudlangan, konservalangan go‘shtlar, tarkibi go‘shtdan iborat ta’m beruvchi ziravorlar va souslar.

Foto: Getty Images

Xavf qanchalik?

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, qayta ishlangan go‘shtni kuniga 50 g porsiyada iste’mol qilish yo‘g‘on ichak saratoni xavfini 18 foizga oshiradi. Garchi qayta ishlangan go‘sht sabab saraton kelib chiqish xavfi har bir inson uchun individual olganda juda yuqori bo‘lmasa ham, lekin uning iste’moli oshishi bilan xavf ham oshadi. Qolaversa, bunday mahsulotlarni ommaviy tarzda ko‘p iste’mol qilish global salomatlik indeksiga ham salbiy ta’sir qiladi.

Ekspertlar bunday xulosaga kelguncha 20 yillikni o‘z ichiga oladigan 800 dan ortiq tadqiqotlarni o‘rganib chiqishgan. Bu tadqiqotlar bir qancha davlatlarning turli xil diyetalarini o‘z ichiga oladi. 

Xavf qanday paydo bo‘ladi?

Go‘sht bir qancha tarkibiy qismlardan, xususan, temirdan iborat. Bundan tashqari, go‘sht qayta ishlanishi va pishirilishi jarayonida ham undan turli kimyoviy moddalar ajralib chiqadi. Masalan, N-nitrozo birikmalari va polisiklik aromatik uglevodorodlar kabi kanserogen (saraton chaqiruvchi) moddalar aynan go‘shtni qayta ishlashda ajraladi. Qizil go‘shtni pishirish yoki qayta ishlashda geterosiklik aromatik aminlar, polisiklik aromatik uglevodlar kabi birikmalar ham ajralib chiqadi. Bu birikmalar ifloslangan havo tarkibida ham mavjud bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Kolbasalar shu qadar zararlimi?

Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari yo‘g‘on ichak saratoniga sabab bo‘lishi xavf eng yuqori bo‘lgan tamaki bilan teng o‘rinda ko‘rsatilgan. Biroq Saratonni tadqiq qilish xalqaro agentligi ularning zarari tengligi uchun emas, balki saratonga sabab bo‘lish aniqligi yuqoriligi jihatdan bitta o‘ringa qo‘yilganini tushuntiradi.

Foto: Getty Images

2015 yilgi ma’lumotga ko‘ra, qayta ishlangan go‘shtni ko‘p iste’mol qilish sabab yiliga 34 ming o‘lim kuzatiladi. Tamaki sabab esa yiliga 1 mln o‘lim kuzatiladi.  

Qizil go‘sht nega xavfli?

Qizil go‘shtning saratonga moyillikni qanchalik oshirishi to‘laligicha isbotlanmagan. Biroq Saratonni tadqiq qilish xalqaro agentligi o‘z o‘rganishlariga asoslanib, go‘sht yuqori haroratda pishirilganda saraton xavfiga sabab bo‘luvchi birikmalar ajralib chiqishini ma’lum qilgan. Lekin aynan qaysi usulda pishirish xavfsizroq bo‘lishi haqida yetarlicha dalillar yo‘q.

Xo‘p, agar pishgan go‘shtda saraton xavfi bo‘lsa, unda xom go‘shtda-chi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bunga ham to‘la asosli javob topilmagan. Lekin agentlik xom go‘sht infeksiyalardan kasallanishga sabab bo‘lishini unutmaslikni eslatib o‘tadi.  

Umuman go‘sht yemaslik kerakmi?

Yo‘q, bunday emas. Faqat uning iste’moli me’yordan oshmasligi zarur. Sababi go‘sht ko‘p vitaminlarga va oqsilga boy hisoblanadi. Lekin me’yordan ortiq iste’mol qilish diabet, yurak kasalliklariga ham sabab bo‘ladi.

Haftasiga o‘rtacha 350–500 g miqdorda go‘sht iste’moli bilan cheklanish va imkoni bo‘lsa, qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarini ratsiondan chiqarish zarur. Sababi qayta ishlangan go‘sht mahsulotlarida tuz miqdori baland bo‘ladi va ular qon bosimi oshishiga, yurak qon-tomir kasalliklariga ham sabab bo‘ladi.  

Saratondan himoyalanish uchun tavsiyalar:

  • Saratonni tadqiq qilish xalqaro agentligi bu kasallikdan himoyalanish uchun umumiy tavsiyalar ishlab chiqqan:
  • Qizil go‘sht va qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari iste’molini cheklash;
  • Fast-fud va boshqa yarim tayyor mahsulotlarni imkon qadar kam yeyish;
  • Shirin ichimliklar iste’molini chegaralash;
  • Alkogol ichimliklarni cheklash;
  • Saratondan himoyalovchi hech qanday preparatni qabul qilmaslik;
  • Vitaminlarga boy sabzavot, meva, dukkakli mahsulotlarni iste’mol qilish;
  • Normal vaznda bo‘lish;
  • Jismoniy faol bo‘lish;
  • Onalarga: imkoni bo‘lsa, bolani ona suti bilan oziqlantirish.
Ko‘proq yangiliklar: