O‘tgan hafta Toshkent viloyatida bir oilaning 7 nafar a’zosi ovqatdan zaharlanib, ulardan 4 nafari vafot etgani haqida avval xabar bergandik. Kun.uz muxbiri viloyatning Oqqo‘rg‘on tumaniga borib, fojiali holat tafsilotlarini o‘rgandi.
Ommaviy zaharlanish holati tumanning «Birlik» MFYga qarashli Oxunboboyev ko‘chasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Oila a’zolaridan 1961 yilda tug‘ilgan Z.A., 1978 yilda tug‘ilgan M.X., 1982 yilda tug‘ilgan S.X.lar voqea joyida vafot etgan. Oilaning omon qolgan a’zolari Oqqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
«17 fevral kuni soat 14:25 da tez yordamda ikki aka-uka olib kelindi. Biri 2002 yilda tug‘ilgan, ikkinchisi 2004 yilda. Og‘ir ahvolda edi. Zudlik bilan reanimatsiyaga yotqizdik va birinchi yordam ko‘rsatdik. Birinchi taxminiy tashxisimiz noma’lum genezisli zaharlanish bo‘ldi. Qilgan harakatlarimizga qaramay, aka-ukalarning kichkinasi bir soatda vafot etdi. Akasini bir kun saqladik va viloyatdagi shifokorlar bilan kelishib, RShTYoIMga o‘tkazdik. Hozir o‘sha yerda jonlantirish bo‘limida davolanyapti», – deydi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch bo‘limi mudiri Latif Qosimov.
U yerda oilaning yana ikki a’zosi – 2011 yilda tug‘ilgan T.X. hamda 2021 yilda tug‘ilgan A.X.larga ham yordam ko‘rsatilgach, o‘sha kuni RShTYoIMning Toshkent viloyat filialiga o‘tkazilgan. Shifokorlarning aytishicha, hozirda bolalarning holati yaxshi.
Holat haqida xabar berilgach, xonadonga oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olish uchun tuman sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlaridan iborat guruh ham yetib borgan.
«Dastlab borgan paytimizda 3 kishi vafot etganining guvohi bo‘ldik. Vakolat doiramizda shubha qilingan barcha oziq-ovqat mahsulotlaridan qovurilgan baliq, moshxo‘rda, ochilgan ikra, ichilgan kompot hamda qo‘shimcha ishlatiladigan barcha mahsulotlardan: quruq choy, shakar, tuz, makaron, guruch, sosiska kabi mahsulotlardan olib, sanitariya-gigiyena laboratoriyasiga va bakteriologik tahlil bo‘limiga namunalar topshirdik», – deydi Oqqo‘rg‘on tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Zuhra Dostonova.
Uning ma’lum qilishicha, tahlil natijalari 7-12 kun orasida chiqadi. Tahlil uchun olingan oziq-ovqat mahsulotlarining qaysi biridan zaharlanish xavfi yuqori bo‘lishi mumkinligi haqida so‘raganimizda, Zuhra Dostonova quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
«Bu haqda natijalar chiqmasdan bir narsa deyish qiyin... Biz xabarni olishimiz bilan 10 daqiqa ichida yetib bordik. Xonadonga kirib ko‘rganimizda, vafot etganlarning tanalari ko‘kargan, lablari shishgan, og‘izlaridan ko‘pik va burunlaridan qon otilgan holatda edi. Simptomlar ovqatdan zaharlanish holatiga o‘xshamasdi. Ovqatdan zaharlanish bo‘lganda, birlamchi ich ketish, qayt qilish, tana harorati ko‘tarilishi kabi holatlar bo‘ladi. Bunday to‘satdan o‘lib qolish holatlari uchramaydi ovqatdan zaharlanishda. Tahlil natijalari hafta-o‘n kunda tayyor bo‘ladi. Undan so‘ng yana qo‘shimcha ma’lumotimizni beramiz».
«Birlik» mahallasiga borib, oilaning yaqin qarindoshlaridan biri, marhumning ukasi bilan gaplashdik. U mazkur fojia sabab ota-onasiz qolgan jiyanlarini opekun sifatida o‘z qarmog‘iga olganini ma’lum qildi. Shuningdek, hamma narsa oydinlashmaguncha biror izoh berishni istamasligini aytdi.
Hozirda marhumlarning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayyorlangan. Holat yuzasidan Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazyapti. Kun.uz muxbiriga tuman prokuraturasining shu ishga mas’ul tergovchisi Shaxzod Dehqonboyev ekspertiza xulosalari yakuniga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini aytdi.
Maqsuda Abduqayumova,
Javohir G‘ayratov,
Kun.uz