O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida sanoatning ulushi 26,7 foizgacha oshdi

Iqtisodiyot 12:38 / 03.02.2023 31404

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sanoat sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning eng muhim natijalari o‘rganildi.

Qayd etilishicha, 2017-2022 yillarda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,1 foizdan 26,7 foizga oshgan. Bu davrda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi o‘sish 41,3 foizni tashkil qilgan. O‘z navbatida, bunday barqaror o‘sish YaIMda sanoatning ulushi ortishiga olib kelgan.

Ishlab chiqaradigan sanoat tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib, o‘sish sur’ati o‘tgan davr mobaynida 47,4 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, elektr, issiqlik va gaz ta’minoti tarmog‘i (39,2 foiz), shuningdek, tog‘-kon sanoatida (30,4 foiz) sezilarli o‘sish sur’atlari kuzatilgan.

“O‘zbekiston sanoatining 83,2 foizini ishlab chiqaradigan sanoat tarmog‘i tashkil etadi. Bu yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyoni qayta ishlash darajasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tarmoqlarni rivojlantirish kompleks dasturlari hayotga tatbiq etilayotgani natijasidir.

O‘rta va yuqori texnologiyali tarmoqlar ulushining 52,7 foizdan 61,7 foizga oshgani ham sanoat tarkibidagi sifat o‘zgarishlaridan dalolat beradi. Bu ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami oshgani dalilidir.

Masalan, portlandsement ishlab chiqarish shu davrda 1,3 barobar, qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar –1,4 barobar, avtomobil dvigatellari – 2,5 barobar, yengil avtomobillar – 2,3 barobar, sovitkich va muzlatkichlar – 3,7 barobar oshdi”, deyiladi PMTI tahlilida.

Ko‘proq yangiliklar: