Amerikaning iqtisodiy qudrati o‘sishda davom etyapti. Ammo siyosat borasida bunday deyish qiyin. Saylovga bir necha kun qolganida respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik va kelishmovchilik nihoyatda kuchaydi. Siyosiy beqarorlik sharoitida AQShning hayratlanarli iqtisodiy qudrati saqlanib qolishi mumkinmi?
The Economistʼning qayd etishicha, so‘nggi o‘ttiz yil ichida AQSh iqtisodiy jihatdan boshqa rivojlangan mamlakatlarga nisbatan katta yutuqlarga erishdi. 1990 yilda Amerika iqtisodiyoti G7 davlatlari yalpi ichki mahsulotining qariyb 40 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda kelib bu ko‘rsatkich 50 foizga yetdi. Hozirda Qo‘shma Shtatlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot G‘arbiy Yevropa va Kanadaga nisbatan 30 foiz, Yaponiyaga nisbatan esa 60 foiz yuqoriroq. 1990 yildan keyingi davrda bu tengsizlik qariyb ikki barobarga kengaygan. Xususan, Missisipi Amerikaning eng qashshoq shtati bo‘lishi mumkin, ammo bu yerdagi aholining o‘rtacha daromadi inglizlar, kanadaliklar yoki nemislarnikidan ko‘proq. So‘nggi paytlarda Xitoy iqtisodiyoti ham sekinlashdi. Pandemiyadan oldingi yillarda Xitoyning nominal yalpi ichki mahsuloti AQSh nominal YaIMning to‘rtdan uch qismini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib uchdan ikki qismigacha pasayib ketdi.
Ushbu muvaffaqiyatga bir qator omillar ta’sir ko‘rsatgan. Amerika ulkan energiya manbalariga ega bo‘lgan katta davlat. Birgina neft qazib olishdagi innovatsion inqilob 2000 yillarning boshidan keyin iqtisodiy o‘sishning o‘ndan bir qismini ta’minlagan. O‘z navbatida, siyosiy qarorlar ham bunda muhim rol o‘ynagan. Pandemiya davridagi katta rag‘batlantirish choralari inflatsiyani kuchaytirgan bo‘lsa-da, Amerikaning 2020 yildan beri 10 foizga o‘sishiga hissa qo‘shdi. Germaniyada esa aksincha, cheklovlar ortidan ikki yildan beri iqtisodiy turg‘unlik holati saqlanib qolyapti.
Amerikaning dinamik xususiy sektori immigrantlar, yangi g‘oyalar va sarmoyalarni o‘ziga jalb etishda ham katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bu yerda nafaqat dunyodagi eng yirik raketa uchirish sanoati, balki internet gigantlari va sun’iy intellekt bo‘yicha eng yaxshi startaplar ham joylashgan. AQShdagi yettita yirik texnologik firmaning bahosi Britaniya, Kanada, Germaniya va Yaponiyaning birja bozorlaridan qimmatroq. Birgina Amazon tadqiqot va ishlanmalarga butun Britaniya biznesiga qaraganda ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Dollar dunyoning asosiy zaxira valutasi bo‘lgani uchun investorlarning Amerikaga pul kiritish xohishlari ham kuchli. Ular inqiroz davrida g‘aznachilikka oqib keladi, bu esa hukumatga katta rag‘batlantirish paketlarini taqdim etadi.
Ayni holatda Amerikaning gullab-yashnayotgan iqtisodiyoti xavf ostida qolishi mumkin. Mamlakat prezidentligiga ikki nomzod Kamala Harris ham, Donald Tramp ham umumiy iqtisodiyotni kengaytirish o‘rniga, o‘z tarafdorlarini himoya qiladigan jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratyapti. Amerika o‘zining iqtisodiy gegemonligini yo‘qotishni istamaydi, ammo ertami-kechmi, siyosiy muammolar iqtisodga ham katta zarba berishi mumkin.
Hozircha Amerikadagi yomonlashayotgan siyosiy holat iqtisodga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. So‘nggi sakkiz yil ichida Tramp va Bayden mahalliy kompaniyalarga yordam berish uchun proteksionizmni qo‘llab-quvvatladi.
Harris va Tramp yanada zararli siyosatni va’da qilyapti, ayniqsa Tramp. Ikkala nomzod ham ayrim kompaniyalarni himoya qilib, Amerikaning mavjud erkin bozor mexanizmlarini buzishlari mumkin. Ular, shuningdek, keyingi safar inqiroz yuz berganda, hukumatning yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini cheklashni xohlashyapti.
Ikkalasi ham soliq imtiyozlarini taklif qilyapti: Harris oilalarga ko‘proq pul sarflashni istaydi, Tramp esa avtokreditlardan tortib, qo‘shimcha ish vaqtigacha bo‘lgan narsalar uchun soliq imtiyozlarini taklif qilyapti. O‘z o‘rnida, ikkala nomzodda ham budjet taqchilligini cheklash rejasi yo‘q. Ayni paytda bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning taxminan 6 foizini tashkil qiladi, bu odatda urush yoki tanazzul paytida kuzatiladigan daraja. Nazorat qilinmagan defitsit xususiy investitsiyalarni to‘sib qo‘yishi mumkin.
Trampning saylovoldi dasturi esa AQSh uchun alohida xavf tug‘diradi. U import uchun yuqori bojlar joriy etish va ko‘p yillar davomida mehnat bozoriga to‘liq integratsiyalashgan millionlab fuqaroligi bo‘lmaganlarni deportatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlayapti. Bu esa mehnat bozorini zaiflashtirib, AQShning muhojirlar va sarmoyadorlar uchun jozibadorligini pasaytirishi mumkin. Agar siyosiy ziddiyatlar hal etilmay qolsa, bu Amerika iqtisodiyotining tayanch asosini asta-sekin zaiflashtiradi va uning kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi.