O‘zbekiston Markaziy banki 2022 yilda oltin zaxiralarini 34 tonnaga oshirdi. Bu Jahon oltin kengashi (WGC) hisobotida qayd etilgan.
Kengash 2022 yilda Markaziy Osiyoda xaridlarning sog‘lom darajasi kuzatilganini qayd etgan. O‘zbekiston yilni oltin sotuvchi sifatida boshlab, xaridor sifatida yakunlagan. Yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning oltin zaxiralari 34 tonnaga oshdi.
Qirg‘iziston (6 tonna) va Tojikiston (4 tonna) ham asosiy xaridorlar bo‘lgan.
Qozog‘iston salmoqli miqdorda oltin sotdi, uning zaxiralari 51 tonnaga kamayib, 352 tonnani (umumiy zaxiralarning 58 foizi) tashkil etdi.
O‘zbekistonning 2022 yildagi oltin eksporti
O‘zbekiston 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Bu raqamlar Statistika agentligi ma’lumotlarida aks etgan. Jahon bozorida oltin narxlari pasayishi fonida Markaziy bank mart-oktyabr oylari davomida qimmatbaho metall eksportini amalga oshirmadi.
Taqqoslash uchun, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Garchi oltin eksporti borasidagi statistik ma’lumotlar batafsil keltirilmagan bo‘lsa ham, o‘tgan yilda avvalgi yillarga qaraganda oltin sotishdan kamroq daromad olinganini ko‘rish mumkin. Oltinning umumiy eksportdagi ulushi ham 21,3 foizgacha (2021 yilning mos davrida 24,7 foiz) pasaygan.
Dunyodagi oltin oldi-sotdisi tendensiyasi
Jahon oltin kengashiga ko‘ra, 2022 yilda turli mamlakatlarning markaziy banklari jami 1136 tonna oltin sotib olgan, bu – 1967 yildan beri eng yuqori xarid darajasi hisoblanadi.
Eng yirik xaridorlar Turkiya va Xitoy bo‘ldi. Turkiya Markaziy banki 2022 yilda rasmiy oltin zaxiralarini 148 tonnaga oshirib, jami zaxiralarini 542 tonnaga yetkazdi.
«Oltinning inqiroz davridagi ishlashi va uzoq muddatli qiymat zaxirasi sifatidagi roli markaziy banklarning oltin xarid qilish borasidagi qarorlariga ta’sir qiluvchi omillardir. Demak, geosiyosiy noaniqlik va beqaror inflatsiya bilan kechgan 2022 yilda markaziy banklar oltin zaxiralarini oshirishga qaror qilgani ajablanarli emas», – deyiladi Jahon oltin kengashi tahlillarida.
Rossiya Markaziy banki xalqaro sanksiyalar joriy etilganidan keyin mahalliy ishlab chiqaruvchilardan oltin sotib olishni qayta boshlashini ma’lum qildi. Ammo yanvar oyida uning oltin zaxiralari 3 tonnaga kamayganidan so‘ng boshqa ma’lumotlar e’lon qilinmadi.
Mintaqaviy miqyosda Yaqin Sharq yil davomida oltinning faol xaridori bo‘ldi. Misr (47 tonna), Qatar (35 tonna), Iroq (34 tonna), Birlashgan Arab Amirliklari (25 tonna) va Ummon (2 tonna) oltin zaxiralarini sezilarli darajada oshirgan.