Qishki «oyna» oxirida kutilayotgan 10 transfer

Sport 14:15 / 30.01.2023 41579

31 yanvar kuni Yevropaning asosiy chempionatlarida qishki transferlar oynasi yopiladi. Bu qishda bir necha jiddiy transferlar ro‘y berib ulgurdi, so‘nggi kunlarda yana qator katta transferlar amalga oshishi kutilmoqda. Quyida yaqin vaqtlar ichida bo‘lishi kutilayotgan 10 transfer haqida.

Moyses Kaysedo, yarimhimoyachi, «Brayton» → «Arsenal»
Transfer qiymati: 38 mln yevro.

Foto: WARREN LITTLE/GETTY IMAGES

21 yoshli ekvadorlik futbolchi Potter ortidan «Chelsi»ga yo‘l olishi kutilgandi, ammo londonliklar boshqa futbolchilarga e’tibor qaratishdi va futbolchi «Liverpul»ga o‘tishi haqida xabarlar chiqa boshladi. 

Potter ketgach ham APLda sur’atni pasaytirmagan va «Chelsi» hamda «Liverpul» kabi raqiblarni mag‘lubiyatga uchratib, turnir jadvalida oltinchi o‘rinda borayotgan «Brayton» motorlaridan biri aynan Kaysedo bo‘lib turibdi. «Brayton» esa futbolchi uchun yuqori narx (85 mln funt) belgilab qo‘ygach, «Liverpul» kurashdan chiqdi.

Tomas Parti jarohat olib safdan chiqqach, «Arsenal» ushbu futbolchi uchun asosiy da’vogarga aylangan. Juma kuni «Arsenal» futbolchi uchun 60 mln funt taklif jo‘natdi, ESPN xabariga ko‘ra bu taklif rad etilgan.

Ammo futbolchining o‘zi ham shu klubga o‘tishni qattiq istamoqda va klubining «Liverpul»ga qarshi o‘yindan oldingi mashg‘ulotlariga kelmadi va londonliklar taklifni yangilashini kutmoqda. «Kaysedo mashg‘ulotlarga kelmadi — u tezroq ketishni istamoqda. «Arsenal» 60 mln funt to‘lashga tayyor. «Chelsi» 55 mln funt taklif qilgandi – rad etildi», — deya yozgan insayder Fabritsio Romano. Futbolchi esa klubdan ketishni istayotganini bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan xayrlashishga ham ulgurdi.

«Men klub rahbari mister Toni Blum va «Brayton»dan APLda o‘ynash imkoniyatini taqdim etishgani uchun minnatdorman. Men ular uchun hamisha bor imkoniyatimni ishga soldim. Men Ekvadorning Santa-Domingo shahridagi qashshoq oiladagi o‘n farzandning eng kichigiman. Hamisha Ekvador tarixidagi eng sovrindor futbolchi bo‘lishni orzu qilganman. «Brayton» tarixidagi rekord transferga aylanishim, klub bu pullarni qayta investitsiya qilishi va muvaffaqiyatga erishishda davom etishiga yordam berishim mumkinligidan faxrlanaman. Fanatlar meni yaxshi qabul qilishdi, ular doimo qalbimda. Shuning uchun umid qilamanki, ular men nima uchun bu ajoyib imkoniyatdan foydalanishni istayotganimni tushunishadi».

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Arsenal» Kaysedo transferi bo‘yicha taklif qiymatini 70 mln funtgacha oshirdi.

Milan Shkrinyar, himoyachi, «Inter» → «PSJ»
Transfer qiymati: 60 mln yevro.

Foto: YASSER BAKHSH/GETTY IMAGES

Slovakiyalik 27 yoshli futbolchining «Inter» bilan shartnomasi muddati 2023 yil yozida tugaydi, «PSJ» esa ushbu himoyachini hozir transfer qilmoqchi. Jurnalist Sky Sport Germany jurnalisti Florian Plettenbergga ko‘ra, parijliklar transferni qishdayoq rasmiylashtirish uchun 10 mln yevro taklif etmoqchi, milanliklar esa 15 mln yevro so‘ramoqda. Shkrinyarning o‘zi «PSJ»ga o‘tishga rozilik bergan, u bilan og‘zaki kelishuvga erishilgan. Fransuz klubi prezidenti Nosir Al-Hilayfi «Inter»ning asosiy himoyachisi transferi borasidagi vaziyatni shaxsan nazorat qilmoqda. Parijliklar besh yarim yil yil ichida Italiya chempioni bo‘lgan, mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan va Superkubok uchun o‘yinlarda ikki bor g‘olib chiqqan ushbu futbolchini transfer qilish orqali katta mablag‘ni tejab qolishi mumkin.

Ueston Makkenni, yarimhimoyachi, «Yuventus» → «Lids»
Transfer qiymati: 21 mln yevro.

Foto: OCTAVIO PASSOS/GETTY IMAGES

«Lids» amerikalik futbolchini keyinroq 25 mln yevroga transfer qilish huquqi bilan ijaraga olmoqchi - bu haqda jurnalist Nikolo Shira xabar bermoqda. Bungacha OAVda «Yuventus»ga ushbu 24 yoshli futbolchi uchun 30 mln yevro va bonuslar taklif etilgani xabar qilingandi. «Lids» yozda Ueston bilan 2027 yilga qadar shartnoma tuzib, bonuslardan tashqari, yiliga 3,7 mln yevro maosh to‘lashi mumkin. Futbolchining o‘zi ingliz klubiga o‘tishga rozilik bergan. O‘tgan bir yarim yilda Makkenni «Yuventus» safida 96 o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi. Uning turinliklar bilan shartnomasi 2025 yil yoziga qadar amal qiladi.

Eldor Shomurodov, hujumchi, «Roma» → «Spetsiya»
Transfer qiymati: 7 mln yevro.

Foto: PAOLO BRUNO/GETTY IMAGES

O‘zbekistonlik futbolchi joriy mavsumda deyarli o‘ynamayapti: barcha turnirlar doirasida sakkiz o‘yinda 151 daqiqa va bir gol. O‘tgan hafta oxirida rimliklar klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Shomurodov boshqa klubga o‘tishini tasdiqladi. «Shomurodov o‘z mehnatlari evaziga maydonga chiqib, futbol o‘ynashga munosib. U o‘tgan vaqt davomida bizga yordam berishga tayyor turish uchun mashg‘ulotlarda borini berib ishladi. U fantastik yigit. Voqealar rivoji qanday bo‘lishini ko‘ramiz, balki yarim yildan keyin qaytar», dedi u.

Hozirda Shomurodovning «Spetsiya»ga transferi yakuniy bosqichda turibdi. Futbolchi mavsum oxiriga qadar ijaraga beriladi. Ushbu forvardga «Torino»dan tashqari, «Lill», «Bayyer» kabi klublardan ham qiziqish bo‘lgandi, ammo Italiyada qolishga qaror qildi. 27 yoshli futbolchining rimliklar bilan shartnomasi 2026 yil iyuniga qadar tuzilgan. U Italiyadagi ilk mavsumida «Jyenoa» safida 31 o‘yinda sakkiz gol urgan va «Roma» nazariga tushgandi.

Enso Fernandes, yarimhimoyachi, «Benfika» → «Chelsi»
Transfer qiymati: 55 mln yevro.

Foto: GUALTER FATIA/GETTY IMAGES

Argentinalik futbolchi – bu safargi qishki transferlar oynasida eng ko‘p muhokama qilingan futbolchilardan bo‘ldi. «Chelsi» Fernandesni qo‘lga kiritish uchun harakatlarini to‘xtatmayapti, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, 2022 yilgi jahon chempioni uchun «Benfika»ga 100 mln yevro va Hakim Ziyosh taklif etilmoqda. CBS Spors jurnalisti Ben Jyeykobsning ma’lumotiga ko‘ra, londonliklar portugallar so‘rayotgan 120 mln yevroni (shartnomadagi badal puli) to‘liq to‘lashni istamayapti. Fernandes «Benfika» prezidenti Rui Koshta va bosh murabbiy Rojyer Shmidt bilan suhbatda ketish niyatini qat’iy tasdiqlab, o‘zini qo‘yib yuborishni so‘ragan.

Taniqli insayder Fabritsio Romano «Chelsi» 30 yanvar kuni ushbu transfer bo‘yicha muzokaralarning yangi raundini boshlashni rejalashtirganini xabar qilgan. David Ornshteynning yozishicha, londonliklar yozda ushbu futbolchi uchun kuchli klublar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri kelishini inobatga olgan holda, hozirning o‘zida harakat qilmoqchi.

2022 yil yozida 22 yoshli Enso «Benfika» bilan 2027 yil yoziga qadar shartnoma tuzgan va o‘tgan vaqt ichida jamoa safida 29 o‘yin o‘tkazgan (to‘rt gol, yetti assist).

Hakim Ziyosh, yarimhimoyachi, «Chelsi» → «Benfika»/«Barselona»/«Milan»
Transfer qiymati: 20 mln yevro.

Foto: MIKE HEWITT/GETTY IMAGES

«Chelsi» marokashlik futbolchisidan qutilmoqchi. London klubi Hakim Ziyoshni nafaqat «Benfika» bilan, balki «Barselona» (Frank Kesse evaziga) bilan transferga qo‘shishi mumkin. Bundan tashqari, futbolchiga «Milan» tomonidan qiziqish mavjud, ammo uning 6,5 mln yevrolik yillik maoshi bu transfer uchun (jumladan ijara uchun ham) to‘siq bo‘lishi mumkin. Ammo «Chelsi» marokashlik futbolchi bilan «Roma» «Milan»dan Nikolo Zaniolo uchun talab qilayotganidan kamroq summa evaziga xayrlashishga tayyor. 2022/2023 yillar mavsumida Hakim Ziyosh «Chelsi» safida 15 o‘yinda maydonga tushdi va 1 golga uzatma berdi.

Kanselu, himoyachi, «Manchester Siti» → «Bavariya»
Transfer qiymati: 70 mln yevro.

«Bavariya» kutilmaganda «Manchester Siti» himoyachisi Kanseluni ijaraga olishga qaror qildi. Bunga nemislar jamoasi himoyachisi Mazraviy jarohat olgani, Pavar esa yozda «Barselona»ga ketishi kutilayotgani sabab bo‘ldi. Sky Sport jurnalisti Florian Plettenbergning xabar berishicha, Joau Kanselu myunxenliklar klubiga mavsum oxiriga qadar ijaraga beriladi. 28 yoshli futbolchi Myunxenga yo‘lga chiqqan, bugun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi 

Ushbu portugaliyalik futbolchi APLning joriy mavsumida 17 o‘yinda maydonga tushib, 2 gol urgan va 1 assist muallifiga aylangan.

Nikolo Zaniolo, yarimhimoyachi, «Roma» → «Milan»/«Bornmut»
Transfer qiymati: 30 mln yevro.

Foto: PAOLO BRUNO/GETTY IMAGES

La Gazzetta dello Sport nashrining yozishicha, «Roma» Zaniolo uchun kamida 40 mln yevro olmoqchi, ammo «Milan» futbolchini mavsum oxiriga qadar ijaraga olib, mavsum yakunida jamoa YeChLga yo‘llanma olgan taqdirda, uni 25 mln yevroga sotib olish taklifini bermoqda. Rimliklarni esa bunday taklif qoniqtirmaydi, shu tufayli klub «Milan» uchun 24 soatlik dedlayn belgilagan, bu muddat esa allaqachon tugadi. Endilikda «Roma» ushbu yarimhimoyachisini ancha ko‘proq mablag‘ taklif etayotgan «Bornmut»ga sotishni rejalashtirgan.

Ammo shu yerda muammo paydo bo‘ldi – rimliklar klubi xo‘jayini Den Fridkin Nikolo Zaniolo faoliyatini «Bornmut»da davom ettirishdan bosh tortgach, g‘azab otiga mingan. Calciomercato.com xabariga ko‘ra, 23 yoshli hujumkor yarimhimoyachi Angliyaning ushbu klubiga o‘tishni yaxshi variant deb hisoblamayapti, bu transfer uni oilasidan ajratib qo‘yadi. Fridkin esa Zaniolo bu taklifni rad etsa, jamoa tarkibidan chetlatilishi bilan tahdid solmoqda. Xabar qilinishicha, ushbu transferga jalb qilingan tomonlarning barchasi futbolchini APLga o‘tishga undamoqda.

Jonjo Shelvi, yarimhimoyachi, «Nyukasl» → «Nottinghem»
Transfer qiymati: 7 mln yevro.

«Nyukasl» yarimhimoyachisi Jonjo Shelvi «Nottinghem Forest»ga o‘tishga yaqin. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, 30 yoshli futbolchi muzokara o‘tkazishga ruxsat olgan va dushanba kuni yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda. U «qarg‘alar» rahbariyatiga yangi chaqiruvni qabul qilmoqchi ekanini aytgan.

Angliyalik futbolchi 2,5 yillik shartnoma imzolashi kutilmoqda. Uning maoshi oshadi – yangi klubida u haftasiga 70 ming funt oladi. Transfer qiymati katta bo‘lmaydi, chunki Shelvining shartnomasi muddati shu yil yozda tugaydi. 

Joriy mavsumda ushbu havbek APLda faqat uch o‘yinda maydonga tushgan.

Uilson Izidor, hujumchi, «Lokomotiv» → «Lion»
Transfer qiymati: 5 mln yevro.

Foto: DMITRIY GOLUBOVICh, «CheMPIONAT»

Fransuz futbolchisi «Lion» a’zosiga aylanadi. Liga 1 vakili Uilson Izidorni mavsum oxirida 5 mln yevroga sotib olish sharti bilan 750 ming yevroga ijaraga olmoqda. Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi yaqin vaqtlar ichida Fransiyaga uchib, yangi klubi bilan shartnoma imzolaydi. Sotib olish shartini faollashtirishni talab etadigan o‘yinlar soniga aniqlik kiritilmagan.

Joriy mavsumda Izidor barcha turnirlar doirasidagi 17 o‘yinda gol va pas bo‘yicha 4+4 ko‘rsatkichi qayd etdi.

Ko‘proq yangiliklar: