O‘zbekiston Rossiyadan AI-80 benzinini import qilishni boshladi, narx – 6200 so‘mgacha 

Iqtisodiyot 16:55 / 30.01.2023 37178

O‘zbekistondagi Uzgazoil benzin quyish shoxobchalarida Rossiyadan import qilingan AI-80 benzini sotilmoqda

Rossiya AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi shoxobchalarda Rossiyaning import benzini paydo bo‘lgani savollar tug‘dirdi. 

Holat yuzasidan Kun.uz «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmatidan izoh oldi. 

2023 yilning 1 martiga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llash belgilangan.

«Respublika hududida 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oyida ob-havo harorati keskin sovib ketgani hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilgani aholining AI-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talabi taklifga nisbatan keskin oshishiga sabab bo‘ldi.

Bu esa o‘z navbatida, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida taqchillik hamda tirbandliklarni vujudga keltirdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi ehtiyojlarini sifatli va arzon narxlarda avtobenzin bilan ta’minlash maqsadida, tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulotlarni import qilish yo‘lga qo‘yildi», – deyiladi kompaniya ma’lumotida.  

Ma’lum qilinishicha, joriy yil yanvar oyida «O‘zbekneftgaz» AJ hamda Rossiyaning «Gazprom» OAJ, «Tatneft» OAJ, «ORSKNeFTeORGSINTeZ» OAJ kabi kompaniyalari bilan 50 ming tonna, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 5 ming tonna AI-80 rusumidagi avtobenzini importi bo‘yicha shartnomalar tuzildi va bugungi kunda respublika hududiga yetkazib kelish va ichki bozorga sotish choralari ko‘rilmoqda.

Kompaniya qo‘shni Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida AI-80 rusumli avtobenzin ishlab chiqarish to‘xtatilganiga izoh berarkan, hozirda AI-80 benzini faqatgina tadbirkorlar buyurtmasi asosida ishlab chiqarilayotganini ta’kidlagan. Uning sifati asosan AI-80, K2 va K5 rusumli avtobenzin talablariga mos keladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mahsulotni respublika hududiga temiryo‘l transporti orqali yetkazib berish va boshqa xarajatlarni inobatga olgan holda, tovar xomashyo birjasida sotish uchun qo‘yiladigan boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7 084 ming so‘mni, AYoQShlarda iste’molchilarga sotiladigan yakuniy narxi esa bir litri uchun 6 000-6 200 so‘mni tashkil etmoqda.

Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi «Buxoro NQIZ» MChJda AI-80 rusumli avtobenzini ishlab chiqarish quvvatlaridan 130-140 foiz (kunlik avtobenzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 750 tonnadan 3 300 tonnaga oshirilgan) darajada foydalanilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: