Asosiy hamkor davlatlar, oltin va gaz eksporti – O‘zbekistonning 2022 yilgi tashqi savdosi

Iqtisodiyot 15:49 / 28.01.2023 34639

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2022 yil yanvar-dekabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir hisobotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 50 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 19,3 mlrd dollarni, import hajmi esa 30,7 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 15,9 foizga, import hajmi 20,4 foizga o‘sgan. Tashqi savdo salbiy saldosi 11,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Pandemiya inqirozi va xalqaro bozorlardagi vaziyat yomonlashuvi fonida hukumatning bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga olib kirishga qo‘yilgan to‘siqlarni yumshatishi import hajmi sezilarli darajada oshishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

2022 yilda O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyaga bog‘liqligi yanada kuchaygan. Rossiyaning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,3 mlrd dollarga yetgan va bu borada Xitoyni ortda qoldirgan. Har ikkala mamlakatning umumiy TSAdagi ulushi esa 36,4 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yil yakunlari bo‘yicha 35,6 foiz, 2020 yil yakunlari bo‘yicha esa 33,2 foiz bo‘lgan.

O‘tgan yilda TSAning nisbatan salmoqli hissasi Rossiya (18,6 foiz), Xitoy (17,8 foiz), Qozog‘iston (9,2 foiz), Turkiya (6,4 foiz), Koreya (4,7 foiz), Qirg‘iziston (2,5 foiz) va Germaniya (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda. 

2022 yilda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

  • Rossiya – 3 mlrd;
  • Xitoy – 2,5 mlrd;
  • Turkiya – 1,5 mlrd;
  • Qozog‘iston – 1,38 mlrd;
  • Qirg‘iziston – 980 mln;
  • Afg‘oniston – 750 mln;
  • Tojikiston – 520 mln;
  • Turkmaniston – 195 mln;
  • Eron – 140 mln;
  • Polsha – 132 mln dollar.

O‘zbekiston importida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

  • Xitoy – 6,4 mlrd;
  • Rossiya – 6,2 mlrd;
  • Qozog‘iston – 3,2 mlrd;
  • Koreya – 2,3 mlrd;
  • Turkiya – 1,7 mlrd;
  • Germaniya – 1 mlrd;
  • Turkmaniston – 731 mln;
  • Hindiston – 655 mln;
  • Braziliya – 553 mln;
  • Belarus – 409 mln dollar.

Oltin eksporti

Hisobot davrida 4,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Jahon bozorida oltin narxlari pasayishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki mart-oktabr oylari davomida qimmatbaho metall eksportini amalga oshirmadi. Taqqoslash uchun, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan. Garchi oltin eksporti borasidagi statistik ma’lumotlar batafsil keltirilmagan bo‘lsa ham, o‘tgan yilda avvalgi yillarga qaraganda oltin sotishdan kamroq daromad olinganini ko‘rish mumkin. Oltinning umumiy eksportdagi ulushi ham 21,3 foizgacha (2021 yilning mos davrida 24,7 foiz) pasaygan.

Gaz va neft sotish ko‘paygan, elektr toki eksporti kamaygan

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022 yil yanvar-dekabr oylarida 911 mln dollarlik tabiiy yoki sun’iy gaz eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 25,9 foizga ko‘proq. Shuningdek, 168,1 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari sotilgan. Bu ko‘rsatkich ham 2021 yilga nisbatan 2,1 barobarga ko‘p. O‘z navbatida, hisobot davrida 76,8 mln dollarlik elektr toki sotilgani qayd etilgan va eksport hajmi 30,2 foizga kamaygan. Shuningdek, hisobot davrida 356 mln dollar qiymatidagi avtomobillar eksport qilingan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6,9 foizga kam.

O‘tgan yilda 1,14 mlrd dollarlik 1 mln 743,7 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 18,5 foizga ko‘p.

2022 yil yakuniga ko‘ra, mashina va transport uskunalari importi hajmi 16,9 foizga oshib, 9,64 mlrd dollarni, importning umumiy hajmidagi ulushi esa 31,4 foizni (2021 yilda - 32,4 foiz) tashkil etgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yilda 1,27 mlrd dollarlik neft va neft mahsulotlari (o‘sish – 9,8 foiz), 282 mln dollarlik gaz (o‘sish – 82,5 foiz), 122 mln dollarlik elektr toki (kamayish – 20,2 foiz), 122 mln dollarlik ko‘mir, koks va briket (o‘sish - 29,7 foiz) mahsulotlari import qilingan. 

Ko‘proq yangiliklar: