«Arsenal» chempionlikka qarab ketmoqda, «Real» «Barsa»ni uzoqlashtirmayapti. Yevropada tur yakunlari

Sport 14:02 / 23.01.2023 41308

«Arsenal» «MYu» bilan otishmada ustun keldi va APLda birinchi o‘rinni mustahkamladi. Eddi Nketiya — «Emireyts»dagi uchrashuv qahramoni.

«Arsenal» — «Manchester Yunayted» 3:2
Gollar: Nketia (24, 90), Saka (53) — Reshford (17), Martines (59).
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 46), Gabriel, Saliba, Zinchenko, Chaka, Parti, Edegor (Holding, 90+3), Saka, Nketia, Martinelli (Trossar, 82).
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Varan (Garnacho, 90+2), Martines, Shou, Eriksen, Fernandesh, Maktominey, Veghorst, Reshford, Antoni (Fred, 71).
Ogohlantirishlar: Uayt (19), Antoni (47), Shou (83).

Eng yaxshi davrlarni eslatib

Asr boshida «Arsenal» va «Manchester Yunayted» qarama-qarshiligi jahon futbolidagi asosiy to‘qnashuvlardan biri edi. Anri va Runi, Viyeyra va Skoulz, Adams va Giggz, Venger va Fergyuson — bu nomlarning barchasi tarixda o‘z izini qoldirdi. Futbol muxlislari o‘tmish bilan yashashni yoqtirishmaydi, ammo «Arsenal» va «MYu» ixlosmandlari so‘nggi yillarda aynan shunday yashashga majbur bo‘lishmoqda.

Ikki grand ham anchadan buyon Angliya chempioni bo‘lmadi, bu esa g‘olib bo‘lishga odatlangan klublar uchun og‘riqli. Ammo bu mavsumda ularda umid paydo bo‘ldi: bu ayniqsa «Arsenal»da imkon doirasidagi ishga aylandi.

Navbatdagi o‘zaro uchrashuvga ikki jamoa ham juda yaxshi formada yetib keldi. Ikkinchi davra boshlangach, ikki jamoa ham bir martadan durang o‘ynadi, qolgan uchrashuvlarda esa g‘alaba qozondi. Ijtimoiy tarmoqlarda Artetani Venger bilan, ten Xagni esa Fergyuson bilan tenglashtira boshlashdi, holbuki bu ikki mutaxassis ham iste’fo yoqasida qolganiga u qadar ko‘p bo‘lmadi. Ayniqsa ten Xagni mavsum startidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun ishdan bo‘shatishni juda xohlashgandi. Ammo niderlandiyalik mutaxassis vaziyatni o‘ngladi va birinchi davrada «Arsenal» yagona mag‘lubiyatni aynan shu jamoadan qabul qilib oldi.

Passiv «Yunayted»

«Emireyts»da «MYu»dan ham sifatli o‘yin kutish mumkin edi, biroq buning shartlari bor edi: Kazemiro «Kristal Pelas» bilan o‘yinda ortiqcha sariq kartochka olib, diskvalifitsiyaga uchragach, jamoa maydon markazini «Arsenal»ga topshirib qo‘yishi va katta qiyinchiliklarga uchrashi taxmin qilindi. Umuman olganda shunday ham bo‘ldi. «MYu» birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish bo‘yicha raqib bilan tengma-teng ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa ham, jamoaga konstruktiv pozitsion hujumlar yetishmadi. «Arsenal» esa doimiy ravishda shoshilib o‘ynadi va oddiy vaziyatlarda to‘pni raqibga berib qo‘ydi, natijada o‘yin teng kechayotgani to‘g‘risida illyuziya paydo bo‘ldi. Aslida esa mehmonlarning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi steril (samarasiz) edi.

«Yunayted» birinchi bo‘lib gol urdi — qishda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan Reshford bu o‘yinda ham nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va golli seriyasini 9 o‘yinga yetkazdi. O‘yinning birinchi yarim soati o‘tib borayotganida, hisob 1:1 ekanida, Maktominey uzoqdan zarba yo‘lladi — Remsdeyl to‘pni qaytardi. Birinchi bo‘limda «MYu»da bori shu bo‘ldi — faqat ikki zarba yo‘llandi (zarbalar soni bo‘yicha 2:11) va boshqa xavfli vaziyatlar ham yaratilmadi.

«Arsenal» futbolchilari esa tirishqoq edi, ammo shoshqaloq ham. Londonliklar shu tufayli gol o‘tkazib yuborishgandi: Parti himoyadan hujumga o‘tishda shoshilib to‘pni yo‘qotdi. Shunga qaramay, «Arsenal» tezda hisobni tenglashtirdi: Nketia Chakaning qanotdan uzatmasini bosh bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Haqiqiy triller

Arteta katta ehtimol bilan tanaffusda jamoadan xotirjam bo‘lishni va tezlikni me’yorida saqlashni so‘ragan. Ikkinchi bo‘lim boshida «Arsenal» hujumlaridan tartibsizlik yo‘qoldi va bu ikkinchi golga olib keldi. Bu holatda Arteta ham raqibning og‘riqli nuqtasidan foydalandi: «Yunayted» butun chiziq bo‘ylab himoyalanmadi, qanot himoyachilari pressingda juda sust harakatlanishdi. Birinchi bo‘limda De Xea darvozasiga gol chap qanotdan kelgandi, ikkinchisi — o‘ngdan: Saka o‘z uslubida chap oyoqda aniq zarba yo‘lladi.

Ammo hozirgi «Arsenal»da ojiz nuqtalar bor va bu ten Xagga ma’lum. «Tottenhem» bilan derbida ham hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, «kanonirlar» himoyada o‘ynashga qaror qilgan va yakunda baribir uch ochkoni saqlab qolishgandi. Bu safar ham shunday bo‘ldi, ammo hisob 2:1 edi. «Yunayted» oldinda erkinlikka erishdi, bosimni kuchaytirdi va burchakdan to‘p uzatilgan vaziyatda hisobni tenglashtirdi. Bu standart vaziyatda «Arsenal» futbolchilariga savollar bor: Remsdeyl to‘pga chiqishda yomon harakatlandi, himoyachilar esa jarima maydoni markazida 175 santimetr bo‘yga ega Martinesni yopishmadi va argentinalik himoyachi bosh bilan gol urishiga qo‘yib berishdi.

«Arsenal» o‘yinda uchinchi bor barchasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keldi. O‘yin oxiriga borib futbolchilar toliqishgandi, shu tufayli yana oldinga borish qiyin edi. Shunga qaramay vaziyatlar bo‘ldi — jumladan, Saka egizak gol urishga yaqin keldi, ammo uning zarbasi avval himoyachiga, keyin ustunga tegdi.

Biroz tin olib, «Arsenal» yana hujumga o‘tdi, bunda jamoaga yangi futbolchi Trossar ham yordam berdi. Ammo londonliklarga muvaffaqiyatni yangi xarid qilingan futbolchi emas, akademiya tarbiyalanuvchisi, doimiy ravishda tanqid qilinadigan hujumchi keltirdi. Nketia bu o‘yinda ham avvaliga juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi, 84-daqiqada u bir necha metrdan turib, himoyachilar qarshiligiga uchramagan holda zarba berdi, ammo to‘p to‘g‘ri De Xeaga bordi. Ammo asosiy vaqt oxirida forvard dublni rasmiylashtirib, jamoaga juda muhim g‘alaba keltirdi va o‘zini oqladi.

«Arsenal» og‘ir kechgan uchrashuvda g‘alaba qozonib, turnir jadvali yuqorisidagi o‘rnini mustahkamladi. Endi zaxirada bir o‘yin borligi holda asosiy ta’qibchi «Manchester Siti» bilan oradagi farq 5 ochkoni tashkil etmoqda, «Yunayted» esa yetakchidan 11 ochko ortda qolib ketgan va to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Londonliklar uchun chempionlik yanada reallashdi — Arteta shogirdlari chindan ham uzoq kutilgan triumfga yaqin.

Angliya: Shanba kungi quruq o‘yinlar va jilovlanmagan Holland

«Liverpul» – «Chelsi» – 0:0
«Liverpul»: Alisson, Gomes, Konate, Roberson, Baychetich, Tiago Alkantara, Keyta (Nunes, 65), Milner (Aleksandr-Arnold, 72), Elliott, Saloh, Gakpo.
«Chelsi»: Arrisabalaga, Chaloba, Tiago Silva, Badyashil, Kukurelya, Jorjino, Ziyesh, Maunt, Gallaher, Holl (Mudrik, 55), Haverts.

«Liverpul» va «Chelsi»ning joriy mavsumda ko‘rsatayotgan natijalari ushbu o‘yin afishasini tushirib yubordi. Ammo mavsum omadsizlari bu o‘yin arafasida muxlislarini xursand qilib, o‘z kayfiyatini ham ko‘tarib olgandi. Qizillar «Vulverhempton» bilan takroriy o‘yinda g‘alaba qozonib, Angliya kubogidagi ishtirokini davom ettirdi, londonliklar esa chempionat doirasida «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda yil boshidan buyon ilk g‘alabasiga erishdi.

O‘zaro o‘yinni esa «Chelsi» kuchli boshladi, ammo burchak zarbasidan keyin urilgan gol hisobga olinmadi, chunki bu vaziyatda to‘pni darvoza ustuniga tekkizgan Tiagu Silva ham, qaytgan to‘pga zarba bergan Havers ham ofsaydda qolishgandi. Yana bir standart vaziyatda Badiashil xavfli zarba berganida Alisson nafaqat turning, balki butun mavsum hit-paradlaridan o‘rin egallaydigan seyv ijro etdi.

«Liverpul» esa faqat tanaffus arafasida uyg‘ona boshladi. Saloh faollik qildi, ammo zarbalarda aniqlik yetishmadi. Ammo mezbonlarning hujumlari «Chelsi»ning maydonda Mudrik paydo bo‘lgandan keyingi hujumlari kabi xavfli bo‘lmadi, ukrainalik iqtidor sohibi jarima maydoni ichida ikki raqibni ortda qoldirib, zarba berdi, ammo to‘p darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi. U yana ikki holatda to‘pni jarima maydoniga olib kirib, sheriklarini qulay vaziyatga chiqardi, ammo sheriklar bu vaziyatlardan foydalana olmadi. Mersisaydliklar safida Gakpoda ham qulay vaziyat bo‘ldi, ammo Kepa qutqardi.

Liverpulliklar mudofaasining o‘ng qanotida o‘ynagan Milner ko‘klarning yangi futbolchisiga bardosh bera olmadi va unga fol ishlatib, sariq kartochka oldi, yana bir vaziyatda uzoq ustun oldida o‘zi qo‘riqlashi kerak bo‘lgan ushbu futbolchini bo‘sh qoldirdi. Natijada Yurgen Klopp uning o‘rniga maydonga hamisha ham ishonchli o‘ynamasa ham, tezkor bo‘lgan Aleksandr-Arnoldni tushirishga qaror qildi. Shundan keyin o‘yin ancha xotirjamlashdi, himoyachining raqib jarima maydonida yo‘llagan zarbasi yuqoriroqdan ketmaganida murabbiyning bu qarori o‘zini to‘la oqlagan bo‘lardi. Ammo o‘yinda hisob ochilmay qoldi va Klopp o‘z faoliyatidagi 1000-o‘yinida durang bilan qanoatlanishga majbur bo‘ldi, bu natija esa uni ham, Grem Potterni ham qoniqtirmaydi. Qolaversa, bu o‘yinda «Chelsi»ning asosiy tarkib futbolchilaridan biri Chaloba ham safdan chiqdi.

«Kristal Pelas» — «Nyukasl» 0:0
«Kristal Pelas» – Guaita, Uord (Klayn, 71), Geyi, Richards, Mitchell, Shlupp (Hyuz, 65), Eze (Olise, 65), Dukure, Ayyu, Zaa (Mateta, 65), Eduar (Ozo, 90). 
«Nyukasl» – Poup, Tripper, Sher, Botman, Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff, Uillok (Sen-Maksimen, 69), Almiron (Merfi, 86), Uilson (Isak, 69), Joelinton.
Ogohlantirishlar: Geyi (4), Tripper (57), Hyuz (75), Dukure (87), Olise (90+4), Joelinton (90+4).

«Liverpul» va «Chelsi» «Nyukasl»ga havas qilishga majbur bo‘lgan o‘rinlarda qolmoqda. Ammo shu kuni «qarg‘alar» ham o‘z muxlislarini gollar bilan xushnud eta olmadi. Aytish kerakki, so‘nggi vaqtlarda jamoa uchun gol urish muammoga aylangan. Eddi Hau qurgan mudofaa chizig‘i — APLda eng yaxshisi (jamoa eng kam gol o‘tkazgan), ammo futbolchilar gol urishda qiynalishmoqda. 31 dekabrdan buyon «Nyukasl» chempionatda to‘rt o‘yin o‘tkazdi, shundan uchtasida golsiz durang qayd etildi. Albatta, bu davr oralig‘ida «Arsenal» hujumchilari to‘xtatib qolingani bilan faxrlanish mumkin, ammo o‘tgan turda Isak so‘nggi daqiqalarda «Fulhem»ga gol urmaganida barchasi qayg‘uli kechishi mumkin edi. Boshqa tomondan baribir beshinchi o‘rindagi «Tottenhem»dan o‘zib ketildi. Qolaversa, «Kristal Pelas» ham oddiy raqib emas — uch kun muqaddam bu jamoa «MYu»ning g‘alabali seriyasini to‘xtatgandi.

«Manchester Siti» — «Vulverhempton» 3:0
Gollar: Holand (40, 49, 54). 
«Manchester Siti» – Ederson, Stounz, Laport, Akanji, Lyuis (Ake, 46), Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Silva, 77), Grilish, Rodri (Fillips, 77), Mahrez (Palmer, 81), Holand (Alvares, 61). 
«Vulverhempton» – Sa, Semedu, Kollinz, Kilmen, Bueno (Ait-Nuri, 81), Lemina (Podense, 67), Nevesh, Nunesh, Ximenes (Kunya, 46), Traore (Sarabiya, 46), Hvan Hi Chhan (Moutino, 46).
Ogohlantirishlar: Kilmen (10), Lemina (13), Rodri (25).

O‘ziga xos bo‘lmagan «quruq» o‘yinlardan keyin Erling Holand kuchli hafta o‘tkazdi. Payshanba kuni u «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda kambekni ta’minlagan hal qiluvchi gollardan birini urgandi. Yakshanba kuni esa «Vulverhempton» uchun haqiqiy dahshatga aylandi, bu raqib unga qarshi hech narsa qila olmagani yetmasdan, sovg‘a ham tayyorlagandi. Gap mehmonlar posboni, to‘pni Mahrezning oyoqlariga tashlab bergan Joze Sa haqida ketmoqda, shundan keyin jazoirlik futbolchi Holandni bo‘sh burchak qarshisiga chiqarib yubordi.

Shu tariqa Erling APLdagi to‘rtinchi het-trigini rasmiylashtirdi — va turnirda navbatdagi rekord yangilandi. Bu natijaga barchadan erta — 65 o‘yinda —  Ruud van Nistelroy erishgandi. Holand uchun esa 19 o‘yin yetarli bo‘ldi, agar u sur’atni pasaytirmasa, Alan Shirer ham tarixiy yutug‘i bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keladi. Afsonaviy forvard 1995/96 yilgi mavsumda bir chempionat doirasida besh bor het-trik qayd etgandi.

Holandning yutuqlariga faqat Mahrez emas, De Bryuyne ham hammuallif hisoblanadi. Belgiyalik futbolchi bu mavsumda barcha turnirlar doirasida 16 ta golli uzatma muallifi bo‘lib ulgurdi (shundan 7 tasi — norvegiyalik hujumchiga uzatilgan). Bu top-5 ligalardagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Ispaniya: basklar raqobat ko‘rsatmoqda, Benzema Raul bilan tenglashdi

«Rayo Valekano» — «Real Sosedad» 0:2
Gollar: Syorlot (15), Barrenechea (36).
«Real Sosedad» – Remiro, Elustondo, Le Norman, Subeldiya, Riko, Mendes (Martin, 65), Marin (Fernandes, 81), Silva (Olasagasti, 65), Ilyarramendi, Syorlot (Oyarsabal, 65), Barrenechea (Navarro, 70).

Shanba kuni Ispaniyada jamoalarning Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun poygasini «Real Sosedad» ochib berdi va basklar o‘zi qilishi kerak bo‘lgan ishni qildi. Birinchidan, ochkolar soni bo‘yicha Madridning «Real» klubi bilan tenglashdi, ikkinchidan, o‘z ta’qibchilari bilan masofani saqlab qoldi. Bunda norvegiyalik forvard Syorlotning o‘yinini alohida qayd etish kerak, u qatorasiga beshinchi o‘yinda gol urdi. San-Sebastyan jamoasining g‘alabali seriyasi ham shuncha o‘yindan iborat.

«Atletiko» — «Valyadolid» 3:0
Gollar: Morata (18), Grizmann (23), Ermoso (28). 
«Atletiko» – Oblak, Molina, Vitsel, Ermoso, Reynildu, Koke (Saul, 75), Lemar (Kondogbia, 59), Lorente (De Pol, 56), Korrea, Morata (Depay, 75), Grizmann (Karrasko, 56).
Ogohlantirishlar: Reynildu (36), Kike Peres (38).

«Atletiko» uchun «Real Sosedad»ni ta’qib qilish — ikkinchi darajali vazifa. Muhimi to‘rtinchi o‘rinda mustahkam joylashish hisoblanadi va «matraschilar»ning vazifasini Ispaniya Kubogini tark etish ortidan tur o‘yinida «Espanol»ga yutqazgan «Betis» osonlashtirdi. Madridliklar o‘z ishini qilishi kifoya edi va ular buni uddalashdi, birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib ligada qolish uchun kurashuvchi raqib darvozasiga uch gol yo‘llandi. Diyego Simeone jamoasi la ligada o‘yinni 2017 yildan buyon bu qadar kuchli boshlamagandi.

Morata muallifligidagi birinchi gol ko‘p jihatdan qadrlidir. Birinchidan, estetlar Grizmanning tovonda bergan pasidan ham, himoyachi va darvozabonni yo‘ldan olib, darvozani ishg‘ol etgan gol muallifining ijrosidan ham rohatlangani aniq. Ikkinchidan, Morata la liga o‘yinlarida raqiblar darvozalariga urgan gollari sonini 50 taga yetkazib, yubileyini nishonladi, e’tiborli jihati, u bu gollarning teng yarmini «Atletiko», qolgan yarmini «Real» safida urgan.

O‘yin masalasi hal bo‘lgach, qizil-oqlar muxlislari Depayning debyutini kuta boshlashdi, Simeone esa jamoaning yangi a’zosiga ko‘p vaqt bermay, uni faqat 75-daqiqada maydonga tushirdi. Shu vaqt ham namunali gol uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi, ammo darvozabonni aldab o‘tgan niderlandiyalik futbolchiga uning ortidagi himoyachi to‘sqinlik qildi.

«Vilyarreal» — «Jirona» 1:0
Gol: Parexo (90+11, penalti).
Aniq ijro etilmagan penalti: Jyerar Moreno (90+3).
«Vilyarreal» – Reyna, Mandi, Pau Torres, Kuenka (Fall, 61), Moxika (Alberto Moreno, 86), Kapu (Trigeros, 81), Parexo, Aleks Baena, Chukvueze (Kollado, 86), Pino (Morales, 81), Jyerar Moreno.
Ogohlantirishlar: Bueno (3), Jyerar Moreno (18), Pino (25), Migel Guterres (32), Pau Torres (37), Stuani (40), Aleks Baena (45+1), Alberto Moreno (90+6), Xuanpe (90+9).
Chetlatish: Bueno (78).

«Vilyarreal» YeChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan guruh vakillari o‘yinlarini yakunlab berdi va qo‘shimcha daqiqalarda natijaga erishdi. Jamoa o‘yin davomida «Jirona»dan ustunlik qildi, qolaversa «sariq submarinalar» 78-daqiqada Bueno chetlatilgach, bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynay boshladi.

Lekin qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida aql bovar qilmas hodisa ro‘y berdi: Jyerar Moreno shu kuni fenomenal o‘yin ko‘rsatgan Gassanige bilan duelni boy berib, penaltidan gol ura olmadi. Ammo bu barchasi emasdi va mezbonlar yana bir 11-metrli jarima zarbasi ishlashdi, uni esa Dani Parexo aniq ijro etdi. Syujyet bo‘yicha unikal bo‘lgan drama sekundomerda 100:01 raqamlari yongan vaqtda yakunlandi. Bu g‘alaba evaziga Kike Seten shogirdlari to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Atletiko» bilan tenglashib oldi.

«Barselona» — «Xetafe» 1:0
Gol: Pedri (35).
«Barselona» – ter Stegen, Serji Roberto (Alonso, 77), Kristensen (Erik Garsiya, 46), Kunde, Balde (Alba, 46), Buskets, Pedri, Gavi, Dembele, Rafinya (Kessie, 62), Fati.
«Xetafe» – Soriya, Suares, Jyene, Duarte, Alderete, Iglesias (Alvares, 84), Alenya, Milya (Seoane, 84), Algobiya (Vilyar, 62), Mayoral (Portu, 77), Unal (Latasa, 84).
Ogohlantirishlar: Alderete (44), Dembele (68), Unal (82).

«Kamp Nou»dagi o‘yinning eng yaqqol natijasi — «Barselona» 17 turda to‘plagan 44 ochko. Buni chempionlik grafigi deyish mumkin, chunki bu — jamoaning 2017/18 yillar mavsumidan buyon eng yaxshi natijasi, o‘shanda ko‘k-anorranglilarning hozircha eng so‘nggi chempionligi qayd etilgandi. Superkubok uchun bahsda «Real» darvozasini ham ishg‘ol etgan Pedri qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol urdi va «Xetafe» ustidan g‘alabani ham ta’minladi, bu esa Levandovski yo‘qligida juda muhimdir. Polyak hujumchining uch o‘yindan iborat diskvalifikatsiyasi yakunlandi va keyingi turda u la liga o‘yinlariga qaytadi.

«Atletik» — «Real» 0:2
Gollar: Benzema (24), Kroos (90).
«Atletik» – Unai Simon, De Markos (Lekue, 76), Vivian, Paredes, Berchich, Vesga (Raul Garsiya, 86), Sanset (Muniain, 67), Sarraga (Errera, 67), N.Uilyams, Berenger (Guruseta, 67), I.Uilyams.
«Real» – Kurtua, Nacho, Ryudiger, Militao, Mendi, Sebalos (Kroos, 85), Valverde, Kamavinga, Benzema, Asensio (Modrich, 73), Vinisius (Rodrigo, 83).
Ogohlantirishlar: Berchich (50), Vivian (58), Kamavinga (62), Vinisius (79), Errera (88).

«Real» esa o‘zining azaliy raqibi bo‘shashishiga yo‘l qo‘ymadi va kichik inqirozni yengib o‘tdi. Madridliklar navbatdagi tur o‘yinida juda kuchli o‘yin ko‘rsatmadi va to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishmadi, lekin barcha bilib turardi: Karlo Anchelotti jamoasi uchun bu talab etilmasdi. Chorshanba kuni Ispaniya Kubogi doirasida «Vilyarreal»ga qarshi o‘yin ham shunday kechgandi, o‘shanda chempionlar tanaffusga qadar ikki to‘p farqi bilan ortda bora turib, o‘yinda burilish yasay olishgandi.

«Atletik» gol ura olmasa ham, birinchi bo‘limning katta qismida raqibga nisbatan faolroq o‘ynadi. Keyin esa Benzema katta sahnaga chiqib, la ligadagi 228-golini urdi. Bu orqali Madridning boshqa afsonasi — Raulning natijasi takrorlandi. Tabiiyki, endi oldinda faqat Krishtianu Ronaldu (311). O‘yin oxirida Kurtua darvozasini kuchli shturm qilgan mezbonlarni Kroosning goli tinchlantirdi, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan u va Modrichga chorakfinalda «Atletiko»ga qarshi o‘yin uchun dam olish imkoni berilgandi.

Italiya: Dibala «Roma»ni Chempionlar ligasi sari yetaklamoqda

«Spetsiya» — «Roma» 0:2
Gollar: Al-Sha’roviy (45), Abraham (49). 
Spetsiya – Drongovski, Xolm (Ferrer, 13), Kaldara, Amyan, Xristov (Espozito, 46), Ampadu, Retsa (Bragansa Moutinyu, 79), Burabiya (Kovalenko, 55), Agudelo, Jasi, Verde (Maldini, 46). 
Roma – Patrisiu, Chelik, Smolling, Manchini, Rojyer, Matich, Kristante (Kamara, 90+3), Al-Sha’roviy (Bove, 71), Dibala (Belotti, 85), Abraham (Solbakken, 90+3), Zalevski.
Ogohlantirishlar: Burabiya (36), Kaldara (40), Retsa (58), Chelik (88).

Turnir jadvali quyi qismidan chiqish uchun qahramona operatsiya boshlagan va qatorasiga besh turda mag‘lub bo‘lmagan «Spetsiya» Dibalani to‘xtata olmadi. Argentinalik futbolchi o‘z darajasini ko‘rsatmoqda, u jarohatidan tuzaliboq «Roma»ning natijalarini yaxshilay boshladi. Mavsum boshidan buyon u jami 13 o‘yinda maydonga tushdi (barchasida ham boshlang‘ich tarkibda emas) va 10 ta samarali ball ishladi. 7 bor u o‘zi gol urgan va uch marta sheriklarini pas bilan ta’minlagan.

Yakshanba kungi o‘yinda Dibala yana natija keltirdi - birinchi bo‘lim oxirida va ikkinchi bo‘lim boshida ikki golni tashkillashtirdi. Birinchi vaziyatda u o‘zi gol urishi mumkin edi, ammo yanada nozikroq o‘ynashga qaror qilib, to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqib kelgan Al-Sha’roviyga tashlab berdi. Ikkinchi vaziyatda — maydon markazida raqibning uzatmasini egallab olib, so‘nggi himoyachi bilan yakkama-yakka holatda qolgan Abrahamni oldinga tashladi. Endi «Roma» kuchli to‘rtlikda, bunda «Yuventus» bilan bog‘liq mojaroning ham hissasi bor.

«Yuventus» — «Atalanta» 3:3
Gollar: Di Mariya (25, penalti), Milik (34), Danilo (65) — Lukman (4, 53), Mele (46).
«Yuventus» – Shchensni, Sandro, Danilo, Bremer, Makkenni, Kostich (Keza, 61), Di Mariya (Miretti, 74), Rabo, Lokatelli, Fajoli (Kuadrado, 81), Milik (Ken, 74). 
«Atalanta» – Musso, Hatebur, Palomino (Demiral, 15), Toloi, Skalvini, Mele (Rujyeri, 84), de Ron, Ederson (Jimshiti, 83), Boga (Pashalich, 66), Lukman, Heylund (Muriel, 83).
Ogohlantirishlar: Ederson (49), Keza (90+2), Hatebur (90+2).

«Yuventus» 15 ochkodan mahrum etilgach, jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi holatini tasavvur qilish qiyin. Turinliklar bu qaror natijasida 10-o‘ringa tushib ketdi va Massimiliano Allegrining barcha mehnatlari havoga uchdi. Lekin murabbiy o‘yin arafasida so‘zlarni to‘g‘ri tanlay oldi.

«Ertaga muhim o‘yin. Ayniqsa kecha bo‘lgan ishdan keyin bu yanada muhim. Biz yanada ko‘proq jipslashishimiz va ishlashda davom etishimiz kerak. Biz, xodimlar va futbolchilar shunchaki o‘yin haqida o‘ylashimiz kerak. Jarima bilan bog‘liq hech narsa o‘zgarmaydi: biz odatdagidek ochko jamg‘arish uchun o‘ynashimiz kerak», dedi murabbiy.

Ammo «Yuve» atrofidagi voqealar baribir futbolchilarga ta’sir ko‘rsatgan va o‘yinni kuchaytira boshlagan «Atalanta» bilan o‘yinda «byankoneri» hisobda quvuvchi jamoa rolini bajardi. Lukman o‘ninchi golini urib, Jan Pero Gasperini jamoasida yangi futbolchilar odatga xilof ravishda tezda jamoaga qo‘shilib ketishi ham mumkinligini isbotlamoqda. Angliyalik futbolchi bergamoliklar safida o‘tgan asrning 50-yillaridan buyon kuzatilmagan tezkorlik namoyish etdi.

Ammo «Yuventus»ni shuning o‘zi bilan nokautga uchratish qiyin.  Neapoldagi yirik mag‘lubiyat — alohida tarix, bu safargi o‘yinda esa «Atalanta» tanaffusga mag‘lub maqomida yo‘l oldi. O‘yinda Lokatellining yakkaxon yurishi burilish yasashni boshladi, bu hujum penaltiga olib keldi. Bu jarima zarbasini aniq ijro etgan Di Mariya keyingi hujumda tovoni bilan Fadjoliga pas berdi, u esa Milikning gol urishini ta’minladi. Shundan so‘ng turinliklar barchasini o‘z qo‘liga olishi kutilgandi, ammo bu o‘yinda eyforiya estafeta tayoqchasidek almashdi.

Lukman ham tanaffuslar bilan o‘zini ko‘rsatishda davom etdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan mehmonlarning yorqin futbolchisi Meleni golli pas bilan ta’minladi. Keyin esa qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvoza to‘riga yo‘llab, jamoasini yana oldinga boshladi. Ammo Di Mariya yana tovoni bilan berilgan pas orqali diqqat markazida bo‘ldi. Barcha u jarima nuqtasidan to‘pni darvozaga yo‘llashini kutganida, Anxel raqibni dog‘da qoldirib, to‘pni Daniluga tashlab berdi, u esa darvozaning pastki burchagini aniq nishonga oldi. Aql bovar qilmas o‘yin — va ko‘p jihatdan «Yuve» hali tirikligini ko‘rsatuvchi natija.

Germaniya: Aller triller o‘yinda qaytdi

«Borussiya» D — «Augsburg» 4:3
Gollar: Bellingem (29), Shlotterbek (42), Bayno-Gittens (75), Reyna (78) — Mayyer (40), Demirovich (45+1), Cholina (77).
Borussiya D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Gerreyru, Brandt (Zyule, 90+1), O‘zjan, Bellingem, Malen (Bayno-Gittens, 70), Adeyyemi (Reyna, 70), Mukoko (Aller, 62). 
Augsburg – Gikevich, Gumni, Gaueleu, Uduoxay, Pedersen, Mayyer (Baumgartlinger, 76), Vargas (Kardona, 12; Yyensen, 65), Rejbechay (Cholina, 76), Engels, Demirovich, Belo (Yyeboa, 76).
Ogohlantirishlar: Pedersen (45), Kardona (54), Yyensen (69), Bellingem (84), Engels (90+2).

O‘yin arafasida «Borussiya» maydon tashqarisida o‘ziga xos g‘alabaga erishgan, o‘z vunderkindi Mukoko bilan shartnomani baribir yangilagandi. «Augsburg» bilan o‘yinda esa «Signal Iduna Park» tribunalariga yig‘ilgan muxlislar aql bovar qilmas o‘yin guvohiga aylanishdi. Lekin golli otishma yosh forvard ishtirokisiz kechdi — ikkinchi bo‘lim davomida uning o‘rniga onkologik kasallikdan davolanish kursini o‘tagan Aller tushirildi.

Turnir jadvali quyi qismida qolayotgan «Augsburg» yevrokuboklar zonasidagi «asalarilar» bilan hisobda quvlashmachoq o‘ynadi. Dortmundliklarning uch goliga har safar darhol javob qaytarildi, o‘yinning eng qizg‘in pallalari esa ikkinchi bo‘limdagi uch daqiqalik bo‘ldi, unda dastlab maydonga tushganiga 34 soniya bo‘lgan Cholina o‘yinda uchinchi bor muvozanatni tikladi, ammo bir lahza o‘tib mezbonlar jokeri Reyna «Borussiya»ga g‘alaba keltirgan golni urdi. Bu kecha dortmundliklar g‘alabani qo‘ldan chiqarishi ham mumkin edi, ammo hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalinishi arafasida Demirovich yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, to‘pni darvoza to‘sini yuqorisidan o‘tkazib yubordi.

Kun statistikasi

  • Belgiya chempionatida «Bryugge» himoyachisi Mexele so‘nggi uch o‘yinda 2 avtogol muallifi bo‘ldi.
  • Yarimhimoyachi Saka «Arsenal»ning «MYu»ga qatorasiga uch o‘yinda gol urgan uchinchi futbolchisi bo‘ldi, bungacha bu ishni Freddi Yungberg va Terri Anri uddalagan.
  • «Sampdoriya» qatorasiga 6 uy o‘yinida gol ura olmayapti. Bu genuyaliklarning Italiya chempionatida 1976 yildan buyon eng yomon seriyasi.
  • «Yuventus» A Seriyada 1988 yildan buyon ilk bor ketma-ket ikki o‘yinda 8 gol o‘tkazdi.
  • «Feyyenoord»ga qarshi o‘yinda birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, «Ayaks» hisobni tenglashtirdi va mag‘lubiyatsiz seriyasini 8 o‘yinga yetkazdi (+4=4).
  • Germaniya chempionatining 17-turida 41 gol urildi. Bu 2001/02 yillar mavsumining so‘nggi turidan buyon eng gollarga boy o‘yin kuni bo‘ldi, 21 yil oldin darvozalarga 44 gol urilgandi.
  • «Everton» 20 turda 15 ochko to‘plagan. Bu klubning Angliya futbolida uch ochkolik tizimga o‘tilganidan buyon eng yomon natijasidir.
Ko‘proq yangiliklar: