Reportaj: Andijonning qator maktablarida 3-chorak sovuq xonalarda boshlandi

Jamiyat 21:21 / 11.01.2023 20631

Viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, faqat o‘quv jarayoniga tayyor va isitish tizimida muammosi yo‘q maktablardagina darslar boshlangan. Lekin kuzatuvlarimiz bunday emasligini ko‘rsatdi.

Jumladan, Andijon shahridagi 50-maktabda ham 11 yanvar kunidan darslar boshlangan. Biroq maktab isitish tizimi qoniqarli emas.

gyT3zUwN-jerPjhpVU4ZcDVmYWKAwTeR.jpg (1280×720)

Shahardagi 11-maktabning isitish tizimi deyarli ishlamayapti. Xonalarga elektr isitgichlar qo‘yib olingan. Biroq bu ham muassasaning to‘liq isishiga yordam bera olmagan.

“Kotyollarimiz kechasi bilan ishladi. Isitishni ertaroq boshlaganimizda bunday muammo bo‘lmasdi. O‘quvchilar ko‘p kelsa, xonalar isib ketadi. Odatda bizning maktabimiz zaligacha issiq turardi. Davomat bo‘yicha, sinflar orasida 8-9 tadan o‘quvchi kelganlari ham, 20dan oshiq o‘quvchi kelganlari ham bor. Qayerdan kelishiga ham bog‘liq”, – deydi 11-maktab direktor o‘rinbosari Malohat Dadaboyeva.

Andijon tumanidagi 21-maktabda chiroq o‘chgani sababli xonalar sovuq. Chiroq o‘chganiga 2 soatdan oshgan. Elektr ta’minoti tiklangach, yana shuncha vaqt o‘tgachgina xonalar isishi mumkin.

Asaka tumanidagi maktablarda o‘qish 12 yanvardan boshlanishi munosabati bilan darslar o‘tkazilmagan. Shuningdek, maktablar direktorlaridan maktablar qish mavsumiga tayyorligi, isitish tizimida muammolar yo‘qligi va 12 yanvardan boshlab dars o‘tishga shay ekani yozilgan kafolat xatlari olingan. Bu xatlar viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov nomiga yozilmoqda.

Shahrixon tumanining ikkita ta’lim muassasasida bo‘lgan Kun.uz muxbiri isitish tizimi qolganlarga nisbatan yaxshi ekaniga guvoh bo‘ldi. Bu maktablar bir navbatli bo‘lib, muxbir borgan vaqtda dars jarayonlari yakuniga yetgan bo‘lgan.

O‘rganish davomida faqat sanoqli maktablardagina isitish holati qoniqarli ekaniga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning yarmi ham kelmagan. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, viloyat mutasaddilari dars jarayonlarini boshlashga shoshilgan.

Abduvali Qurbonov,
Jahongir Turg‘unov

Ko‘proq yangiliklar: