Marsda topilgan suv manbalari, robot-advokat va smartfondan ham ingichka noutbuk - hafta texnodayjesti

Fan-texnika 18:31 / 08.01.2023 79360

Robot-advokat

Foto: Getty Images

Tarixda birinchi marta sud majlisida robot-advokat ishlaydi. U munozara paytida o‘z mijoziga nima deyish kerakligi haqida ko‘rsatmalar beradi

Ma’lum qilinishicha, robot odamlarning gaplariga darhol munosabat bildirmaydi, balki muhokama tugagach, fikr-mulohazalarni tahlil qilgandan keyin yechimni taqdim etadi. 

Robot ixtirochisi Joshua Brauder so‘zlariga ko‘ra, u kelajakda advokatlar o‘rnini bemalol egallaydi. 

Qayd qilish joizki, sud jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish holati birinchi marta yuz bermayapti. Avvalroq, Xitoy dunyoda birinchi bo‘lib sud zalida sun’iy intellektdan foydalandi. 2022 yil iyul oyida mamlakatda sud tizimini «takomillashtirish» maqsadida ushbu texnologiyadan foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bunda sun’iy intellekt qonunlarni tavsiya etadi, hujjatlarni tuzadi va qarorlarda «insonning ehtimoliy xatosi» haqida ogohlantiradi. 

Endi xitoylik sudyalar har bir holatda sun’iy intellektga murojaat qilishi kerak, agar ular sun’iy intellekt tavsiyalarini buzsa, sabablarini yozma ravishda tushuntirishi lozim. 

Tanadagi alkogol miqdorini aniqlovchi aqlli soat

Foto: BYD

Xitoyning eng mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan bo‘lgan BYD noodatiy funksiyaga ega bo‘lgan aqlli soatni patentladi.

Qayd etilishicha, aqlli soat foydalanuvchi organizmidagi alkogol miqdorini aniqlay olish funksiyasiga ega. Bundan tashqari, yangi qurilma qon bosimi, qondagi kislorod miqdori, tana harorati, EKG natijalarini ham taqdim eta oladi.

Marsda topilgan suv manbalari

5dR9Eu89r11Wxmt1fEq8Add5k98Oxvea.jpg (750×295)

Curiosity marsyurari tomonidan 10 yil davomida Marsni o‘rganish natijasida to‘plangan ma’lumotlar Qizil sayyorada katta hajmdagi opal konlari borligini aniqlash imkonini berdi. Kelajakdagi kolonistlar uchun opal zargarlik buyumi sifatida emas, balki kafolatlangan suv manbai sifatida qiziqarli. Bu Marsdagi kelajak bazasi taqdiri uchun muhim kashfiyot.

Marsda opal konlari borligi 2008 yilda Reconnaissance Orbiter apparati tomonidan aniqlangan edi. Zond Qizil sayyoraning bir qancha hududlarida kremniy dioksidi konlari bilan bog‘liq bo‘lgan katta dog‘larni topdi. Kremniy dioksidi gidrati aynan opal bo‘lib, u kremniyga boy jinslarning suv bilan parchalanishi jarayonida hosil bo‘ladi. Eritma yoriqlar va bo‘shliqlarga kiradi va qattiqlashib, millionlab yillar davomida qimmatbaho mineralga aylanadi.

Opal tarkibidagi suv kristallga aylanmaydi, balki mineralni maydalash va isitish jarayonida yana suyuqlik holatiga keladi. Curiosity ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, uzunligi 1 m va chuqurligi 30 sm bo‘lgan konning hajmi 5,7 litrgacha suvni o‘z ichiga olishi mumkin. Marsyurar yo‘nalishi bo‘ylab bunday konlar juda ko‘p miqdorda aniqlangan. 

Smartfondan ham ingichka noutbuk

LG kompaniyasi Gram Ultraslim deya nomlanuvchi 15,6 dyuymli displey diagonaliga ega noutbukini taqdim qildi. Uning vazni 998 grammni, qalinligi esa atigi 10,99 mmni tashkil etadi.

Gram Ultraslim modeli juda ingichka ishlangan bo‘lsa-da, Full HD ekrani va Intel Raptor Lake protsessori bilan jihozlangan. Akkumulyator sig‘imi 60 Vt•s, Operativ xotirasi hajmi 32 GB, 1 TBgacha bo‘lgan SSD diskka ega.  

Shuningdek, noutbukda uchta USB-C porti mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi Thunderbolt 4’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha Gram Ultraslim’ning narxlari bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.

AQShdagi eng xaridorgir avtomobil

Foto: Ford

Ford F-Series avtomobillari oilasi 2022 yilda Qo‘shma Shtatlarda eng ko‘p sotilgan pikap maqomini saqlab qoldi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda ushbu pikaplardan 640 mingtasi sotilgan, ya’ni har 49 soniyada bitta mashina.

Ma’lumot uchun, Ford F-Series 46 yildan buyon AQShda eng xaridorgir avtomobil modeli bo‘lib qolmoqda.

Kompyuterda ishlash uchun mo‘ljallangan mashq velosipedi

Foto: Acer

Consumer Electronic Show 2023 (CES 2023) texnoko‘rgazmasi doirasida Acer kompaniyasi bir vaqtning o‘zida sport bilan shug‘ullanish va kompyuterda ishlash imkonini beruvchi noodatiy mashq velosipedini taqdim etdi.  

eKinekt BD 3 deya nomlangan yangi texnologiya ish stoli bilan birlashtirilgan velotrenajyordan iborat. Shuningdek, unda stakan qo‘yiladigan joy, sumka yoki ryukzak uchun ilgak, kompyuter yoki boshqa gadjetni zaryadlash uchun USB Type-A va USB Type-C ulagichlari bor. E’tiborga loyiq jihati – mashq paytida eKinekt BD 3 elektr energiyasi ham ishlab chiqarishi mumkin.

Noodatiy trenajyor velosiped 2023 yilning yozida sotuvga chiqariladi. Acer yangi mahsulotini 999 dollarga baholamoqda.

Twitter siyosiy reklamalarga taqiqni bekor qildi

Foto: AP

Twitter 2019 yilda siyosiy reklamalarga qo‘yilgan taqiqini bekor qiladi, deb xabar berdi ijtimoiy tarmoqning ishonch va xavfsizlik bo‘limi rahbari Ella Irvin.

«Biz kontekstli reklama muhim mavzularning jamoatchilik muhokamasiga hissa qo‘shishiga ishonamiz. Bugun biz Qo‘shma Shtatlarda kontekstli reklama bo‘yicha siyosatimizni yumshatamiz. Shuningdek, yaqin haftalarda ruxsat berilgan siyosiy reklamani kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz», – deyiladi xabarda.

Ella Irvin taqiq olib tashlanadigan reklamalar orasida iqlim o‘zgarishi, hukumat dasturlari, aholi va saylovchilarni ro‘yxatga olish haqidagi reklamalarni aytib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: