O‘zbekiston | 13:06 / 23.12.2022
6841
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Turkiya sarmoyasi asosida «Aqlli yo‘l» tizimi joriy etiladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov turkiyalik investor, axborot tizimlariga ixtisoslashgan Streat kompaniyasi rahbari Zeynep Yildirim bilan uchrashdi.

Foto: Kun.uz

Unda avtomobil yo‘llarida Turkiya investitsiyasi hisobidan «Aqlli yo‘l» tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Vodiy viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu loyiha uchun 10 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorij sarmoyasini yo‘naltirish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgan Zeynep Yildirim  avtotransport oqimini boshqarish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ushbu tizim joriy etilgan xorijdagi hududlarda erishilgan ijobiy natijalar haqidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashdi.

«Aqlli yo‘l» tizimi yo‘l-transport hodisalarini, jarohat olish va o‘lim holatlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. To‘laligicha inson omilisiz ishlaydigan ushbu tizim quyosh energiyasi yordamida ishlovchi infraqizil nurlarga ega radarlar hamda kameralar, elektron tablolar bilan jihozlangan bo‘lib, unda kerakli vaziyatlarda hodisa joyiga yo‘l harakati xavfsizligi, tez yordam va favqulodda vaziyatlar bo‘linmalarini avtomatik chaqirish imkoniyati mavjud.

Sim-kartalar yordamida internetga ulanish imkoniyati hamda elektr tarmog‘i tortish ehtiyoji yo‘qligi bu tizimni qisqa muddatda istalgan hududda joriy etish imkonini beradi. Tizim tezlikni oshirish, qizil chiroqda o‘tish, qoidani buzgan holda quvib o‘tish, xavfsizlik kamarisiz harakatlanish, qoidaga xilof ravishda burilish, yo‘l qatnov qismining piyodalar kesib o‘tishi uchun mo‘ljallangan qismida qoidaga amal qilmaslik va boshqa ko‘plab holatlarda muayyan hududda yoki yo‘l qismida to‘la nazoratni ta’minlaydi.

Uchrashuvda viloyatda «Aqlli yo‘l» tizimi joriy etiladigan hududlarni belgilash yuzasidan hamkorlikda ishni tashkil etish hamda yaqin muddatda loyihani amalga oshirishga kirishish yuzasidan ahdnoma imzolashga kelishib olindi.

 

Mavzuga oid

E`lonlar