“Xususiy sektor vakiliman, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan ancha yildan beri shug‘ullanib kelaman. Mahalliy bozorlarda qurilish va tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritaman. Janubiy Koreyaning “Youngone Corporation” kompaniyasi xorijiy hamkorimiz hisoblanadi. U bilan jahon bozoriga chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Avvalo GSP+ dasturiga (O‘zbekiston) qo‘shilgach, Yevropa, xususan, Germaniyaga eksport qilishni boshladik.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston GSP+ dasturiga 2021 yilda a’zo bo‘ldi va Yevropa Ittifoqi bozorlariga 3000ga yaqin mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz, 3200 turdagi mahsulotlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Keyin “Cotton Campaign” tomonidan O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan taqiq olib tashlangach, Janubiy Koreyaga 1 sentabrdan boshlab tayyor kiyim-kechaklarni eksport qildik. Bu sinov eksport edi, u yaxshi o‘tganidan keyin qayta-qayta buyurtma oldik. Jahon brendlari bilan ishlashni boshladik. Bu orqali jahon bozorida O‘zbekistonni savdo-sotiqda faol ishtirokchi sifatida tanishtirishga muvaffaq bo‘ldik desam bo‘ladi, deydi suhbatdoshimiz.
— JCTga a’zolikdan biznesingiz qanday foyda ko‘radi?
— Jahon savdo tashkiloti biz uchun juda qiziq yo‘nalish hisoblanadi. Bu tayyor kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar uchun juda katta bozorni ochib beradi. Odamlar tashkilotga a’zo bo‘lishimizning qanaqadir turli xatarlar va xavflari bor deb o‘ylaydi, katta import bosib keladi deb qo‘rqishadi. Lekin yengil sanoat sohasida, tan olish kerak, shundoq ham import bosib kelyapti.
Bozorlarda ko‘rsangiz, JSTga a’zomizmi-yo‘qmi, import tovarlar yetarlicha. Ammo hozir O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilarning salohiyati [raqobatga tayyor]. Tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarishga o‘rganib qolganmiz. Raqobatdan qo‘rqmaymiz, aksincha, bizga bu katta-katta bozorlarni ochib beradi.
Aytaylik, Koreya, Yaponiya, Malayziya, Singapur, kerak bo‘lsa, Xitoy, bundan tashqari Yevropa davlatlari GSP+ dasturiga kirgan. [JSTga a’zolik ortidan] boshqa bozorlar biz uchun ochiladi. Import tariflarini to‘lamaslik orqali xorijdagi boshqa ishtirokchilar bilan raqobatbardosh bo‘lib qolamiz. Yevropa bozorida GSP+ misolida biz shuni ko‘rdik. Hozir tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini nol tarifda Yevropaga eksport qilyapmiz.
— Eksportchi tadbirkor sifatida sizni JSTga a’zo bo‘lish borasida qanday masala o‘ylantiryapti?
— Tashkilotga a’zolik masalasida BMT, Jahon savdo tashkiloti va O‘zbekiston hukumati xususiy sektor vakillari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Unda yo‘l xarajatlarini subsidiyalash borasida savol berdim. Eksportchi mamlakatlar tomonidan yo‘lkira xarajatlari subsidiyalanishi qanchalik boshqa ishtirokchilarga imkoniyat yaratadi, raqobatbardoshlikni ta’minlaydi, deya so‘radim. JSTga a’zo bo‘lgandan keyin hozirgi paytda hukumat tomonidan eksportchi korxonalarga berilayotgan ko‘maklar, subsidiyalar bekor qilinganda O‘zbekistondagi korxonalarning raqobatbardoshligi zaif bo‘lib qolishini nazarda tutgandim. Chunki O‘zbekistonning geografik joylashuvi noqulay, eksportda logistika xarajatlari qimmat. Lekin aytishdiki, bular muhokama qilinadigan masalalar bo‘lib, O‘zbekiston tomoni JST bilan olib borayotgan muzokaralarda shuni nazarda tutayotgan ekan.
— Tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov a’zolik ayrim sohalarga negativ ta’sir qiladi degandi. Siz o‘z sohangizdan kelib chiqib hukumatning xavotirlariga qanday qaraysiz?
— Men bunga rozi emasman, ochiqcha aytaman. Chunki tekstil sohasida jahonga ochilish 36 million aholiga ega O‘zbekiston uchun katta imkoniyat. Ko‘p mamlakatlar bilan solishtirib ko‘rish mumkin: ularning geografik joylashyvi ham juda qulay; Vetnam, Bangladesh kabi tekstil gigantlari bor. Lekin ularning o‘zida paxta yetishtirilmaydi, o‘zining xomashyosi yo‘q. Import qilib turib, tayyor mahsulot ishlab chiqarib butun dunyoni (mahsuloti bilan) egallab olyapti.
O‘zbekistonda tayyor kiyim-kechak importining o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaramiz, yuqori sifatli matolarni olib kiramiz desak, qandaydir bojlar, yo‘lkira xarajatlari bor. Xomashyo olib kirib, qayta ishlab tayyor mahsulot ishlab chiqarmasak, import o‘rnini bosadigan mahsulot qilmasak bo‘lmaydi.
Ko‘rib turibmizki, ko‘plab jahon bozoriga chiqadigan xaridorlarimiz O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildiryapti. Biz aytdikki, ishlab chiqara olamiz. Ammo material bazamiz biroz zaif. Tekstil sohasi faqat paxta emas, ancha aksessuarlar – turli, yuqori texnologik matolar talab qiladi. O‘zim hozir kiygan pidjagim (suratdagi – tahr.) O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Ammo matosi O‘zbekistonniki emas. Mana shu matoni olib kelib, tayyor mahsulot qilgan O‘zbekiston korxonasi. Bu Xitoy yoki Turkiyadan olib kelinadigan pidjak o‘rnini bosdi. Men borib butikdan olmadim-da, o‘zimizning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymat (ishchi kuchi) yaratgan mahsulotni oldim. Bunday pidjaklarni Rossiya, Belarus, Ukraina, Gruziya, kerak bo‘lsa, Turkiya, Yevropa va boshqa mamlakatlarga eksport qila olamiz.
Germaniyaning juda taniqli brendi bilan ishlayapmiz – undan olib kirayotgan xomashyomiz 88-90 foiz import. Germaniyadan xomashyo olib kirib, qayta ishlayapmiz, natijada juda yuqori sifatli tovarlarni Yevropaga reeksport qilyapmiz. Lekin bu yerda manfaat olgan o‘zimizning qorako‘z o‘zbek ishchilari bo‘ldi.
Buning qo‘shilgan qiymati ham juda yuqori, O‘zbekistondan hech qanday moddiy boylik chiqib ketmadi, yana valuta kirib keldi. Bu tezisga rozi emasman, tekstil sohasiga JSTga a’zolik juda ijobiy ta’sir qiladi deb o‘ylayman.
— Hukumat bojlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi degan pozitsiyada. Siz ham mahalliy ishlab chiqaruvchisiz, sizni bojlar himoya qiladimi?
— Uchrashuvlarda [hukumatga] yengil sanoat sohasini rivojlantirish uchun O‘zbekistonga olib kelinadigan materiallarni, aksessuarlarning hammasini bojxona tariflaridan ozod qilish haqida juda ko‘p aytdim. Ko‘pchilik bu bilan O‘zbekistondagi material ishlab chiqarish o‘lib qoladi-yu deydi. Yo‘q! Bozorning o‘zi hammasini joyiga soladi.
Birgina pidjak misolida aytsak, uning tugmasi, yorlig‘i kabi mayda aksessuarlar kerak bo‘ladi. Bir-ikkita shunday aksessuarlar ishlab chiqaradigan korxonalar bor deb, importga aksiz yoki bojlar qo‘yilgan.
Bu mahsulotlarni olib kirganda uning qo‘shilgan qiymati kimning bo‘yniga tushadi? Xaridorning-da. Tayyor mahsulot qimmatlashib ketaveradi. O‘zbekistonda tayyor mahsulot ishlab chiqarildimi, qayerdandir kelayotgan tayyor mahsulotning o‘rni bosildi degani. Tayyor tugma, ip yoki zamokka boj qo‘yish bu noto‘gri. JSTga a’zo bo‘lganda esa erkin raqobat yuzaga keladi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar borasida bir misol keltirgan edim. Hozir O‘zbekiston gilamchilikda nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevrosiyo mintaqasida professionallik, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar sifati va turi bo‘yicha katta o‘ringa ega. O‘zbekiston gilamchilik sohasida lider deb ayta olaman. 2005 yillardan orqaga qarasak, gilamchilar Turkiyadan tayyor gilam olib kelib sotishardi. Ko‘rishdiki, gilamning orqasini yelimlashni o‘zimizda ham qilsa bo‘ladi. Ular Turkiya fabrikalaridan gilamlarni orqasiga yelim yopishtirilmagan holda olib, O‘zbekistonda yelimlashni boshlashdi. Sal o‘tib, imkon topib eski bo‘lsa ham uskunalar olib kelishdi. Keyin oddiy va yengil gilamlarni ishlab chiqa boshlashdi. Shundan keyin kattaroq uskunalar olib kelib, xomashyo olib kirib katta gilamlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi. Hatto ayrim xomashyolarni o‘zimizda ishlab chiqara boshlashdi.
Bu bilan shuni aytmoqchimanki, biznes qayerda bo‘lsa ham o‘z foydasini topadi. JSTga a’zo bo‘lib, bojlarni olib tashlasak, effekt xuddi shunaqa bo‘ladi. Dunyodan tayyor mahsulot bosib keladi deb qo‘rqyapmiz, ammo bozor o‘z joyiga soladi.
Katta-katta brendlar chetdan mahsulot olib keluvchi xorij kompaniyalari ham logistika xarajatlari tufayli O‘zbekistonga tayyor mahsulot olib kelgandan ko‘ra, shu yerda ishlab chiqargan foydaliroqligini tushunishadi. Bundan o‘zimizga foyda – iqtisodiyotda qo‘shimcha qiymat yaratiladi, ishchilarimiz ish bilan ta’minlanadi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.