Bosfor ostonasidagi bu tiqilinch Anqara tankerlar sug‘urtasi uchun qo‘shimcha tasdiq so‘ray boshlagani tufayli paydo bo‘ldi. 5 dekabrdan e’tiboran kuchga kirgan Rossiya nefti uchun yuqori chegaradagi narx tufayli kemalar agar neftning barreli 60 dollardan yuqori narxda xarid qilingan bo‘lsa, g‘arb sug‘urtalaridan foydalanish imkoniyatini yo‘qotishini anglatadi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq Moskva neft narxi uchun yuqori chegarani qabul qilmasligini bildirgandi. Kreml cheklovlarni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga neft yetkazib bermaslik bilan tahdid qilmoqda. Xususan, Vladimir Putin Rossiya nefti narxiga yuqori chegara joriy etilishi global energiya resurslari bozori uchun halokatli oqibatlar keltirib chiqarishidan ogohlantirgan edi.
Biroq, bozor hozircha hech qanday oqibatlarni sezgani yo‘q. 5 dekabr kuni Brent markali neft narxi barreliga 88 dollardan 83 gacha tushdi. 7 dekabrga kelib, 78 dollardan ham pasaydi. Rossiyaning Urals markali nefti yanada arzonroq sotilmoqda.
Neft uchun yuqori chegaradagi narx qanday ta’sir qilishi, Rossiya bu cheklovlarni aylanib o‘ta oladimi-yo‘qmi, buni «Nastoyashcheye Vremya» efirida iqtisodchi Yaroslav Romanchuk tushuntirdi.
— Garchi Putin yuqori narx chegarasi joriy etish og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida gapirgan bo‘lsa-da, neft arzonlashmoqda. Balki, bu oqibatlar vaqti hali yetib kelmaganidandir?
— Putin allaqachon jahon ishlari, neft bozoriga ta’sir qila oladigan insonlar qatoridan tushib qolgan, chunki neft bozoriga boshqa ishlab chiqaruvchilarning, distribyutorlarning harakatlari, shuningdek, eng avvalo Rossiya olib borayotgan urushdan so‘ng energetika mahsulotlari bozorini qanday qilib qayta formatlash haqida bosh qotirayotgan insonlarning harakatlari ko‘proq ta’sir o‘tkazadi. Chunki Rossiya gaz bo‘yicha ham, neft bo‘yicha ham ishonchsiz sherik ekani ma’lum bo‘lib ulgurdi.
O‘z-o‘zidan tushunarliki, urush boshlanganining o‘ninchi oyi ketmoqda, butun dunyo Rossiya jahon iqtisodiyotiga qanday masxaraomuz munosabatda ekanini anglab bo‘ldi: «Sizlar bu yerda istaganlaringcha nimalardir qilishlaring, ogohlantirishlaring mumkin, biz esa neftni o‘zimiz istagandek sotaveramiz». Bu menga, ochig‘i, 2003-2004-yillardagi «oziq-ovqat evaziga neft» dasturini eslatib yuboryapti, o‘shanda Iroq nefti chayqovchilik va qora bozor obektiga aylangandi. Bugun Putin ham, Rossiya ham bir paytlar Saddam Husayn tushgan vaziyatga tushib qolgan.
— Agar fikringizni to‘g‘ri anglagan bo‘lsam, bu cheklovlar va yuqori narx chegaralari faqat urush davri uchun joriy etilmayapti? Sizningcha bu yillar va o‘n yillar davom etadigan hodisa bo‘ladimi?
— Biz kelgusi yil nima bo‘lishini bilmaymiz, lekin aminmanki, Yevropa Ittifoqi Rossiya energiya resurslariga ishonib, strategik xatoga yo‘l qo‘yganini anglab bo‘ldi. Shu sababli, bugun amalga oshirilayotgan harakatlar, ajratilayotgan mablag‘lar, gaz bo‘yicha ham, uglevodorod xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ham yangi investitsion loyihalar — Yevropa Ittifoqi uchun Rossiya energiya resurslarini keraksizga aylantiradi. Bu esa gigant bozorning yo‘qotilishidir. Shuning uchun Rossiya bugun yo‘qotayotgan narsalar kelajakda yo‘qotayotganlari oldida urvoq.
— Rossiya o‘rnini hozir kim bosa oladi? Narx cheklovi joriy etgan davlatlar bozorlarida Rossiya o‘rnini kimlar egallamoqda?
— Istovchilar juda ko‘p. Shubhasiz, Venesuela, Liviyada salohiyat bor, OPEC davlatlarida ham. Eng qizig‘i, elektr energiyasini qayerdan olamiz degan savol paydo bo‘lmoqda. Bu yerda suyultirilgan gaz, shubhasiz, juda katta muqobil bo‘la oladi va biz ko‘ryapmizki, agar, masalan, Amerikaning neft qonunchiligi erkinlashtirilsa, o‘z vaqtida Tramp boshlagan loyihalar qayta ishga tushirilsa, Amerika neft va energetika mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlab, energiya resurslarning toza eksportchisiga aylanadi. Shu sababli, bu borada xohlovchilar juda ko‘p, hattoki Yevropa Ittifoqining o‘zida ham energiya siyosatini total «gretatunberglashtirish» tufayli muzlatib qo‘yilgan loyihalar juda ko‘p.
— Agar biz Rossiya nefti uchun yuqori narx chegarasi mexanizmini tahlil qilsak, bu qanday ishlashini tushuntirib bera olasizmi? Bu cheklovlardagi asosiy narsa yuqori narx chegarasi emas, shunchaki 60 dollardan baland narxda xarid qilingan neftni tashishni taqiqlash, deyilsa to‘g‘ri bo‘ladimi?
— Ha, siz Rossiyadagi neft sotuvchilarni ham, juda ko‘p sonli xaridorlarni ham nazorat qila olmaysiz. Lekin siz tashishda foydalaniladigan kemalarni sug‘urta qiladigan kompaniyalarni nazorat qilolasiz. Jahon darajasidagi bunday sug‘urtachilar esa barmoq bilan sanarli. Ularning katta qismi Buyuk Britaniyada joylashgan. Britaniyada sug‘urtalash bilan shug‘ullanuvchi o‘sha kompaniyalar «mana shunday shartlarni buzib, kemalarni sug‘urtalashda davom etsalaring, sizlarga milliardlab dollar jarima qo‘llanadi», degan aniq signal oladigan bo‘lishsa, albatta, oddiygina hisob-kitob ishga kirishadi. Hech kim ozgina pulni deb milliardlab dollar bilan o‘lchanadigan sanksiyalarga duchor bo‘lishni istamaydi. Ha, bu aynan sug‘urta biznesi orqali, bu neftni tankerlar orqali tashib bo‘lmasligi tufayli ishlaydi. Sug‘urtasiz Turkiya ularni Bosfor va Qora dengizga kiritgani qo‘ymaydi.
— Rossiyada bu cheklovlarni aylanib o‘tish uchun qandaydir yo‘llar bormi? Agar kemalar Xitoy va Hindistondan kelsa-chi? Yoki quvurlar orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yilsa?
— Neft haydovchi quvurlar qoladi, albatta. Lekin har qanday boshqa kemalarga kelsak, biz o‘sha Xitoy va Hindiston ham so‘nggi paytlarda Rossiya nefti bilan istamaygina ishlayotganini ko‘ryapmiz, shu sababli bir-ikkita oshkora jazo qo‘llansa bas, Rossiya nefti bilan ishlashni istovchilar soni keskin kamayadi.
— Endi o‘sha yuqori narx chegarasi haqida gaplashsak. Bloomberg agentligi 28 noyabr kuni Rossiyaning Urals markali nefti barreli narxi 52 dollardan pastga tushganini yozdi. Bozordagi narxi 52 dollar bo‘lgan neftga 60 dollar narx belgilagandan ma’no nima?
— Bu yerda demokratiya amal qilmoqda. Turli iqtisodiy va tijoriy manfaatlarga ega bo‘lgan insonlar yig‘ilganda biz tankerlarga ega Gretsiyani ham, 30 dollar narx haqida gapirgan Polshani ham , 65-70 dollar haqida so‘zlagan ehtiyotkor Germaniya va Italiyani ham ko‘rishimiz mumkin. 60 dollar — bu yagona to‘xtamni bildiradi va aslida bu vaziyat Yevropa Ittifoqining siyosati naqadar uzoqni ko‘ra olmaydigan, kaltabin siyosat ekanini ko‘rsatadi. Tabiiyki, neft uchun barcha maksimal zarbalarni to‘plab, yuqori narxni 30 dollar qilib belgilash kerak edi.
Biroq hozir yana: «Kelinglar, 60 qilaylik, balkim ular pul ishlay olmas, hali yana chegirma berishga majbur bo‘lishadi, shu bois reallikda ular 45-48 dan sotishadi», degan qarash vujudga keldi. Bunday fikrlash, taassufki, Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari barchasini birlashtirib turgan va yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan tahdid — Rossiya agressiyasidan o‘zlarining kichik va tor korporativ manfaatlarini yuqori qo‘yishlaridan guvohlik beradi.
— Siz avvalboshda 30-40 dollarlik yuqori chegara o‘rnatishni talab qilgan davlatlar, jumladan, Polsha haqida gapiryapsiz. Suhbatimizning birinchi qismida bu samarali vosita dedingiz. Lekin Urals markali neft barreli 50 dollardan sotiladigan bo‘lsa, bu ishlamaydi-ku?
— Yo‘q, u ishlaydi, lekin uning samarasi kutilganidek bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, shunday sanksiya mart oyida joriy qilinganida nima bo‘lardi? Rossiyaga bu yuz milliardlab dollarga tushardi. Tabiiyki, harbiy harakatlar olib borish, Ukrainaga qarshi energetik genotsid uyushtirishga imkon kamroq bo‘lardi. Lekin Putin va uning rejimi jazoga tortilmasligi kundek ravshan bo‘lib turgan ekan, barchani muzokara stoliga o‘tqazishga majbur qiladigan harakatlarni kuzatishda davom etamiz — siyosiy partiyalar, xalqaro tashkilotlar ushbu mojaroga qarshi yagona to‘g‘ri ish reglamentini ishlab chiqishi kerak edi. Lekin hanuz biz buni ko‘rmadik va bu juda e’tirozli masala.
— Siz yuqori narx chegarasi yana pasaytirilishi mumkin deb o‘ylaysizmi?
— Men qandaydir samaraga erishish uchun u pasaytirilishi shart deb o‘ylayman. Lekin qayd etish kerakki, bu choraning ta’siri qanday bo‘lishidan qat’i nazar, sug‘urta kompaniyalari bilan ham kimdir kelishishi mumkin, Erdo‘g‘anning har bir masalaga o‘z nuqtayi nazari bor, u ham neftning bir qismini egallashi mumkin. Siz haqsiz, turli imkoniyatlar, bir paytlar Saddam Husaynning o‘zi ham foydalanib ko‘rgan tuynuklar bor, Rossiya neft baronlari ham albatta bundan foydalanishadi. Shuning uchun bugungi kunning asosiy masalasi neftda ham, uning 60 dollarlik narxida ham emas. Ukrainaga urushda tezroq g‘alaba qozonish uchun ko‘proq qurol-yarog‘ berish kerak. Qolgan hamma narsa ikkilamchi.