O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun ariza berganiga 28 yil bo‘ldi. Uzoq yillar to‘xtab qolgan a’zolik jarayoni 2020 yilda qayta jonlandi. Amaldorlar bu safar qaror qat’iy ekanini aytishyapti. Lekin hukumatning tashqi savdoni liberallashtirish niyati samimiyligiga shubha uyg‘otayotgan holatlar talaygina.
Biz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayoniga oid savollar bilan “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash” loyihasining xalqaro huquqshunosi Viktor Kroshet bilan suhbatlashdik.
— JST o‘zi qanday tashkilot va u dunyoga nega kerak?
— JST 164 mamlakatni birlashtirgan yirik tashkilot. Bu 164 mamlakat butun dunyodagi deyarli barcha mamlakatlardir. Umid qilamizki, O‘zbekiston ham 166-mamlakat bo‘lib tashkilotga a’zo bo‘ladi.
Nima uchun dunyoga bu tashkilot kerak, degan savolga javob bersam, mamlakatlar a’zolari tashkilotga qo‘shilishi bilan boyiy boshlashgan, ya’ni mamlakatlar o‘zaro savdo tufayli bir-birlarini boy qilishadi.
Eng asosiysi, teng sharoitlarda savdo hamkorligi tufayli mamlakatlar iqtisodiy jihatdan boyishi va rivojlanishda o‘sishi mumkin.
— O‘zbekistonning tashkilotga a’zolik masalasiga to‘xtalsak. Biz tashkilotga a’zolik mamlakat uchun foydali ekanini bilamiz. O‘zbekistondek dengizdan uzoq mamlakatning oddiy odamlari uchun tashkilotga a’zolik nimasi bilan yaxshi?
— O‘zbekiston nega bu tashkilotga qo‘shilishi kerak deydigan bo‘lsak, mamlakatdagi kompaniya va bizneslar xorijda ham faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi, umuman chetda biznes ochish oson. Biz bilamizki, o‘zbek kompaniyalari yuqori soliqlar to‘lab, cheklangan sharoitlarda faoliyat yuritishga majbur bo‘lishyapti, chetga tovar eksport qilishda qiyinchiliklarga duch kelishyapti.
O‘zbekiston dengizdan uzoq va eksport uchun bir nechta davlatlar chegaralarini bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. JSTga qo‘shilish chetga tovar eksport qilish uchun chegaralarni kesib o‘tishni osonlashtiradi.
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishdan asosiy maqsad – dunyo mamlakatlari bilan savdoni osonlashtirish. Buning uchun soliq va bojxona to‘lovlarini kamaytirish, talab qilinadigan tegishli hujjatlarni to‘ldirishni, taqdim etishni kamaytirish, ya’ni ortiqcha byurokratiyani kamaytirish kerak. Bu O‘zbekiston korxonalariga ham xorijga eksport qilishni osonlashtiradi, ba’zi bir holatlarda keragidan ortiq bo‘lgan soliq yukini kamaytirishga imkon beradi.
— Tashkilotga a’zo bo‘lish masalasida O‘zbekistonga nima yetishmayapti?
— O‘zbekistonda korxonalar va aholi orasida JST to‘g‘risida ogohlik darajasini oshirish kerak. Bizning tashkilot qanday ishlashi, qanday faoliyat yuritishi haqida (odamlar) ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Bu yo‘nalishda mamlakat hukumati hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faol ishlayapti. Shu bilan birga, JSTga a’zo boshqa mamlakatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib boryapti.
Bunday muzokaralar vaqt talab qiladi. O‘zbekistonda qator qonunchilik va me’yoriy hujjatlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda tegishli sohalarda islohotlar qilish kerak. Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham tegishli me’yoriy huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ayniqsa, texnik jihatdan ko‘p talablarni uyg‘unlashtirishga zarurat bor.
— Oxirgi yillardagi islohotlar bilan O‘zbekiston tashkilotga a’zolikka qanchalik yaqin?
— Men O‘zbekiston bilan bu yo‘nalishda bir yildan ko‘proq vaqtdan beri ishlayotgan bo‘lsam, aytishim mumkinki, hukumat tomonidan ushbu islohotlar uchun hozirlik ko‘rilyapti. Vazirliklar qator me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritmoqda. Tegishli me’yoriy hujjatlar parlamentga topshirilgan, ular qabul qilinishi kutilmoqda.
Albatta, bu ishlarning hammasini birdaniga bajarib bo‘lmaydi, bular ancha vaqt oladigan sa’y-harakatlardir. Umuman, O‘zbekistonda xorijiy biznes uchun qulay muhit yaratish borasida ham katta ishlar qilingan, ijobiy natijalarini Toshkentda aylanib yurib ham ko‘ryapmiz.
— Keling, savolni aniq qo‘ysak, O‘zbekiston qancha vaqtda tashkilotga a’zo bo‘la oladi?
— O‘zbekiston a’zolikka ilk qadamni juda yaxshi tashladi, ammo JSTga qo‘shilish uchun bir necha yil ketadi. Agar biz bu bosqichdan o‘tgan davlatlar tajribasiga qarasak, ko‘plab mamlakatlar 4-10 yil orasida a’zo bo‘lgan.
Bu – reformalarning tezlashishiga bog‘liq. O‘zbekiston 2 yil oldin jiddiy reformalar boshladi, lekin tashkilotga a’zo bo‘lish borasida boshlagan ishlarini davom ettirishi kerak.
— Hozirgi sharoitda O‘zbekistonning a’zolikka yaqinligini 10 balldan necha ball deb baholaysiz?
— Hozir O‘zbekiston 5-pog‘onaga yetib keldi deyish mumkin.
— Demak, yo‘lning yarmida ekanmiz, yo‘lning qolganini bosib o‘tish uchun qancha vaqt ketadi?
— Shunday. Boya aytganimdek “start”dan “finish”gacha bo‘lgan yo‘l 3 yildan 10 yilgacha vaqtni oladi. O‘zbekiston a’zolik jarayonini 2 yil oldin boshladi, shu sababli qolgan jarayon balki yana 2 yil, balki 3 yil olar. Reformalar qancha jadallashsa, tashkilotga a’zolik ham shuncha tezlashadi.
Bundan tashqari, tashqi omillar ham borki, O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligiga boshqa a’zo mamlakatlar ham rozilik bildirishi kerak, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqalar.
— Qanday xatolar ortga qaytishga sabab bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
— JSTga kirish jarayonida hozirgi paytda a’zo bo‘lib turgan mamlakatlardan rozilik olish, ular bilan ko‘p va ikki tomonlama muzokaralar olib borish kerak. Hukumat a’zolari Jyenevaga borganda boshqa mamlakat a’zolari bilan muzokaralar olib boradi. Ya’ni ular O‘zbekistondagi savdo rejimi va qonunchilikka qarab, masalan, intellektual mulk masalalari bo‘yicha muammolarni aytishlari mumkin. Tashkilotga a’zo mamlakatlarda mualliflik huquqlari, patent qonunchiligi buzilsa, jinoiy javobgarlik belgilangan. Hozircha O‘zbekistonda bunday huquqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik yo‘q. A’zo mamlakatlar O‘zbekistonga shu talabni qo‘yishi mumkin.
O‘zbekiston hukumati o‘zi bunday talablarni oldindan aniqlab, JSTga kirish jarayonini tezlashtirish uchun choralar ko‘rmoqda. Biroq ikki tomonlama muzokaralarda JSTga a’zo mamlakatlar ham O‘zbekistonning savdoga oid qonunchiligi va boshqa jihatlarini o‘rganib chiqib, qo‘shimcha shart va talablar qo‘yishi mumkin. Ba’zi hollarda O‘zbekiston ularning talablarini qabul qilishi mumkin, ba’zan qabul qilmay o‘rniga boshqa talablar kiritishi ham mumkin.
O‘zbekiston JSTga a’zolik uchun nafaqat o‘zi tayyor bo‘lishi kerak, balki hozirgi a’zo mamlakatlarning ham roziligini olishi kerak.
— O‘zbekiston hukumati suv va ichimliklar, shinalar, ayrim maishiy texnikalar kabi mahsulotlar importini kamaytirishga qaror qildi. Hukumat buni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bilan izohlaydi, ya’ni savdoni cheklash va proteksionizm. Siz nima deb o‘ylaysiz, hukumatning bu harakati tashkilotga a’zolik ishlarini ma’nosiz qilib qo‘ymaydimi?
— Mamlakatlar tomonidan sohalarni himoyalash uchun, ya’ni tashqi savdo raqobatiga bardosh berish uchun ba’zi bir choralar ko‘rishga ruxsat berilishi mumkin. Biroq bunga hukumatning o‘zi boshqa mamlakatlar bilan muzokaralarda taklif kiritadi va muayyan muddatga bunga ruxsat beriladi.
Masalan, bunday holat Yevropada ham bo‘lib turadi. O‘zbekistonga ham JSTga a’zo bo‘layotganda muayyan iqtisodiyot sektorlarida bunday himoya choralariga ma’lum muddat qo‘llashga ruxsat berilishi mumkin.
— O‘zbekistondagi iqtisodiy sharoitni Yevropa bozori bilan solishtirib bo‘ladimi? Ayni hozirgi sharoitda bu iste’molchilarning zarariga ishlamaydimi?
— Mamlakatda ma’lum ishlab chiqaruvchilar himoya qilinsa, bu iste’molchilarga qimmatga tushadi. Shu sababli davlatlar bunaqa qarorlarni o‘zlari qabul qilishadi. Ya’ni ular iqtisodiyotning hozirgi holatida qaysi yo‘nalish, qaysi zaruriyat ko‘proq maqbulligini belgilashadi.
AQShmi, Braziliya, Xitoy hukumatimi, o‘zining ma’lum ishlab chiqaruvchisini himoya qilish uchun qandaydir choralar qo‘llayotganda bu iste’molchilarga qanchalik og‘ir ta’sir qilishi va narxlar oshishi kabi faktorlarni inobatga oladi.
— Bu kontekstda importi kamaytirilayotgan tovarlar, ayniqsa, avtomobil shinalarini ishlab chiqarish sanoati monopol bozor hisoblanadi. Bu qanchalik to‘g‘ri va u O‘zbekistonning JSTga kirish maqsadlariga zid emasmi?
— Agar sizning bozoringiz ochilsa, bozorda raqobat kuchayadi, albatta. Bundan iste’molchilar yutadi. Ammo ilgari himoyalangan korxonalar birdan raqobat muhitiga tushib qolsa, iqtisodiy jihatdan qiyinchilikka uchrashi mumkin. Shu paytda bunday himoya choralari raqobat muhitiga moslashish uchun vaqt berishga mo‘ljallangan. Lekin bunday himoya choralari doimiy bo‘lib qolishiga ruxsat berilmaydi. Cheklangan vaqt, ya’ni bir necha yilga ruxsat beriladi.
JST qoidalari mamlakat miqyosida hammaga birvarakayiga himoya chorasini qo‘llashga ruxsat bermaydi. Bu muayyan cheklangan sohalarda qisqa muddatga beriladi xolos.
— 2021 yilda hukumat import tovarlarga tarif kvotalarini joriy qildi, aslida bu ham savdoga cheklov. Rasmiylarning aytishicha, bunday tarif kvotalari JSTga a’zo 35 ta mamlakatda ham bor. Bunga sizning fikringiz qanday?
— Haqiqatan ham JSTga a’zo 35 ta mamlakatda bunday kvotalar bor. Ular odatda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga oid bo‘lgan kvotalardir. O‘zbekiston ham o‘zining muzokaralari davomida boshqa JSTga a’zo mamlakatlardan rozilik olib muayyan yechimga kelishi kerak.
— Ammo bu tarif kvotalari mamlakatlar zarariga ishlagan. Yomon tajribani ko‘chirishimiz kerakmi?
— Fikringiz to‘g‘ri, kvotalar yaxshi ta’sir qilishi ham mumkin, yomon ta’sir qilishi ham. Davlat tomonidan o‘z aholisi uchun muayyan tovarlarga talab borligi va qancha ishlab chiqarilishidan kelib chiqib, kvotalar to‘g‘ri belgilanishi kerak. Ya’ni aholiga zarur bo‘lgan ma’lum bir qismi tarif kvotasisiz olib kiriladi, undan oshgan miqdoriga kvotalar kiritiladi.
Bu choralar to‘g‘ri qilinsa va o‘rtadagi balans topilsa, bu ijobiy ta’sir qilishi mumkin.
— Importga cheklovlar va to‘siqlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini sekinlashtirmaydimi?
— Agar O‘zbekiston importga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlab, o‘rniga tarif kvotalarini joriy etsa, bu JSTga kirish jarayonlarini tezlashtiradi. Savdoga cheklovlar orasida tariflar ma’qulroq ko‘riladi. JSTga kirish jarayonlarini o‘tish davrida tarif kvotalari sekinlashtirmaydi.
Boy mamlakatlarda importga tariflar ham, tarifga bog‘langan kvotalar ham bor. Faqat farqi, boy mamlakatlarda tariflar past bo‘ladi, tarif solinmaydigan kvotaning hajmi ham katta bo‘ladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda foiz yuqori, kvota ham kichik bo‘ladi. Chunki rivojlanayotgan mamlakatlarning tarif kvotalaridan maqsadi turlicha. Birinchisi, o‘zini importdan himoya qilish bo‘lsa, ikkinchisi, bojxona tushumlari orqali foyda olish.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid: