“Oxirgi marta juda qattiq shishib ketdim. Hatto ukol-dori ulashganida tomirimga jo‘nata olishmadi. Doktorlar uch kunlik umri qoldi, deb qaytarib yuborishdi. Lekin Xudoga shukr, uydagilarim u yoqqa chopishdi, bu yoqqa chopishdi, meni oyoqqa turg‘izishdi.
Akam chet elda ishlab meni davolatish uchun pul jo‘natib turardi. O‘zi ham jigar sirroziga chalinib qoldi. Oxirgi bosqichi, operatsiya qildirmasa bo‘lmaydi, deyishdi. Mol-holimizni, yashash uchun biroz qismini qoldirib hovlimizni, mashinamizni sotdik. Qarindosh-urug‘, do‘st-yorlar yordam qilishdi. Hindistonda operatsiya qildirib keldik.
Xudo o‘zi kuch berar ekan. O‘sha paytda oyoqqa turib, yugur-yugurlarini qildim. Yangam akamga donor bo‘ldi. Xudoga shukur, asta-sekin sog‘liqlari tiklanyapti. Lekin endi meni operatsiya qilishga to‘g‘ri kelyapti”, - deydi Xurshida ko‘z yoshlarini tiyolmay.
Tahlil natijalarini olib, doktorning oldiga yaxshi xabar eshitish ilinjida ko‘zlari yonib kirgan Xurshida, ko‘zlarining yonig‘ini o‘sha xonaga tashlab chiqdi. Umidi chilparchin bo‘ldi. Operatsiya qilmasa, hammasi tamom.
Lekin shifokorning operatsiyadan keyin sog‘lig‘ing tiklanadi, sen ona bo‘lishing ham mumkin, deya aytgan so‘zlari, unga qaytadan umid bag‘ishladi.
“Har bir ayol onalik baxtini his etishni xohlaydi. Farzandini bag‘riga bosgisi, ayajon, dadajon degan so‘zlarini eshitgisi keladi. Xudoga shukr, turmushga chiqdim, ammo sog‘lig‘im sabab ona bo‘lish mumkin emas. Lekin shifokorning so‘zlari meni yashashga, kurashishga undayapti. Men ona bo‘lishim mumkin, degan o‘yning o‘zidanoq yuragimga iliqlik kiryapti” - deydi ayol entikish bilan.
Xurshidani davolash mumkin, ammo akasini davolatishganiga hali bir yil ham to‘lmagan bu oila o‘zini moddiy tomondan tiklab olganicha yo‘q. Ota-onasi keksa, kuch-quvvatdan qolgan. Akasiga ham hozircha jismoniy ish qilish mumkin emas.
“Singlim uchun hamma narsaga tayyorman. U hozir nimani his qilayotgani, og‘riq qanday azob berayotganini men hammadan ko‘proq tushunaman, chunki shu kunlarni boshimdan o‘tkazganman.
Xonasida yig‘lab, iltijo qilib o‘tirganini ko‘rganimda yuragim o‘rtanib ketadi. Qaniydi, avvalgi sog‘lig‘im bo‘lsa, kecha-yu kunduz tinmay ishlasam ham mayli, singlimning operatsiyasi uchun kerakli bo‘lgan mablag‘ni topib bergan bo‘lardim”, - deydi Muhsinjon aka o‘kinch bilan.
Xurshidaxon Jo‘rayevaga oid ma’lumotlar:
Uzsard: 8600 0610 1315 0700 bemorning nomida
Visa: 4231 2000 0204 8345 turmush o‘rtog‘i Abdusalom Saidov nomida
Manzil: Farg‘ona viloyati, Quva tumani, “Sultonobod” MFY, Tojmahal-27