Portugallar Braziliyaga tushib qolishi mumkin. So‘nggi turda kimga qanday natija kerak?

Sport 19:27 / 02.12.2022 27185

2 dekabr kuni Qatardagi jahon chempionatida G va H guruhlarida ham so‘nggi o‘yinlar o‘tkaziladi va guruh bosqichi yakunlanadi. Braziliya va Portugaliya 1/8 final masalasini hal etib bo‘lgan, ammo ular hali pley-offda kimga qarshi o‘ynashini bilmaydi. Uchinchi tur yakunlariga ko‘ra ular o‘zaro to‘qnash kelib qolishi ham mumkin. Quyida ushbu kvartetlarda guruh bosqichi yakuni arafasida yuzaga kelgan vaziyat ko‘rib chiqiladi.

H guruhi

Gana — Urugvay (Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

H guruhida so‘nggi tur arafasida Gana ikkinchi o‘rinda (ikki o‘yinda 5 gol urilgan), Urugvay esa birorta gol urmasdan so‘nggi o‘rinda joylashishini ko‘pchilik kutmagandi. Afrikaliklar jamoasida pley-offga chiqish va JCh-2010 chorakfinalidagi mag‘lubiyat uchun urugvayliklardan qasos olish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Guruhdan chiqish uchun Ganagga durang ham yetarli, bunda Koreya Portugaliyadan ikki yoki undan ko‘p to‘p farqi bilan ustun kelmasligi kerak bo‘ladi.

Diyego Alonso jamoasida esa xato qilishga huquq yo‘q, ularga uch ochko suv va havodek zarur. Urugvayning turnirdagi uchinchi raqibi himoya haqida jiddiy o‘ylamaydigan jamoa bo‘lmoqda. Lekin aytish kerakki, janubiy amerikaliklarning o‘zi hujumda u qadar ishonchli o‘ynay olmayapti. Ular ko‘p xavfli vaziyatlar yarata olmayapti, yuzaga keltirilgan vaziyatlardan foydalanishda ham oqsashmoqda. Urugvayliklar birgina ochko bilan qolayotgani yetmagandek, ularda gollar nisbati bo‘yicha eng yomon vaziyat yuzaga kelgan (Janubiy Koreya bilan taqqoslaganda). Agar so‘nggi turda koreyaliklar va Urugvay bir xil to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishsa, osiyoliklar jamoasi yuqoriroqda joylashadi. Shu tufayli Janubiy Amerikaning uchinchi jamoasi sifatida turnirga kelgan jamoadan yirik hisobda g‘alaba qozonish talab etiladi.

Janubiy Koreya — Portugaliya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

Qiyinchiliklarga qaramay portugallar o‘tgan ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishib, muddatidan oldin 1/8 final yo‘llanmasini hal qildi. Ammo Portugaliya termasi futbolchilarining bo‘shashishga va individual statistikasini yaxshilash uchun o‘ynashga haqqi yo‘q. Agar ular pley-offning birinchi bosqichidayoq Braziliyaga raqib bo‘lishni istashmasa, oxirgi turda Koreyaga yutqazmaslik va guruhda birinchi o‘rinda qolish talab etiladi. Portugallar mag‘lub bo‘lsa ham guruh yetakchiligini saqlab qolishi mumkin, buning uchun Gana Urugvayni yenga olmasligi kerak bo‘ladi. Agar Gana o‘z o‘yinida ikki yoki undan ko‘p to‘p farqi bilan g‘olib bo‘lsa va portugallar yutqazsa, ikkinchi o‘ringa tushib ketadi.

Koreyaning vaziyati ham Urugvaynikiga o‘xshash — jamoani faqat g‘alaba qoniqtiradi. Jamoa sardori va yetakchisi Son Xin Min hali o‘z so‘zini aytmadi. «Tottenhem» hujumchisi jahon chempionatiga ko‘zidagi jarohatidan to‘liq tuzalmagan holda keldi, ammo u jamoa bilan turnirni erta tark etmoqchi emas. Uning jamoadoshlari birinchi turda Urugvayning hujumlariga dosh bergandi va bu vazifani Portugaliyaga qarshi o‘yinda ham uddalash mumkin. Jismonan yaxshi holatda bo‘lgan koreyslarda qarshi hujumlar uyushtirish imkoniyati bo‘ladi — hujum chizig‘ida Sondan boshqa tezkor futbolchilar ham yetarlicha. So‘nggi tur arafasida Osiyo vakillari to‘plar nisbatiga ko‘ra urugvayliklardan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega, shu tufayli ikki jamoa bir xil hisobda g‘alaba qozongan taqdirda, Koreya Janubiy Amerika vakillaridan yuqorida joylashadi.

H guruhidagi vaziyat

1. Portugallar pley-offga chiqib bo‘lgan, ularga guruhda birinchi o‘rinda qolish uchun durang ham yetarli. Jamoada gollar nisbati ayni vaqtda +3, Ganada esa — nol. Portugaliya bitta to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, ganaliklar birinchi o‘ringa ko‘tarilishi uchun ikki yoki undan ko‘p gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi.

2. Gananing Urugvay bilan o‘yindagi muvaffaqiyati 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlaydi. Ganaliklar yuqoridagi bandda keltirilgan ssenariy bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashi mumkin. Afrikaliklar so‘nggi turda durang o‘ynasa, Portugaliya  Koreyaga ikki to‘p farqi bilan yutqazmasligidan umid qilishga to‘g‘ri keladi. Mag‘lubiyat Otto Addo jamoasini pley-offdan tashqarida qoldiradi.

3. Koreyani turnirda qolish uchun faqat g‘alaba qoniqtiradi. Ammo agar parallel uchrashuvda Gana g‘alaba qozonsa, koreyaliklarga g‘alaba ham yordam bermaydi. Urugvayliklar va ganaliklar durangi Koreyani Portugaliya bilan o‘yinda ikki to‘p farqi bilan g‘alabaga erishishga majbur qiladi. Agar Urugvay g‘alaba qozonsa, osiyoliklar ham xuddi Janubiy Amerika vakillari erishgan farqdagi g‘alabaga erishishi talab etiladi.

4. Urugvay imkon qadar yirik hisobda g‘alaba qozonishi lozim. Alonso shogirdlarida to‘plar nisbati bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich yuzaga kelgan, jamoa pley-offga chiqish uchun parallel uchrashuvda kerakli natija qayd etilishiga umid qilishi kerak: Portugaliyaning g‘alabasi ularni qoniqtiradi, agar durang yoki Koreyaning kichik hisobdagi g‘alabasi qayd etilsa, urugvayliklar yirik hisobda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Gana bilan o‘yindagi durang yoki mag‘lubiyat urugvayliklarda hech qanday imkon qoldirmaydi.

G guruhi

Kamerun — Braziliya (Toshkent vaqti bilan soat 00:00)

Braziliya ikkinchi turdayoq keyingi bosqich masalasini hal qilgan uch jamoadan biri bo‘lgandi. Pentakampeonlar ikki uchrashuvda ham gol o‘tkazmasdan g‘alabaga erishdi va so‘nggi turda guruh autsayderiga qarshi o‘ynaydi. Brazillar bu o‘yinda ham jarohatidan hali tiklanmagan Neymarsiz o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Kamerun bilan o‘yinda ularni birinchi o‘rinni egallash uchun durang natija ham qanoatlantiradi.

Afrikaliklar esa guruhdan chiqish uchun kuchli raqibni yengishi va parallel uchrashuvda Serbiya g‘alaba qozonishi yoki durang qayd etilishini kutishi kerak bo‘ladi.

Serbiya — Shveytsariya (Toshkent vaqti bilan soat 00:00)

Katta ehtimol bilan G guruhidagi ikkinchi o‘rin egasi aynan shu uchrashuvda aniqlanadi. To‘rt yil muqaddam Rossiyadagi jahon chempionatida ham Serbiya va Shveytsariya bir guruhdan joy olib, ikkinchi turda o‘zaro o‘yin o‘tkazgandi — va o‘shanda ham dramatik vaziyat yuzaga kelgandi: Aleksandar Mitrovich oltinchi daqiqada serblarni oldinga boshlagan, ikkinchi bo‘lim boshida shveysarlar hisobni tenglashtirgan, 90-daqiqada esa Jyerdan Shaqiriy Shveytsariyaga g‘alaba keltiruvchi golni urgandi. JCh-2022 turnirining uchinchi turida muxlislar uchun kamida shiddatli o‘yin kafolatlangan. Endi vaziyatni so‘nggi turda tuzatish imkoni bo‘lmaydi — bu jamoalardan biri uchun bu turnirdagi so‘nggi o‘yinga aylanishi aniq.

Serbiya ayni vaqtda guruh jadvalida shveysarlardan ortda joylashganiga o‘zi aybdor. Serblar avvalgi turda Kamerun bilan o‘yindagi 3:1 hisobini saqlab qola olganida, hozirda Shveytsariya bilan teng vaziyatda bo‘lgan va durang o‘ynab ham to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga pley-offga chiqish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lardi. Endi Dragan Stoykovich shogirdlariga bu uchrashuvda faqat g‘alaba kerak — bundan boshqa har qanday natija raqib foydasiga bo‘ladi.

G guruhidagi vaziyat

1. Braziliya 1/8 finalda, ammo ular Kamerunga yutqazsa nima bo‘ladi: Shveytsariya serblarni yengib, to‘plar nisbatini yaxshilab olib, guruh yetakchiligini janubiy amerikaliklardan tortib olishi mumkin. Masalan, brazillar 0:1 hisobida yutqazsa, shveysarlar 3:0 hisobida g‘alaba qozonsa.

2. Shveytsariya guruhda birinchi o‘rinni olishi uchun talab etiladigan ssenariy yuqorida keltirildi. Agar bunday bo‘lib chiqmasa-chi? G‘alaba Murat Yaqin jamoasi uchun pley-offni kafolatlaydi. Durang ham shveysariyaliklar turnirdagi ishtirokini davom ettirish imkonini beradi, buning uchun Kamerun Braziliyani yengmasligi talab etiladi. Serbiyaga yutqazsa Shveytsariya o‘z o‘rnini to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibiga bo‘shatib beradi.

3. Kamerun Braziliyani yengishi talab etiladi. Agar 1:0 hisobida g‘alaba qozonilsa, parallel uchrashuvda ko‘p golli durang bo‘lmasligi kerak (ko‘pi bilan 2:2), shunda afrikaliklar urilgan gollar soni ko‘pligi evaziga ikkinchi o‘rinni egallashi mumkin.

4. Serbiya Shveytsariyani yengishitalab etiladi. Serblarning to‘plar nisbati bo‘yicha ko‘rsatkichi Kamerunnikidan yomonroq (3:4 ga qarshi 3:5), shu tufayli serblarning o‘zi ko‘proq gol urishi kerak bo‘ladi. Ammo agar afrikaliklar turnirning asosiy favoritini yenga olmasa, Serbiyaga ikkinchi o‘rinni egallash uchun minimal hisobdagi g‘alaba ham yetarli bo‘ladi.

Pley-off

1/8 finalda G guruhining 1-o‘rinni olgan jamoasi H guruhining 2-o‘rinni olgan jamoasi bilan, H guruhi yetakchisi esa G guruhidan chiqqan ikkinchi jamoa bilan o‘ynaydi. Muxlislarda Braziliyaning Portugaliya yoki Urugvay bilan to‘qnashuviga guvoh bo‘lish ehtimoli bor. Bu guruhlar vakillarining pley-offdagi uchrashuvlari 5 va 6 dekabr kunlari o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: