Rio Ferdinand: — Qara, studiyang bo‘ylab «Manchester Yunayted»da bo‘lgan davrlaringdan olingan suratlarni ilib chiqibsan. Sen bilan bu klub haqida gaplashishim kerak. Kel, biroz orqaga qaytamiz, sen bilan Manchesterga qaytishingdan avval telefon orqali gaplashdik. Tungi soat 1 da qo‘ng‘iroq qilganding. Avvaliga bu seni juda xursand qilgan voqea bo‘lsa kerak. Lekin keyinroq hammasi o‘zgarib ketdi. Sen hozir o‘shanda intervyuda aytgan gaplaringni isbotlay olganingni his qilasanmi?
Ronaldu: — Haqmanmi yoki yo‘q, endi bu meni qiziqtirmaydi. O‘shanda aytishim kerak bo‘lgan gaplarni gapirganman. Men uchun hammasi ortda qolgan. «Manchester Yunayted»ga o‘zimga tilagan hamma narsani tilayman. Ular yana dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biriga aylanishini istardim. Men bu klubni sevaman. Men bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni unutib yuboradigan odam emasman: u yerga qaytganimdan juda xursand bo‘lgandim, ko‘plab gollar urib, to‘purarlardan biriga aylandim. Birinchi mavsumimda jamoa bilan yaxshi natijalarga erisha oldim. Chempionlar Ligasi guruh bosqichining har turida gol urishga erishdim.
Lekin oldin ham aytganimdek, klubda hamma narsani yangilash va yaxshilash kerak. Murabbiy chempionlik uchun kurasha olmasligini aytgandi. Sen «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi ekansan, bunday deyishga haqqing yo‘q. Senda resurslar va salohiyat kamligini bilsang ham, o‘zingni g‘alaba uchun kurashadigandek tutishing kerak.
— Biz bor paytimizda shunday edi. Balki, hamma gap murabbiydadir? Chunki klubning standartlari o‘zgarib ketdi va kutilmalar ham shunga yarasha bo‘lishi kerakdir…
— Balki, men ham shunday deb o‘ylayman. Lekin bu klub qaytadan qurilishi uchun vaqt kerak. Ular — hali ham dunyoning eng zo‘r klublaridan biri. Lekin o‘zgarishlari kerak. Hatto o‘zlari ham bu yagona yo‘l ekanini bilishadi. Sen bu borada dastur ham tayyorlading, jamoadagi infratuzilma yaxshilana boshlanganini ko‘rdim va yangi rahbarlar ijobiy o‘zgarishlar qilmoqda. Men bundan xursandman. Barchasi shu taxlit yuz bergani meni baxtli qilmaydi, biroq hayotimizdagi ba’zi narsalarni boshqara olmaymiz. Yana qaytaraman, mening «Manchester Yunayted»ga muhabbatimga zarracha putur yetmagan va ularga doim eng yaxshilarini tilayman.
— Hozirgi tarkibdagi umidni kimda ko‘rasan: Garnacho, Reshford, Hoylund. Ulardan nimadir kutsa bo‘ladi, deb o‘ylaysanmi?
— Men ularda kelajak yorqin ekaniga ishonaman. Lekin ular faqat iqtidorga bog‘lanib qolmasliklari kerak. Faqat klubning kompleks tarzdagi rivojlanishi jamoaga muvaffaqiyat olib kelishi mumkin. Ular eng pastki nuqtadan qayta qurishni amalga oshirishi kerak, aks holda raqobatlasha olishmaydi. Ha, yaxshi natijalar kuzatilib turishi mumkin, Liga Kubogini yutib qolishlari ehtimol, ammo Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi va Premer-ligada zafar quchishlari ancha qiyin. Umid qilamanki, adashyapman, biroq qiyin bo‘lishi aniq.
— Rud (Van Nistelroy) hozir jamoaga qaytgan. U vaziyatni o‘nglashi mumkinmi?
— Menimcha, uning katta yordami tegadi. Agar ten Hag uni eshitsa, Rudning ancha foydasi tegadi. Boisi, u klubni biladi va hozirgi rahbariyat oldingi davrlarda jamoada bo‘lganlar fikrini eshitishi kerak: Rud, Roy Kin, Pol Skouls, Gari Nevill… Bir klubni bilmay turib, uni rivojlantira olmaysan. Ofisda o‘tirgan bir yigit men futbolni yaxshi tushunaman, har kuni televizorda ko‘raman-ku, deb o‘ylaydi. Yo‘q, buning iloji yo‘q. Futbolni tushunadigan insonlar 99 foiz uning o‘zidan chiqadi. Dunyodagi eng muvaffaqiyatli murabbiylar kimlar: Gvardiola, Fergyuson… Ular futbolchi bo‘lgan, kiyim almashtirish xonasida o‘tirgan. Ular futbolchilar bilan qanday ishlash kerakligini tushunishadi. Sen ham, men ham Formula 1'ga borib, nimadir qila olmasdik, chunki bilmaymiz.
— Hali bola ekanligingdayoq «Manchester Yunayted»da paydo bo‘lding, ozg‘ingina yigitcha eding. Soch turmaging juda kulgili edi, spagettiga o‘xshardi. Tishing haqida gapirmay ham qo‘ya qolaman. Lekin hammasidan ham ko‘ra sen zavq ulashuvchi eding, maydonda qiladigan harakatlaringga hamma hayron qolardi, hatto yulduzimiz Rud ham. 6 yildan keyin esa «Real»ga ketding, yuzing butkul o‘zgardi, ketvorgan qaddi-qomatga ega bo‘lding, «Oltin to‘p» va darvoza oldida qotilga aylanding…
— Men buni «Manchester Yunayted»da o‘rganganman. Chunki u yerdagi so‘nggi mavsumimda Chempionlar Ligasi va Premer-liga to‘purari bo‘lganman. Qanday qilib o‘zimni o‘zgartirdim? Tushundimki, bizning pozitsiyada fintlar emas, gollar muhimroq ekan. Men yoshligimda bajargan fintlarimdan rohat olganman va ularni qayta tomosha qilishni ham yoqtirardim. Yosh o‘tgan sari esa bir paytlar zavq bilan bajargan ayrim ishlaringni kamroq qadrlay boshlaysan va yanada muhimroq narsalarga e’tibor qaratasan. Men anglab yetdimki, Chempionlar ligasi, «Oltin to‘p» va «Oltin butsa» kabi sovrinlarni yutish uchun senga gollar yordam berar ekan. Fintlar ustasi emas, ko‘proq gol uradiganlar gazetalarning bosh sahifalaridan joy oladi.
— Sen ko‘p klublarda yuqori darajada o‘ynagansan va ularda doim yosh-iqtidorli futbolchilar bo‘lardi. Ular sening oldingga kelib maslahat so‘rashni, sen bilan gaplashishni juda xohlashsa kerak. Ularga qanday ko‘rsatmalar berasan?
— Meni bilasan-ku, aldashni yoqtirmayman. Manchesterga kelganimda mashg‘ulotlarda Gari Nevill, sen, Roy Kin, Giggz kabilarni ko‘rganman. Men sizlarga qarab ko‘p narsalarni o‘rganganman, har biringizdan qaysidir kuchli jihatingizni olishga uringanman va bu orqali o‘z shaxsiyatimni yaratishim mumkin bo‘lardi. Misol uchun, sen juda kuchli himoyachi eding, markaziy himoyachilarga xos tarzda baquvvat, muskullaring shishib turardi va buning uchun mashg‘ulotlardan keyin qolib, zalda mashq qilishingni bilardim. Va eng muhimi, biz o‘sha paytda juda ham yaxshi atmosferaga ega edik. Hammamizda o‘zimizga yarasha ego bor edi, lekin uni jamoa manfaati yo‘lida yashirishga harakat qilardik.
Jamoa nimadir yutishi uchun maydondagilar bir-birining nima qilayotganini bilishi kerak. Bizning hamma sovrinni yutganimiz shunchaki tasodif emas. Esingdami, hammamiz jamoadagi vazifamizni va nima qilayotganimizni yaxshi bilardik. Mana shu narsa jamoani shakllantiradi. Ispaniyani olaylik, qanday qilib ular Yevroni yutishdi? Ular ham nima qilayotganini bilardi, tasodifan g‘alabaga erishmadilar. Ular hammani yengishdi, demak, musobaqani yutishga munosib edilar, ularni olqishlash kerak. Bu — mening fikrim.
— Kel, yana bir marta markaziy hujumga o‘tib, ko‘plab gol urishni boshlaganingga qaytaylik. Sen aynan nimani o‘zgartirganding? Bu ser Aleks Fergyusonning fikrimidi yoki Rud senga qandaydir maslahatlar berib turarmidi? Umuman, vingerdan dahshatli hujumchiga aylanishda nimanidir o‘zgartirishing kerakligini kimdir senga aytganmi?
— Men atrofimni diqqat bilan kuzatib, ko‘p narsalarni o‘rgangandim. Avval ham aytdim, men hatto himoyachilardan ham nimalarnidir o‘rganganman. Rud, misol uchun, gavda bilan o‘ynashda birinchi raqamli edi. Mashg‘ulotda har ikkala oyog‘im bilan ishlashga harakat qilardim. Avvaliga chap oyog‘im u qadar kuchli emasdi, biroq uni rivojlantirdim. Chunki atrofimdagilar tinmay ishlayotganini ko‘rardim va men ham mashq qilish jarayonida o‘zimni yaxshiroq his qila boshlaganman.
Shu tariqa, gollar ura boshlaysan va o‘zingga bo‘lgan ishonching ko‘tarila boshlaydi. O‘zimga aytganman: «Krishtianu, fintlarni yaxshi bajarasan, faqat o‘zingga foyda keltiradigan va kuchli bo‘lgan taraflaringga e’tibor qarat». Mening fikrimcha, bu — futbolda uzoq vaqt qolmoqchi bo‘lgan odam uchun eng yaxshi yo‘l. Hammamiz ham vaqt o‘tgan sari ba’zi narsalarni yo‘qotib boramiz. Barcha sport turlari uchun bu — normal jarayon. Nimanidir yo‘qotsang, nimagadir erishasan va ularga faoliyating davomida moslashib borishing kerak. Men ham 10 yil avvalgi futbolchi emasligimni yaxshi bilaman. Mana seni qara, 10 yil avvalgidan ko‘ra soqolingdagi oqlar ko‘proq, ko‘proq vazn yig‘gansan (kuladi). Nima deyotganimni tushunding-a, moslashish kerak. Boshqa yo‘li yo‘q.
— Sening Yevroda Fransiyaga qarshi bellashuvda qilgan harakatingdan hayron qolgandim. Himoyachi butunlay boshqa tarafga qarab turgandi va sen butunlay kutilmagan harakat bilan hujumni davom ettirding. Shu kabi narsalarni qanday o‘rganasan? Kimlarnidir kuzatasanmi? Sening muxlislaringda bu kabi xislatlarni qanday qilib o‘zimda shakllantirsam bo‘lar ekan, degan savol bo‘lishi mumkin?
— Men uchun 18 yoshimda Portugaliyadan Premer-ligaga ko‘chib o‘tishim katta yurish bo‘lgan. Aleks Fergyuson va o‘rtacha yoshi 25 dan yuqori bo‘lgan, tajribali futbolchilar bilan o‘ynash muhim qadam edi. Ular menga yosh boladek munosabatda bo‘lishardi va meni asrashga urinishardi. Va shular ta’sirida men dunyodagi eng yaxshi futbolchi bo‘laman, deb o‘ylay boshladim. Yosh futbolchi sifatida bunday imkoniyatdan foydalanib qolishim kerakligini tushunganman va ularni diqqat bilan kuzatdim. Boisi, men doim o‘rganishni xohlayman va buni yaxshi ko‘raman.
— Sen haqingda odamlarga eng ko‘p aytadigan narsam ham shu — samimiylik. Sen hech qachon so‘rashdan uyalmaysan.
— Xuddi shunday. Savollar beraman va ulardan kelajagim yo‘lida foydalanaman. Menimcha, erishganlarimning kaliti mana shunda — o‘rganishga bo‘lgan mislsiz ochlik. Bu nafaqat futbol, balki hayotda ham muvaffaqiyatga erishish uchun asosiy unsur bo‘lishi mumkin.
— Sendan o‘g‘ling — Krishtianu Junior haqida so‘ramoqchiman. U ham futbolchi bo‘lmoqchi ekaniga qanday qaraysan?
— Hozirgi avlodga nimanidir aytish va tushuntirish qiyin. Shuning uchun o‘zlariga qo‘yib berishing kerak. Doim ularga mendan o‘rnak olishni aytaman. Chunki ular har kuni uyda qanday ishlashimni ko‘rishadi. Uyda ham, mashg‘ulotda ham, o‘yinda ham ular meni kuzatishadi va dadam doim qattiq mehnat qiladi, deyishadi. Hozir Krishtianu Junior futbolchi bo‘lishni xohlayapti va men unga katta bosim o‘tkazmayman. Biroq uni harakatga chorlab qo‘yaman, u atigi 14 yoshda va allaqachon unda Ronalduning o‘g‘li bo‘lish bosimi bor. Buning ustiga mening ham unga bosim qilishimni tasavvur qilib ko‘r. Xato qilishiga qo‘yib berish kerak, o‘ziga yoqqan ishlarni qilaverishi kerak. Umid qilamanki, kelgusida professional futbolchi bo‘la oladi. Agar bunday bo‘lmasa ham, boshqa qaysidir kasbning egasi bo‘ladi va men uni doim qo‘llab-quvvatlayman. Biz mashhur odamlarmiz va farzandlarimizga u qadar katta bosim qo‘ya olmaymiz.
— Sen bilan men qiyinchilikda katta bo‘lganmiz va bizda o‘ziga xos ochlik bor edi. Futbolda shu narsa bizni mehnat qilishga undadi va biz boy bo‘ldik. Bolalarimizda esa bu his yo‘q, qanday qilib ularni mehnatga undaysan?
— Faqat o‘zim o‘rnak bo‘lish orqali. Men uchun bu — yagona yo‘l. Farzandlarimga yaxshi tarbiya berishga harakat qilaman».
— Faoliyatingni yakunlagach, nimani ko‘proq sog‘inasan? Seni bilaman, yana kamida 4-5 yil o‘ynamoqchisan. Agar qo‘lingdan kelsa, qoyil qolmay iloj yo‘q.
— Men gol urgandagi adrenalinni sog‘inishim aniq. O‘yindagi asabiylikni qo‘msasam kerak. Boshqa jihatlardan hammasi joyida, bizneslarim bor. Ammo futbol adrenalinini topolmasligim aniq, shuning uchun imkon qadar uzoqroqqa borishga harakat qilyapman. Futbolda qolish uchun bor kuchim bilan ishlayapman va bir necha yillardan so‘ng buning ham iloji bo‘lmaydi. Ikki-uch mavsum yana nimalarnidir ko‘rsatib turishim mumkin, lekin undan keyin… U davr haqida o‘ylashniyam xohlamayman. Shuning uchun hozirgi hayotimdan imkon qadar rohat olishga harakat qilyapman. Qolgan bizneslarim esa o‘z-o‘zidan ketaveradi.
Shuncha o‘tgan yillar sababidan yig‘laymanmi? Balki, ha. Chunki yillar o‘tgan sari ko‘nglim bo‘sh bo‘lib ketyapti. Lekin qayg‘urishim kerak bo‘lgan narsalar ko‘p va futboldan keyin ham hayotim davom etadi. Bu ham men uchun yangi chaqiriq bo‘ladi, chunki hayotning boshqa sferalarini ham o‘rganishim kerak bo‘ladi.
Abdulbasit Valixonov tarjimasi