Messida het-trik va ikki uzatma, Braziliya o‘ynay boshladi. Konmebolda JCh saralashi

Sport 13:47 / 16.10.2024 8738

Uyda devorlar ham yordam beradi

Argentina — Boliviya 6:0
Gollar:
Messi (19, 84, 86), Lautaro Martines (43), Alvares (45+3), Almada (69). 
Argentina – Rulli, Talyafiko, Otamendi (Lisandro Martines, 73), Romero, Molina, Mak Allister (Paredes, 66), Fernandes, De Paul (Palasios, 65), Alvares (Almada, 65), Lautaro Martines (Pas, 73), Messi.
Boliviya – Viskarra, Fernandes (Pas, 67), Medina, Sagredo, Suares, Akin, Vaka, Vilyamil, Mateus (Terrasas, 80), Terseros (Chaves, 67), Algaranyas (Monteyro, 79).
Ogohlantirish: Algaranyas (76).

Oxirgi turlarda Boliviya o‘ziga keldi va qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozondi, ammo bu o‘zgarish Argentinani safarda yengish imkonini beradigan darajada keskin emasdi. Qolaversa, vatanida 334 kundan buyon o‘ynamagan Messi ilhomlanib to‘p surdi. Lautaro Martines to‘pni raqibdan olib qo‘yganidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Leo to‘pni yaqin burchakka joylashtirdi va jahon futbolida milliy jamoalar miqyosida ikkinchi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. Uning «albiseleste» libosidagi 110-goli eronlik afsona Ali Dayini quvib o‘tishga imkon berdi, oldinda esa faqat argentinalikning azaliya raqibi Krishtianu Ronaldu (136) bor.

Messi bu bilan to‘xtash haqida o‘ylamadi va tanaffusgacha yana ikkita golni tashkillashtirdi. Avvaliga Lautaroni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib, undan qarzini uzdi, keyin esa standart vaziyatda to‘pni himoyachilar ortiga ochilgan Hulian Alvaresga yetkazib berdi. Faqat to‘rtinchi gol jamoa «o‘nligi» ishtirokisiz kechdi — Almada milliy jamoa safidagi ilk golini urdi. Hisobni ochgan Messi esa oxirgi gollarga ham o‘zi mualliflik qildi. U avvaliga o‘ng oyog‘ida darvoza to‘rini ishg‘ol qildi — MLSga o‘tganidan keyin shu oyog‘ida ham gol urishni boshlagan. Keyin esa «Real»ning 20 yoshli tarbiyalanuvchisi Pasning uzatmasidan keyin o‘z uslubida chap oyog‘ida zarba berib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Saralash doirasidagi bir o‘yinda het-trik va ikki golli pas — Janubiy Amerikada bunaqasi 2009 yildan buyon kuzatilmagandi. Taqdir hazili shundaki, bir futbolchining bundan oldingi bunday benefisi ham Argentina va Boliviya jamoalari ishtirokidagi o‘yinda ro‘y bergandi. O‘shanda Messi maydonda edi, murabbiylik o‘rindig‘ida esa boshqa bir afsona — Diyego Maradona o‘tirgandi. Ammo o‘sha kunni butun mamlakat xotirasidan o‘chirib tashlashni istaydi, chunki o‘shanda argentinaliklar Boliviya maydonida sharmandali hisobda (6:1) mag‘lub bo‘lishgandi. Hoakin Botero esa klassik «shlyapa tryuki»ga assistentlik bo‘yicha ham het-trikni qo‘shib qo‘ygandi.

Prezidentning tanqidi

Braziliya — Peru 4:0
Gollar:
Rafinya (38 penalti, 54 penalti), Pereyra (71), Luis Enrike (74). 
Braziliya – Ederson, Abner, Gabriel, Markinos, Vanderson, Bruno Gimaraes (Andre, 79), Jyerson, Rodrigo (Pereyra, 69), Rafinya (Mateus Pereyra, 78), Savio (Luis Enrike, 69), Igor Jyezus (Endrik, 78).
Peru – Galese, Kalens, Sambrano, Arauxo, Lopes, Penya (Murrugarra, 78), Kastillo (Sonne, 57), Kartaxena, Advinkula (Polo, 73), Flores (Grimaldo, 73), Reyna (Ramos, 57).
Ogohlantirishlar: Reyna (8), Galese (45), Kastillo (48), Sambrano (55), Kartaxena (68), Vanderson (83).

Braziliya prezidenti Lula da Silvaning barcha masala bo‘yicha o‘z fikri bor. Davlat rahbari bir braziliyalik sifatida futbol haqida muntazam gapirib turadi. Shu kunlarda u jamoa legionersiz yaxshiroq o‘ynashi haqidagi fikrlari bilan barchani o‘ziga qaratdi. Bu bilan, u albatta biroz oshirib yuborgandi, faqat Dorival Junior — mahalliy futbolchilarni yaxshi o‘ynatadigan mutaxassis. U Yevropada o‘ynaydigan yulduzlardan hech qachon bosh tortmagan, ammo milliy chempionatdagi futbolchilarga ham katta e’tibor qaratishi haqida tayinlovdan keyingi ilk intervyusidayoq gapirgandi.

Va Dorivalning gaplari amalga ham ko‘chadi. O‘tgan turda chililiklar darvozasiga ikki golni ham ichki chempionat peshqadami «Botafogo» klubi vakillari — Igor Jyezus va Luiz Enrike urishgandi. Bu safar «Flamengo» yarimhimoyachisi Jyerson boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi, zaxira o‘rindig‘ida esa pentakapeonlar safidagi debyutant, «Kruzeyro» futbolchisi Mateus Pereyra o‘rin oldi. Uni diskvalifikatsiyaga uchragan Lukas Paketa o‘rniga chaqirishgandi, ammo shtatdagi penaltichining yo‘qligi ko‘proq Rafinyaga foydali bo‘ldi va ikki bor 11 metrlik nuqtadan gol urdi.

Autsayderga qarshi o‘yin — ko‘p narsani ko‘rsatib bera olmasligi ravshan. Faqat Braziliya yaqingacha kamtar raqiblarga qarshi o‘yinlarda ham qiynalayotgandi. Bu o‘yin esa — ayniqsa, ikkinchi bo‘limda juda oson kechdi. Andreas Pereyra uchinchi golni «qaychi» uslubida kiritdi. Pentakampeonlarda tizim qanchalik o‘zgarganini noyabr oyida Venesuela va Urugvayga qarshi kechadigan o‘yinlar yaxshiroq ko‘rsatib beradi. Qolaversa, bu vaqtga borib Vinisius Junior ham safga qaytishi kerak.

Chili oxirgi o‘rinda

Kolumbiya — Chili 4:0
Gollar:
Sanches (34), Dias (52), Duran (82), Sinisterra (90+3). 
Kolumbiya – Vargas, Moxika (Kabal, 86), Lukumi, Sanches, Ariyas, Aryas (Karraskal, 77), Lerma, Rios, Xames (Kintero, 86), Dias (Sinisterra, 76), Kordoba (Duran, 46).
Chili – Kortes, Galdames (Morales, 46), Kushchevich, Maripan, Loyola, Pulgar (Ortegosa, 84), Echeverriya (Gerrero, 60), Valdes (Barturen, 61), Osorio, Davila, Vargas (Tapiya, 60).
Ogohlantirishlar: Kordoba (37), Tapiya (65), Pulgar (77), Moxika (78).

Xames Rodriges Amerika Kubogida eng yaxshi assistent bo‘lgandi. Hozirda ushbu faxriy futbolchi to‘rt golli uzatma bilan saralash siklidagi eng yaxshi assistent bo‘lib turibdi va bu o‘yindagi birinchi golda ham uning xizmatlari katta bo‘ldi — burchak zarbasini aynan u amalga oshirgandi. Milliy futbol federatsiyasi yuz yilligi munosabati bilan maxsus libosda harakat qilgan Kolumbiyaning standart vaziyatlardan foydalanish statistikasi ajoyib. Jamoa turnirlardagi 27 golidan 15 tasini aynan shunday jarima zarbalaridan urishgan va 13 gol (Sanches bilan holatda ham) darvoza to‘riga boshda yo‘llangan zarbadan keyin borib tushgan. Shundan oltitasi hozirgi saralash turniriga to‘g‘ri keladi, faqat bu rekord emas, chunki JCh-1998 saralashida bunday zarbalar soni to‘qqizta bo‘lgandi.

Shu bilan birga, kolumbiyaliklar oyoqda ham yomon o‘ynashmaydi va pressingda ajoyib ishlagan Hames ikkinchi gol muallifi Diasni ideal vaziyatga chiqarib yubordi. Sardor yana bir golli pas bersa, saralash turnirlaridagi golli paslar soni bo‘yicha uchinchi o‘rindagi Luis Suares (13) bilan tenglashib oladi. O‘yin oxirida zaxira qiroli bo‘lgan Duran bu safar ham o‘zining odatiy ishini bajarib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. «Aston Villa» hujumchisi katta ehtimol bilan Urugvayga qarshi noyabrda kechadigan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushadi.

«Bornmut» safida ajoyib mavsum o‘tkazayotgan Sinisterra esa qo‘shimcha daqiqalarda to‘rtinchi golni urdi. Chili 10 turda atigi besh ochko oldi va guruh jadvalida so‘nggi pog‘onada qolmoqda.

Urugvaycha qurg‘oqchilik

Urugvay — Ekvador 0:0
Urugvay – Rochet, Olivera (Sarakki, 87), Ximenes, Bueno, Nandes, Ugarte (Fonseka, 82), Valverde, Arauxo, de Arraskaeta (de la Krus, 46), Pellistri, Nunes.
Ekvador – Galindes, Estupinyan (Chaves, 90+3), Presiado, Inkapie, Pacho, Torres, Minda (Alvarado, 80), Kaysedo, Franko, Valensiya (Rodriges, 59), Plata (Yyeboa, 90+3).
Ogohlantirishlar: Kaysedo (37), Fonseka (84).

Luis Suaresning 2024 yilgi Amerika Kubogidagi muammolar to‘g‘risidagi shov-shuvli so‘zlaridan keyin Urugvayning har bir o‘yiniga mikroskop bilan qarashmoqda va bosh murabbiy Marselo Biyelsa hamdam jamoa o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga dalil qidirishmoqda. Barcha ko‘z tikib turganini sezgan futbolchilar Ekvador bilan o‘yinda jon berib o‘ynashdi.

Ammo birinchi bo‘limning o‘zida uch yoki to‘rtta golli vaziyat yuzaga keltirilganiga qaramay, darvozani ishg‘ol qilishning imkoni bo‘lmadi. Pelistriga aniqlik yetishmadi, Valverdening ikki xavfli zarbasini Galindes qaytardi, Nunesning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Umuman olganda, futbolchilarning omadi kelmadi. Noyabrdagi o‘yinlar jamoa realizatsiya muammosini qanchalik hal qilganini ko‘rsatadi. Hozircha esa turnirni eng yorqin jamoa sifatida boshlagan urugvayliklar tarixda ilk bor saralash bosqichida qatorasiga to‘rt o‘yinda gol ura olmadi.

Tarixiy dubl

Paragvay — Venesuela 2:1
Gollar: Sanabria (59, 74) — Aramburu (25). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Ensiso (41).
Paragvay – Fernandes, Alonso, Alderete, Gomes, Kaseres, Gomes (Bobadilya, 80), Kubas, Ensiso (Vilyasanti, 88), Almiron (Balbuena, 80), Sosa (Romero, 46), Pitta (Sanabriya, 46).
Venesuela – Romo, Navarro, Ferraresi (Ramires, 88), Ramires, Aramburu, Kasseres (Segoviya, 80), Errera, Soteldo, Savarino (Kadis, 66), Machis (Bello, 79), Rondon.
Ogohlantirishlar: Navarro (12), Batista (32), Kaseres (35), Soteldo (38), Kasseres (45+3), Alderete (63), Kadis (68), Aramburu (70), Bello (87).

Bu turga qadar Paragvay saralash o‘yinlarida birinchi bo‘limlarda 38 bor gol o‘tkazib yuborgan va bunday o‘yinlarda biror marta g‘alabaga erisha olmagan (=6-32). Ammo har qanday seriya ertami kechmi yakunlanadi, avgust oyida bosh murabbiylikka tayinlangan argentinalik mutaxassis Gustavo Alfaro kuz boshlanganidan keyin qizil-oqlar jamoasini o‘zgartira olganini namoyish etdi. Braziliya ustidan g‘alaba qozongan jamoani «Real Sosedad» himoyachisi Aramburu urgan gol ham, tanaffus arafasida Ensiso penaltini ura olmagani ham sindira olmadi.

Sentyabr oyidagi o‘yinlarda zaxirada o‘tirgan Sanabriya esa uchrashuv qahramoniga aylandi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan forvard g‘alaba keltirgan dublni rasmiylashtirdi va bu Janubiy Amerikadagi saralash bosqichlari uchun ilk shunday holat bo‘ldi. Unga birinchi golda Alonso hammualliflik qildi. Keyin esa Ensiso aybini yuvdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri raqibi ustidan g‘alaba qozongan Paragvay JCh-2026 uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Turnir jadvalidagi vaziyat:

Ko‘proq yangiliklar: