Qatarda dramalar kuni: Turnirning eng shov-shuvli goli urildi. Favoritlar uyga qaytdi

Sport 16:24 / 02.12.2022 39681

Germaniya o‘zi bilan Ispaniyani olib ketishi mumkin edi, ammo to‘rt karra jahon chempionlari yolg‘iz cho‘kishdi.

JCh-2022. Ye guruhi, 3-tur
Kosta-Rika — Germaniya 2:4

Gollar: Texeda (58), Vargas (70) — Gnabri (10), Haverts (73, 85), Fyullkrug (90+1).
Kosta-Rika – Navas, Fuller (Bennette, 74), Duarte, Uoston, Vargas, Ovedo (Kontreras, 90+3), Agilera (Salas, 46), Borxes, Texeda (Vilson, 90+3), Venegas (Matarrita, 74), Kempbell.
Germaniya – Noyyer, Ryudiger, Zyule (Ginter, 90+3), Raum (Gyotse, 67), Gundo‘g‘an (Fyullkrug, 55), Goretska (Klostermann, 46), Kimmix, Myuller (Haverts, 67), Gnabri, Sane, Musiala.
Ogohlantirish: Duarte (76).

Germaniyaning so‘nggi muvaffaqiyatli turnirlaridan buyon ancha vaqt o‘tdi, endi nemislar guruh bosqichining so‘nggi turida hayot-mamot jangiga chiqishi odatga aylanmoqda. JCh-2018 turnirida jamoa so‘nggi turda Koreyaga yutqazib, pley-offdan quruq qolgandi. Yevro-2020 turnirida reglament bo‘yicha guruhdan chiqish osonroq edi, ammo u yerda ham jamoa vengrlarga qarshi 84-daqiqadagi gol evaziga qutulib qolgandi. Qatardagi turnirda bu ssenariy takrorlandi: yana uchinchi tur — va yana hech narsa hal bo‘lmagan.

Bu safar barchasi Germaniyaning o‘ziga bog‘liq emasdi, parallel uchrashuvdagi natijaga ham qarash talab etilardi. Ispaniya g‘alabasiga umid qilish bilan birga, nemislarning o‘zi yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi ma’qul edi. Guning uchun Hansi Flik Kimmihni o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan pozitsiyaga, mudofaaning o‘ng qanotiga qo‘ydi va bu maydonda yaratuvchi futbolchilar sonini oshirishga imkon berdi.

Kutilganidek Keylor Navas ilk daqiqalardanoq zarbalarga uchradi. U ikki vaziyatda qutqardi, ammo Raumning uzatmasidan keyin Gnabrining bosh bilan burchakka bergan zarbasi qarshisida ojiz edi, nemis futbolchisi golni nishonlamay, to‘pni darvozadan olib, maydon markaziga chopdi.

Nemislar barcha variantlarni, jumladan Yaponiya ispanlar ustidan g‘alaba qozonishi ehtimolini ham hisobga olishgandi. Bunday ssenariyda Kosta-Rikani 1-turda 7:0 hisobida taslim etgan «Qizil furiya»ning natijasini takrorlash talab etilardi.

Ammo birinchi bo‘lim yakunlanganida ham yirik hisobdan darak yo‘q edi. Ha, Germaniya to‘pni ham, hududlarni ham to‘liq nazorat qildi. Ko‘plab vaziyatlar yaratildi, ammo ulardan foydalanilmadi.

Yoki hozirgi jamoa «nemis mashinasi» rejimini yoqishga qodir emas. Yoki futbolchilarni parallel uchrashuvda Ispaniya ham tezkor gol urgani bo‘shashtirgan. Ikkinchi ehtimol shubhali. Ammo fakt faktligicha qoladi: birinchi bo‘limda raqibga birgina zarba berishga yo‘l qo‘ygan nemislar minimal ustunlikni ham boy berishga yaqin keldi. Bu vaziyatda Raum va Ryudiger jarima maydoni atrofida o‘z darajalariga mos bo‘lmagan holda harakat qilib, raqib hujumini o‘tkazib yuborishdi.

Jamoa baxtiga Noyyer bunga tayyor bo‘lib chiqdi va Kempbellning to‘sin ostiga yo‘llagan zarbasini qaytarib qoldi. U shu kuni jahon chempionatlaridagi 19-o‘yinini o‘tkazdi va buyuk vatandoshi Zepp Mayyer hamda braziliyalik Klaudio Taffarelni ortda qoldirib, darvozabonlar uchun rekordni yangiladi.

Flik tanaffusda Kimmihni tayanch zonasiga qaytarib, Goretskaning o‘rniga Ispaniya bilan o‘yin oxirida yaxshi harakat qilgan o‘ng qanot himoyachisi Klostermanni tushirgani bejiz emas. Ammo endi bu qarordan naf yo‘q edi, chunki Yaponiya parallel uchrashuvda uch daqiqa ichida ikki gol urdi. Germaniya uchinchi o‘ringa tushib ketdi va endi jamoa olti gol urishi talab etilardi.

Hisob ikki o‘yinda ham 1:0 holatida nemislar g‘alabani saqlab qolib, ispanlardan umid qilishi mumkin edi. Ammo kosta-rikaliklar ham jim qarab turishmadi va Yelsin Texeda Noyyerning qo‘lidan chiqib ketgan to‘pni darvozaga joylashtirib, hisobni tenglashtirdi. Kosta-Rika yaponlar ssenariysini takrorladi va 70-daqiqaga kelib onlayn rejimda Germaniya so‘nggi o‘ringa tushib ketdi, bu vaziyatda Ispaniya ham uchinchi o‘rinda edi.

Bunday vaziyatda favoritlardan faqat biri qutulib qolishi mumkin edi — «Qizil furiya» baxtiga nemischa xarakter o‘zini ko‘rsatdi. Musialaning ikki zarbasi ustunga tegdi, keyin esa Havers ikkita, Fyullkrug bitta gol urdi. Ammo o‘yinga o‘n daqiqa qo‘shib berilishi ham nemislar uchun yetarli emasdi. Germaniya bu o‘yinda 32 ta zarba berdi, shundan 11 tasi darvoza sohasiga aniq bordi (kostarikaliklarda bu ko‘rsatkich 7-5). Ammo ularning gollari faqat ispanlarni qutqarishga yaradi, parallel uchrashuvda esa ispanlar durang ham qayd eta olishmadi yoki buni istashmadi. Endi «nemis mashina»si dolzarbligini yo‘qotdi, bu chempionat avlodlar almashinuvini boshdan kechirayotgan jamoa uchun achchiq tajriba vazifasini o‘tadi. O‘yindan keyin 2014 yilgi mundialdagi g‘alabaning asosiy ijodkorlaridan biri bo‘lgan Tomas Myuller milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. To‘rt yildan keyingi mundialda Noyyer va Gundo‘g‘an ham tarkibda bo‘lmasligi, Musiala kabi yoshlar jamoa yetakchisiga aylanishini kutish mumkin.

Yaponiya Ispaniyani ham yengdi. Bu ikki jamoa birgalikda Germaniyani qoldirib ketishdi

Abedin Taherkenareh / EPA / Scanpix / LETA

JCh-2022. Ye guruhi, 3-tur
Yaponiya — Ispaniya 2:1

Gollar: Doan (48), Tanaka (51) — Morata (11). 
Yaponiya – Gonda, Yoshida, Taniguti, Itakura, Nagatomo (Mitoma, 46), Morita, Tanaka (Endo, 87), Kamada (Tomiyasu, 69), Kubo (Doan, 46), Ito, Maeda (Asano, 62).
Ispaniya – Simon, Aspilikueta (Karvaxal, 46), Rodri, Pau Torres, Balde (Alba, 68), Buskets, Pedri, Gavi (Fati, 68), Olmo, Morata (Asensio, 57), Uilyams (Ferran Torres, 57).
Ogohlantirishlar: Itakura (39), Taniguti (44), Yoshida (45).

Enrikening rotatsiyasi

Guruhning oxirgi o‘yini oldidan Ispaniya o‘zini xavfsiz sezayotgandi. Ehtimoliy variantlardan faqat bittasi ularni qanoatlantirmasdi — Yaponiya va Kosta-Rikaning g‘alabalari. Chunki o‘yindan oldin deyarli hech kim bunday variantlarni real deb hisoblamayotgandi. Umuman olganda, kvartet yetakchisi Germaniyadan farqli o‘laroq guruhning so‘nggi o‘yiniga xotirjamlik bilan tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Ispanlar shunchalik qulay pozitsiyada ediki, agar xohlasa, chempionlik uchun asosiy raqiblardan birini (Germaniya) guruhda qoldirib ketishi va shu bilan birga pley-offda qaysi setkadan yurishni o‘zi tanlashi mumkin edi.

Enrike boshlang‘ich tarkibi bilan biroz hayron qoldirdi, ammo bu Fransiya Tunisga qarshi tashlagani kabi o‘rinbosarlar tarkibi emasdi. Katta ehtimol bilan Ispaniya Germaniyaga qarshi qiyin bahsdan keyin jamoani tetiklashtirmoqchi bo‘lgan va zaxira futbolchilariga o‘yin amaliyoti berishni maqsad qilgan. Morata, Pau Torres, Aspilikueta, Balde va Uilyams kabi futbolchilar boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘ldi.

Osiyoliklar mudofaasi

Yaponiya ham syurpriz tayyorlagandi. Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin jamoa Kosta-Rikaga yutqazgan va endi yana bir sensatsiya sodir etishi talab etilayotgandi. Buning uchun osiyoliklar jamoasi bosh murabbiyi Hadzime Moriyasu so‘nggi ikki yillikda ilk bor ikki markaziy himoyachidan iborat sxemadan voz kechdi va uch markaziy himoyachi tushirdi. Yaponlar umuman to‘pga egalik qilishga intilmadi va bunday taktika ularni 0:0 hisobi qoniqtirganida o‘zini oqlardi.

Yaponlar o‘yinni faol boshladi va ispanlarni oldinroqda kutib olishga kirishdi. Vaziyatlardan birida Osiyo vakillari Unai Simonni xato qilishga ham majbur etishdi, ammo bu bir martalik holat edi. Tanaffusgacha ispanlar to‘pga to‘liq egalik qilishdi (83 foiz), yaponlar ham kuchli pressing o‘tkazishmadi.

Shu bilan birga, Ispaniya ham katta taassurot qoldirolmadi. Ammo ularning harakatlarini tezkor gol izohlashi mumkin — 11-daqiqada Morata yaponlar mudofaasidagi barcha futbolchilardan yuqori sakradi va qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urdi. Shundan so‘ng ispanlar juda sekin o‘ynay boshladi, xuddi yaponlarning birinchi turda bo‘lgani kabi kutilmaganda o‘zgarishi bilan kechadigan fantastik ssenariydan cho‘chigandek ko‘rinishdi.

Lekin osiyoliklar ortiqcha xavf tug‘dirishmasdi. Ispaniya ikkinchi bo‘limda ham to‘pga egalik qilishda davom etib, yana bir-ikki gol urishini kutish mumkin e di. Ammo Germaniya ham birinchi tur tanaffusida shunday o‘ylagani aniq.

Yaponiya chindan ham butunlay o‘zgardi. Hatto bundan ko‘proq — barcha oyoqqa turdi. Osiyoliklar ikkinchi bo‘lim boshidan grand raqibning ko‘zini ochirmay kuchli pressing uyushtirdi va Ispaniya bunga tayyor emasdi. Natijada himoyachilar o‘z jarima maydoni atrofidagi futbolchilarni qo‘riqlashmadi va Doan hisobni tenglashtirdi. Dejavyu: aynan shu forvard Germaniya darvozasiga birinchi golni urgandi.

O‘shanda Yaponiya tezda ikkinchi golni ham urib olgandi. Bu o‘yinda ham shunday holat takrorlandi, faqat bu yanada dramatik tarzda ro‘y berdi: Tanaka sensatsion golni nishonlay boshlaganida hakam vaziyatni ko‘rib chiqish uchun monitorga yugurdi — hujum vaqtida to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketgani ehtimoli tekshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, to‘p chiziqni taxminan 95 foizga kesib o‘tgan. Gol bekor qilinishi uchun esa 100 foiz bo‘lishi kerak edi. Barcha shokka tushdi — 2:1.

«To‘p o‘yinda» – Yaponiyaga sensatsion g‘alaba keltirgan 2-goldagi vaziyat haqida

Kuchli raqibdan asrovchi mag‘lubiyat

Albatta, Yaponiya ayniqsa Kosta-Rikaga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin top-jamoalarni ortda qoldirib, qatorasiga ikkinchi bor pley-offga chiqishini hech kim kutmagandi. Ko‘pchilik yaponlarning Germaniyaga qarshi o‘yindagi muvaffaqiyatiga Saudiya Arabistonining Argentina bilan o‘yinidagi kabi startdagi bir martalik chaqnash sifatida qaragandi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi — Yaponiya ikkinchi bor shu ishni qildi.

Ammo Ispaniya uchun mag‘lubiyat fojia emasdi. Jamoa faqat aql bovar qilmas ssenariy ro‘y bergandagina turnirni tark etishi mumkin edi — Yaponiya va Kosta-Rika g‘alaba qozonganida. Parallel kechayotgan ikkinchi uchrashuvda aql bovar qilmas voqea ro‘y berganida — Germaniya KONKAKAF vakillaridan ikki to‘p o‘tkazib yuborganida, onlayn turnir jadvalida ispanlar uchinchi, nemislar to‘rtinchi o‘ringa tushib qolishdi.

Enrike esa bunga reaksiya qildi va hisob o‘zgarishi bilan o‘zgartirishlar qilishga kirishdi — asosiy tarkib futbolchilari jangga tashlandi, 68-daqiqada esa u barcha futbolchi almashtirish imkoniyatlaridan foydalanib bo‘ldi. Va Ispaniya o‘yinni kuchaytirdi... Ammo hisobni tenglashtirish darajasida emas. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirganlar parallel uchrashuvni kuzatib borayotgan va bilib turishardi: Germaniya baribir g‘alaba qozonadi, bu esa Ispaniya ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqishini ta’minlaydi. Ispanlar uchun birinchidan ko‘ra ikkinchi o‘rin bilan chiqish qulayroq edi, shunda nimchorak finalda jamoani Yevropa chempionatida 120 daqiqa davomida qiynagan Xorvatiya emas, u qadar tajribali bo‘lmagan Marokash kutardi. Qolaversa, guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoaning pley-offdagi yo‘li nisbatan osonroq edi - finalgacha turnirning asosiy favoriti Braziliya bilan yo‘llar kesishmaydi.

Taxminan 80-daqiqalardan boshlab Ispaniya mag‘lubiyatli hisob saqlanib qolishi uchun o‘ynagandek ko‘rindi. Qog‘ozda sharmandali ko‘rinadi, ammo baribir 1/8 finalga chiqiladi, shu bilan birga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblardan biri Germaniya guruhda qoldirib ketiladi.

Yaponiya sensatsion ravishda birinchi o‘rinni egalladi va pley-offda Xorvatiyaga raqib bo‘ladi, Ispaniyaga Marokash tushadi. Germaniya — yana mundialdagi ishtirokini guruhdayoq yakunladi.

Belgiyaning davri o‘tdi. Xorvatiya oltin avlodni hech narsasiz qoldirdi

JCh-2022. F guruhi. 3-tur
Xorvatiya – Belgiya 0:0

Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa, Modrich, Kovachich, Brozovich, Perishich, Kramarich (Pashalich, 64), Livaya (Petkovich, 64).
Belgiya – Kurtua, Mene (Azar, 87), Vertongen, Alderveyreld, Kastan, Dendonker (Tilemans, 72), Vitsel, de Bryuyne, Karrasko (Doku, 72), Mertens (Lukaku, 46), Trossar (Azar, 59).
Ogohlantirishlar: Dendonker (66).

JCh-2022 boshlanishi arafasida top-jamoalardan qaysilari guruh bosqichida qiynalishi so‘ralganida, ko‘pchilik Portugaliya yoki Fransiyani aytardi. Birinchisini — Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq so‘nggi mojarolar tufayli, ikkinchisini — amaldagi jahon chempionlarining tavqi la’nati hamda tarkibdagi yetakchi futbolchilar jarohat olgani tufayli.

Belgiyadan bunday muvaffaqiyatsiz ishtirokni hech kim kutmagandi. Ha, oltin avlod vakillari keksayishdi va asta-sekin sahnani tark etmoqda va bu safar hamma ham «Qizil iblislar»ni turnirning asosiy favoritlari qatorida sanamayotgandi, ammo tajriba va saviya evaziga ular pley-offga chiqishda qiynalmasligi taxmin qilingandi. Ammo FIFA reytingida 2-o‘rinda turgan va qur’ada saralangan jamoalar qatorida bo‘lgan Belgiya yakuniy tur arafasida guruhni tark etish uchun asosiy da’vogar bo‘lib qoldi.

Jamoa dastlabki ikki turda ochiqchasiga juda bo‘sh o‘ynadi, keyin esa jamoada ichki muhit buzilgani va parchalanish ro‘y bergani haqida xabarlar chiqdi. L'Equipe nashri Marokashga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin (0:2), Kevin de Bryuyne Tibo Kurtua bilan, Eden Azar — Leandro Trossar bilan, Romelu Lukaku esa Mishi Batshuayi bilan gaplashmasligi haqida yozdi. Bundan tashqari, Lukaku kiyim almashtirish xonasida janjallashib ketgan de Bryuyne va Yan Vertongenni ajratishiga to‘g‘ri kelgani aytildi. Marokashga qarshi o‘yindan keyin himoyachi mag‘lubiyatni shunday izohlagandi: «Belgiya yomon hujum qilmoqda, chunki hujum chizig‘i vakillari juda qarib qolgan».

Keyin, albatta, raddiyalar paydo bo‘ldi. «Hozir hech kim xursand emas, ammo biz payshanba kuni g‘alaba qilamiz va davom etamiz deb o‘ylayman. Bu futbol, barchasi ro‘y berishi mumkin, ammo biz borimizni beramiz. Marokash bilan o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida mag‘lubiyatdan alamzada bo‘ldik, natijadan juda ranjigandik. Lekin Belgiya milliy jamoasidagi janjallar haqidagi xabarlar — yolg‘on. Muammo shundaki, odamlar hamisha bunday xabarlarni rost deb qabul qiladi. Buni kim aytganini qidirishimiz shart emas. Agar «kalamush»ni bilib qolsak, kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu uning biz bilan oxirgi kuni bo‘ladi. Bir jamoamiz, oilamiz. Hamma narsa jamoa ichida qolishi kerak», — dedi Kurtua.

Shu bilan birga, bunday muammolarga qaramay Belgiyaning Xorvatiya bilan o‘yindagi imkoniyatlari nolga teng teyish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Nima bo‘lganda ham, tarkibda istalgan raqibga qarshi  istalgan o‘yinda qutqarishi mumkin bo‘lgan Kurtua, vaziyatlarni hal qilishga qodir bo‘lgan de Bryuyne bor edi. Umuman, gap faqat bir o‘yin haqida ketayotganda unda har qanday natija bo‘lishi — vaziyatni raqibning birgina xatosi, rikoshet yoki boshqa epizod hal qilib qo‘yishi mumkin.

Belgiyaliklar bosh murabbiyi Roberto Martines eski uslub ish bermayotganini tushungan holda sxemani o‘zgartirdi — 3-4-3 sxemasidan (Belgiya bu sxemada uning boshqaruvidagi olti yil mobaynida o‘ynab kelgandi) 4-2-3-1 sxemasiga o‘tildi, bunda Timoti Kastan va Toma Mene himoya qanotlarida, Aksel Vitsel va Leander Dendonker — yarimhimoya markazida joylashishdi. «Real»da ishlari yurishmagan va futbolchilik faoliyatini yakunlashi mumkindek ko‘rinayotgan, lekin terma jamoaga chaqiruv olib, Martines tanqidlarga uchrashiga sabab bo‘lgan Eden Azar bu safar zaxirada qoldirildi.

Ammo o‘yindagi ilk xavfli vaziyat Xorvatiyada bo‘ldi — Ivan Perishich 10-soniyadayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning olis burchak tomon yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Belgiyaning yana omadi keldi, bosh hakam darvozaga penalti qo‘yganida videoassistentlar ofsaydni qayd etishning yarimavtomatik tizimi orqali Yannik Karrasko Andrey Kramarichga fol ishlatishidan oldin Deyan Lovren ofsaydda qolganini aniqlashdi. Umuman olganda, xorvatlar ilk daqiqalardanoq o‘zini qoniqtiradigan durang hisob uchun o‘ynamasligini namoyish etishdi va Ekvador hamda Eronning xatosini takrorlamadi.

Ammo birinchi bo‘limdagi eng xavfli hujumni aynan Belgiya tashkillashtirdi, hujum chizig‘i vakillari eng yaxshi yillaridagi kabi harakatlanishdi, ammo Dris Mertens de Bryuynening pasidan keyin qulay vaziyatda turib to‘pni yuqoriga tepdi. «Qizil iblislar» qanchalik sifatli o‘yin ko‘rsatganini xG bo‘yicha ustunlik ham ko‘rsatadi — 0,98 ga qarshi Xorvatiyada 0,36. Belgiyaliklar darvoza sari birorta aniq zarba bermagan bo‘lsa-da, o‘yin dinamikasi va kayfiyat Kanada va Marokashga qarshi o‘yinlardagidan ancha yuqori edi.

Tanaffusdan keyin esa darvoza sohasi tomon aniq zarbalar ham bo‘la boshladi, ikkinchi bo‘limning dastlabki 10 daqiqasida Xorvatiyaning o‘zida uchta shunday vaziyat bo‘ldi. Ammo Kurtua marokashliklarga qarshi o‘yindagi xatolarini yuvdi va formasi joyida ekanini ko‘rsatdi. Belgiyada esa Lukaku maydonga tushgach, 4-2-3-1 sxemasi chinakamiga ish bera boshladi, jamoa hujum qilishi osonlashdi.

Ikkinchi bo‘limda Belgiya turnirdagi eng yaxshi o‘yinini namoyish etdi va o‘z navbatida Xorvatiya ham munosib harakat qildi. Bu esa o‘yin sifati va tomoshabopligini ta’minladi. 20 yoshli Jyeremi Doku maydonga tushgach, belgiyaliklar o‘yini yanada kuchaydi, holbuki Martines Yevropa chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatgan ushbu vingerga bir yarim yildan buyon deyarli imkon bermayotgandi, kechaning eng omadsiz insoni esa — bu mavsumda deyarli o‘ynamagan Lukaku bo‘ldi, u gol urmaslik qiyin bo‘lgan uchta qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi.

Endi futbol ahli Belgiyaning oltin avlodi bilan xayrlashdi. So‘nggi bir yarim yillikda faxriylarni saqlab qolish bilan birga tarkibni yoshartirish ishlarini olib borgan Xorvatiya esa ishtirokini davom ettiradi.

Marokash Belgiya va Xorvatiyani ortda qoldirib, 36 yil ichida ilk bor pley-offga chiqdi

Foto: MATTHIAS HANGST/GETTY IMAGES

JCh-2022. F guruhi. 3-tur
Kanada – Marokash 1:2
Gollar:
0:1 – 4 Ziyosh, 0:2 – 23 An-Nosiri, 1:2 – 40, avtogol Agerd.
Kanada – Boryan, Jonston, Vitoriya, Miller, Adekugbe (Kone, 61), Osorio (Lareyya, 66), Key (Hatchinson, 60), Devis, Hoylett (Uozerspun, 76), Larin (Devid, 60), Byukenen.
Marokko – Bunu, Hakimi (Jabran, 85), Saiss, Agerd, Mazraui, Amrabat, Sobiri (Amalla, 65), Unai (El-Yamik, 77), Ziyosh (Amdalla, 76), Bufal (Abuxlol, 65), An-Nosiri.
Ogohlantirishlar: Hoylett (7), Osorio (27), Adekugbe (45), Vitoriya (84).

Afrikada barchasi kutilmaganda juda tez o‘zgarishi mumkin. Marokashliklar tarixi esa bu tezisni tasdiqlaydi. Yil boshida Afrika Kubogi arafasida bosh murabbiy Vahid Xalixojich jamoa yetakchilari Ziyosh va Mazraviyni o‘zaro ziddiyat tufayli tarkibga chaqirmagan, natijada «Chelsi» yarimhimoyachisi terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani haqida e’lon qilgandi.

Bunday ijrochilardan voz kechish — futboldagi jinoyat edi, lekin «Atlas sherlari» turnirni yaxshi o‘tkazishdi. Guruh bosqichidan ishonch bilan chiqishdi va pley-offning birinchi raundidan ham o‘tishdi, keyin esa dramatik kechgan chorakfinal o‘yinida qo‘shimcha daqiqalarda Misrga mag‘lub bo‘lishdi. O‘sha turnirda Hakimi jamoaning yangi yetakchisiga aylangandi. Jamoada Ziyosh borligida («PSJ»da Messi va Neymar borligida bo‘lgani kabi) u jarima zarbalarini ijro etishni xayoliga ham keltirolmasdi, qit’a birinchiligida esa standartdan ikkita ajoyib gol urdi.

Ammo Xalihojich o‘z taqdiridan qochib qutula olmadi. U to‘rtta turli jamoalarni jahon chempionatlariga olib chiqqan va faqat bir marta, 2014 yilgi turnirga Jazoir bilan kelgan. Marokashliklar ham turnir qolganiga bir necha oy qolganida bosniyalik mutaxassis bilan shartnomani bekor qilishdi, avvalroq bu ish u Kot-d'Ivuar va Yaponiya bilan ishlaganida ham sodir bo‘lgandi. Federatsiyadagilar uning o‘rniga mahalliy mutaxassisni — milliy jamoaning sobiq futbolchisi Valid Regragini qo‘yishdi, u klublar darajasida Qatar va Marokash chempionatlarida g‘olib chiqqan, may oyida «Vidad» klubini Afrika Chempionlar ligasida chempionlikka olib kelgandi.

Natija esa — so‘nggi tur arafasida 1986 yildan buyon ilk bor mundial pley-off bosqichiga chiqish imkoni saqlab qolindi. Bu o‘yinga barcha tayyor holatda edi, jumladan Monrealda tug‘ilgan, o‘tgan turda Belgiyaga qarshi o‘yin arafasida madhiyani ijro etish chog‘ida o‘zini yomon his qilgan darvozabon Bunu ham. Ammo bu safar darvozabon bo‘yicha muammo shimoliy amerikaliklarda yuzaga keldi — Boryan o‘yin boshidayoq Marokashga gol sovg‘a qildi. U to‘pni shunchaki uzoqlashtirib yuborishi mumkin bo‘lgan holatda Ziyoshning oyog‘iga tashlab berdi va yarimhimoyachi bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

Tezkor goldan keyin kanadaliklar so‘nggi turda uch ochko olib, belgiyaliklarga yordam berib yuborishi mumkinligi haqidagi farazlar yo‘qqa chiqa boshladi. Holbuki Jon Herdman nafaqat tarkibni yangilagan, balki Xorvatiya bilan o‘yinda mudofaa chizig‘i muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin uch markaziy himoyachidan iborat jamoaning odatiy sxemasiga qaytilgandi. Faqat «Atlas sherlari» tarkibidagi futbolchilar ishtiyoqi va mahorati barchasini hal qildi.

«Sevilya»da har safar turlicha mavsum o‘tkazadigan An-Nosiriy — darajadagi farqni ko‘rsatib berdi, u ikki jahon chempionatida gol urgan ilk marokashlik futbolchiga aylandi. Birinchi bo‘lim oxirida esa afrikaliklar himoyachisi o‘yinga intriga qaytardi. Avvaliga «Vest Hem» futbolchisi to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi va bu bilan Qatardagi ilk avtogol muallifi hamda yuzinchi gol muallifiga aylandi. Keyin esa u An-Nosiri gol urgan vaziyatda ofsaydda qolib ketgani uchun gol bekor qilindi.

Shu voqealar tufayli o‘yin oxiriga qadar keskinlik o‘sib bordi. Raqib safida Deyvis va Hatchinson kabi futbolchilar borligida bu tabiiy edi. 39 yoshli sardor bu o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlagan va ikkinchi bo‘limda tetik holda maydonga tushib, darvozani ishg‘ol qilishiga bir baxya qoldi. Marokashliklarni to‘p to‘sindan darvoza chizig‘i ustiga tushishi qutqarib qoldi. So‘nggi daqiqalarda esa Bunu asabiylashishiga to‘g‘ri keldi.

Marokashliklar pley-offga shunchaki yo‘l olishmadi — ular Belgiya va Xorvatiya bilan bir guruhda birinchi o‘rinni egallashdi, mundial startida buni hech kim xayoliga keltira olmasdi. Ammo Afrika bu turnirda yaxshi ishtirok etmoqda va «Atlas sherlari» Senegaldan qolishishni istamadi. Qora qit’aning ikki vakili kurashda qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: