Bolqoncha telbalik va nemis mashinasi yurishi. Yevroning oltinchi kuni qanday o‘tdi?

Sport 08:37 / 20.06.2024 13758

Xorvatiya — Albaniya: «shashkachilar»ning yulduzli avlodi so‘nmoqda

Xorvatiya – Albaniya 2:2
Gollar:
0:1 – 11 Lyachi, 1:1 – 74 Kramarich, 2:1 – 76, avtogol Klaus Gyasula, 2:2 – Klaus Gyasula 90+4.
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Shutalo, Gvardiol, Perishich (Sosa, 84), Modrich, Kovachich, Brozovich (Pashalich, 46), Mayyer (Suchich, 46), Kramarich (Baturina, 85), Petkovich (Budimir, 69).
Albaniya – Strakosha, Hyusay, Jimshiti, Ayyeti, Mitay, Lyachi (Gyasula, 72), Bayrami, Ramadani (Xoja, 85), Aslani, Asani (Seferi, 64), Manay (Daku, 85).
Ogohlantirishlar: Hyusay (76), Ivushich (87).

Xorvatiya dastlabki turda Ispaniyaga yirik hisobda (0:3) mag‘lub bo‘lgach, muxlislar oldida o‘zini oqlashi talab etilayotgandi. Buning uchun raqib mos edi — B guruhi autsayderi Albaniya. «Shashkachilar» so‘nggi ikkita jahon chempionatida top-3 dan joy olishgandi, ammo ishonchli g‘alaba va pley-off uchun kurashga qaytish o‘rniga yana bir bor ochko yo‘qotdi.

Albanlar Italiyaga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi (1:2) tezda hisobni ochishdi — Kazim Lyachi 11-daqiqadayoq darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. «Burgutlar» bu safar hisobdagi ustunligini uzoq vaqt saqlab turishdi: qaysidir pallada ular o‘yinni g‘alabagacha olib borishiga shubha yo‘q edi — ularning darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar yuzaga keltirilmadi, Dominik Livakovich esa bir necha bor xorvatlarni ikkinchi goldan qutqarib qoldi. Dalich jamoasi jiddiy hududiy ustunlikka erishdi (o‘yinning 61 foiz qismida to‘pga egalik qilindi), ammo bundan foyda chiqara olmadi. Luka Modrich xatolar qilmoqda, Yoshko Gvardiol o‘ziga biriktirilgan raqiblarni bo‘sh qoldirmoqda, Ivan Perishich esa qanot bo‘ylab oldinga tashlanmayapti.

Faqat o‘yin oxirlariga borib Xorvatiya nihoyat turnirdagi birinchi golini urdi — Andrey Kramarich jarima maydoni atrofida boshlangan kombinatsiyani aniq zarba bilan yakunladi. Bu 90 daqiqa davomida Albaniya himoyasida bo‘shliq paydo bo‘lgan kam sonli epizodlardan biri edi. Ikki daqiqa o‘tmasdan Klaus Gyasulaning avtogoli Zlatko Dalich shogirdlarini hisobda oldinga olib chiqdi. Endi bu o‘yinda «shashkachilar»ning qiyin g‘alabasi qayd etilishi muqarrardek edi. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda Gyasula aybini yuvib, o‘yin davomidagi ikkinchi kambekni amalga oshirdi. U Yevro tarixiga zaxiradan maydonga tushgan holda ikki tomondagi darvozaga ham gol urgan birinchi futbolchi sifatida kirdi.

Ikki jamoa ham navbatdagi bor ochko yo‘qotib, pley-off uchun imkoniyatini yanada kamaytirdi, ammo butunlay yo‘qotgani yo‘q. Buning uchun so‘nggi turda xorvatlar Italiyani, albanlar ispanlarni mag‘lub etish kerak bo‘ladi. Durang bo‘lsa ham uyga qaytadi, ikki ochko bilan guruhdan chiqib bo‘lmaydi. 

Shu bilan birga, ikkinchi tur doirasida Ispaniya va Italiyaning o‘zaro o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa pley-off masalasi hal qilinganidan keyin 3-turga ikkinchi tarkibni tushirishi ham mumkin va bu raqibga qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi.

V guruhida 2- va 3-tur uchrashuvlari:

Ispaniya — Italiya, 20 iyun, 00:00;
Xorvatiya — Italiya, 24 iyun, 00:00;
Albaniya — Ispaniya, 24 iyun, 00:00.

Germaniya — Vengriya: nemis mashinasi yo‘lida uchragan raqibni bosib o‘tmoqda

Germaniya – Vengriya 2:0
Gollar:
1:0 – 22 Musiala, 2:0 – 67 Gundo‘g‘an.
Germaniya – Noyyer, Ryudiger, Ta, Mittelshtedt, Kroos, Gundo‘g‘an (Undav, 84), Andrih (Jan, 72), Virts (Sane, 58), Kimmih, Haverts (Fyullkrug, 58), Musiala (Fyurix, 72).
Vengriya – Gulachi, Bolla (Adam, 75), Fiola, Orban, Dardai, Kerkez (Nad, 75), Gazdag, Shallai (Chobot, 87), Nad (Klyaynhaysler, 64), Soboslai, Shafer, Varga.
Ogohlantirishlar: Varga (23), Ryudiger (27).

Nemislar birinchi turda Shotlandiya bilan o‘yindagi karnaval (5:1) — tasodif bo‘lmaganni isbotlashdi. Vengriya britanlarga qaraganda faolroq qarshilik ko‘rsatishdi, ammo baribir Yevropa chempionati mezbonlaridan ikkita javobsiz gol qabul qilib olishdi. Asosiy qahramon esa jamoa sardori Ilkay Gundo‘g‘an bo‘ldi — u birinchi bo‘limda Jamal Musialaga assistentlik qildi, tanaffusdan keyin esa o‘zi ham gol urdi va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olindi. Musiala esa Yevropa chempionatlaridagi dastlabki ikki o‘yinida gol urgan eng yosh ikkinchi futbolchiga aylandi.

Majoristonliklar o‘yinning ayrim pallalarida yaxshiroq ko‘rindi, zarbalardan biri ustunga tegdi, bir gol ofsayd tufayli hisobga olinmadi, Kimmih to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi, ammo o‘yin teng kechdi deyish qiyin.

Startdagi ikki g‘alabadan keyin Germaniya pley-off masalasini hal qildi — Yulian Nagelsmann shogirdlari endi hech qanaqasiga ikkinchi o‘rindan pastga tushib ketmaydi. Vengrlarning imkoniyati esa keskin pasaydi: ikki turdan keyin birorta ochko olmagan jamoa so‘nggi turda shotlandlarni mag‘lub etishi kerak. G‘alaba ham jamoani guruhda maksimum uchinchi o‘ringa olib chiqadi va qolgani boshqa guruhlardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi. 

Shotlandiya — Shveytsariya: Shakirida unikal natija

Shotlandiya — Shveytsariya 1:1
Gollar:
Maktominey (13) — Shakiri (26).
Shotlandiya – Gann, Ralston, Henli, Tirni (Makkenna, 61), Hendri, Roberson, Makgregor, Maktominey, Gilmor (Maklin, 79), Makginn (Kristi, 90), Adams (Shenklend, 90).
Shveytsariya – Zommer, Vidmer (Stergiu, 86), Rodriges, Sher, Akanji, Ebisher, Shakiri (Embolo, 60), Jaka, Froyler (Siyerro, 75), Vargas (Rider, 75), Ndoyye (Amduni, 86).
Ogohlantirishlar: Rodriges (31), Maktominey (51), Makkenna (68), Makginn (71), Siyerro (86).

Shotlandlar birinchi turdan keyin Yevroga tasodifan kelib qolgan jamoadek ko‘rinayotgandi — Germaniya ularning darvozasini besh bor o‘qqa tutdi, yagona javob goli esa nemislar himoyachisi Antonio Ryudiger nomiga yozildi. Shveytsariya milliy jamoasiga qarshi o‘yinda britaniyaliklar nisbatan yaxshiroq ko‘rindi: 13-daqiqadayoq ko‘p o‘yinlarda jamoa joniga ora kiradigan to‘purar tayanch yarimhimoyachisi Skott Maktominay hisobni ochdi. Bu safar ham to‘p raqib futbolchisi orqali darvoza to‘riga borib tushdi, ammo gol zarba bergan «Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi nomiga yozildi. Shunday qilib, Shotlandiyaning bu turnirdagi barcha gollari raqib yordamida urilmoqda, chunki shveysariyaliklar boshqa gol o‘tkazishmadi.

Ko‘p o‘tmay Murat Yaqin shogirdlari javob qaytarishdi — Jyerdan Shakiri raqib maydonning o‘z tomonidagi qismida to‘p yo‘qotishidan foydalanib, jarima maydoni tashqarisida to‘pga bir teginishda darvoza to‘qqizligini ishg‘ol etdi. 

Endi Shakiri elitaga xos rekordga ega – u Shveytsariya milliy jamoasining qatorasiga uchta Yevropa chempionatlarida gol urgan birinchi futbolchisi. Shuningdek, ushbu 32 yoshli yarimhimoyachi oxirgi oltita yirik turnirda gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi (uchta Yevro va uchta JCh), bu uning yirik turnirlardagi 10-goli bo‘ldi. Ushbu havbek bunday turnirlarda Roberto Badjo (9), Robin van Persi (9), Fernando Torres (9), Karim Benzema (7), Zlatan Ibrahimovich (6) va Raul (6) kabi yulduzlardan ko‘p gol urgan. 

«Qizil xochlar»ning yana bir goli ofsayd tufayli bekor qilindi — ikkinchi bo‘limda Bril Embolo yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgandi.

Lekin baribir shotlandlar g‘alabaga yaqinroq edi. Ikkinchi bo‘lim to‘lig‘icha ularning ustunligi ostida o‘tdi, ammo xavfli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Maktominay dublni rasmiylashtirishi ham mumkin edi. O‘yin yakunida u havodagi to‘pni to‘xtatmasdan zarba yo‘lladi, zarba yo‘liga himoyachi Rikardo Rodriges to‘g‘anoq bo‘ldi. 1:1 hisobida natija saqlanib qoldi va shveysarlar amalda to‘rt ochko bilan 1/8 final masalasini hal qildi. Shotlandiya va Vengriyaga esa so‘nggi turdagi o‘zaro o‘yinda faqat g‘alaba yordam berishi mumkin, shunda ham imkon qadar yirikroq hisobda g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi, hozirda ikki jamoada ham to‘plar nisbati «-4». Boshqa guruhlardagi uchinchi o‘rin vakillarida esa bu ko‘rsatkich ancha yaxshiroq bo‘lishi mumkin.

A guruhida 3-tur o‘yinlari:

Shveytsariya — Germaniya, 22 iyun, 00:00;
Shotlandiya — Vengriya, 22 iyun, 00:00.

Ko‘proq yangiliklar: