«Tanam boshimdan yuragim qadar darz ketdi». Noyyerning xayrlashuv maktubi

Sport 17:10 / 26.08.2024 5182

«Aziz Germaniya, aslida, bunday ishlardan yiroq, o‘ta sirli odamman. Ammo milliy jamoadan ketar ekanman, shunchaki «instagram» post bilan cheklanishni istamadim. Sizlarga Germaniya men uchun nimani anglatishi, futbol hayotimda nechog‘liq o‘ringa ega ekanligini tushuntirmoqchiman. Boisi, bu qaror, haqiqatan ham, juda qiyin bo‘ldi. Tanam boshimdan yuragim qadar darz ketdi. Yuragim: «Sen bularni sog‘inasan: o‘z Vataning sharafini himoya qilish g‘ururini va jamoadoshlaring bilan yelkadosh bo‘lishni». Ammo oilam bilan maslahatlashgach, bu ketish uchun eng maqbul palla ekanligini anglab yetdim.

Men Yevropa chempioni sifatida xayrlashishni maqsad qilgandim. Ammo turnirda bo‘lishning o‘zi va xalqimizning yangi avlod jamoasiga tirgak bo‘lib turganini ko‘rish ajoyib bo‘ldi. Chunki qanday holatdan milliy jamoaga yetib kelganimni unutmasligingiz kerak.

18 oy oldin «o‘zi endi futbol o‘ynay olamanmi?» deya o‘zimga savol berardim. Oyog‘imni sindirib olgan dastlabki lahzalarda xotirjam edim. Vertolyot keladi, meni shifoxonaga olib boradi va doktorlar yordamida tezda oyoqqa turib, maydonga qaytaman, deb o‘ylayotgandim. Ammo ma’lum bo‘ldiki, bu oddiy oyoq sinishi emasdi va futbolchilik faoliyatim jiddiy xavf ostida edi. Eng qiyini — xavotir ichida yashash edi. Biroz avval chang‘ida uchayotgan eding, endi esa kasalxona devorlariga qarab, hayoting mazmuniga aylangan mashg‘ulotni sendan tortib olishlari mumkinligini o‘ylab qiynalasan.

Men juda qo‘rqqandim. Menimcha, hammada shunday bo‘lardi. Bir hafta shifoxonada yotdim. Keyin esa terapist va doktor har kuni uyimizga kela boshladi. Ular barchasi o‘z holiga qaytishi mumkinligini aytganlarida qanday yengillik his qilganimni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. O‘sha yilgi yangi yil bayramiga doktor va uning oilasini biznikida qahva ichishga taklif qilgandik. Muolajalar o‘z yakuniga yetgach ham oilaviy kechki ovqat uchun bizning uyimizda jam bo‘ldik. «Bavariya» tibbiy bo‘limi vakillarining ham bu boradagi yordami katta bo‘ldi.

Bir necha oylardan so‘ng men bosqichma-bosqich oyoqqa tura boshladim: yana qadam tashlay boshladim, yana yugurdim, yana mashg‘ulotlarga kirishdim, yana maydonga tushdim… O‘zim sog‘ingan hamma narsani qaytarib oldim.

Meni eng ko‘p faxrlantiradigani — taslim bo‘lmaganim. Oilam, do‘stlarim va yaqinlarim yordami bilan Yevroga 7 oy qolganda maydonga qaytdim. Turnir uchun qaydnomada ismimni eshitgach, cheksiz g‘urur hisini tuydim. Kichik mo‘jiza sodir bo‘lgandi.

Albatta, ko‘pchilik mening yana birinchi raqamli darvozabon bo‘la olishimga shubha bilan qarashdi. 38 yoshda edim va 1 yilcha maydonda bo‘lmadim. Biroq murabbiylar shtabi menga asosiy o‘rin uchun kurashishim kerakligini aytishdi va mavsumning qolgan qismida yomon harakat qilmagandim. O‘zimga o‘zim «balki yoshim 35dadir, jarohatlar o‘g‘irlagan vaqtimni ayirib tashlasak, 35 yosh bo‘laman», deb aytardim. Birinchi o‘yinimiz boshlanishi bilan katta musobaqada kurashish quvonchini his qildim. Hamma narsani unutdim. Men Yer yuzida o‘zimga manzur bo‘lgan eng baxtli nuqtada edim… Ustunlar orasida, davlatim sharafini himoya qilayotgandim.

Va men yana muxlislarda jamoani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ishtiyoqni ko‘rdim. Buni qaytarish uchun jamoadoshlarim bilan qanchalik ko‘p harakat qilganimizni bilsangiz edi. Milliy jamoa va muxlislar orasidagi rishtalar, biz bir mamlakat sifatida maydonga chiqayotganimizni his qilishni juda sog‘ingandik va buni Yevro-2024da yana his qildik. Barchasini turniroldi mashg‘ulot yig‘iniga jam bo‘lganimizdayoq sezib turardik. Jamoadagi har bir futbolchi nima uchun kurashayotganini yaxshi anglardi. Hatto eng muvaffaqiyatsiz davrlarimizda ham jamoamizdagi atmosfera ajoyib darajada edi. Bolalik paytimizda maktabni tugatsak, oldimizda o‘rtoqlarimiz bilan o‘ynash uchun butun boshli yoz turganini o‘ylab qanday quvongan bo‘lsak, yig‘indagi xush kayfiyat ham xuddi shu darajada edi. Turli o‘yinlar o‘ynardik: qarta, dars, bochcha, stol tennisi… Men «Cornhole»da (amerikacha o‘yin) hammani yutardim. Muammo shunda ediki, men hamma o‘yinlarda raqobat qilishni yaxshi ko‘raman. Hatto o‘yinlar avvalidagi tanga tashlashda ham doim yutishga harakat qilaman. Mag‘lubiyatga nisbatan betoqatman va jamoamizda xuddi shunday harakterli yana bir yigit bor edi: Tomas Myuller. U men bilan «cornhole» o‘ynamasdi. Chunki yutkazishini bilardi va hatto meni g‘irromlik qilyapti, deb hisoblardi. «Sen uloqtirishda juda kuchlisan», derdi. Bu — Tomas, nimayam qila olardingiz?!

Albatta, chorakfinalda yutkazish alamli bo‘ldi. Ammo ushbu yozda biz yangi bir narsaga erishdik. Endi bizning yosh jamoamiz bor va uni butun Germaniya bor vujudi bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Biz yana bir jamoaga aylandik va bir muncha vaqt buni uddalay olmagandik. O‘ylashimcha, nemis futboli tarixida yangi sahifani boshlab berdik.

Ta’tilga chiqar ekanman, menda pozitiv ruh hukmron edi. Hamma mening o‘yinimdan xursand edi va hissiyotlarim meni milliy jamoadagi faoliyatimni davom ettirishga undayotgandi. Menga bu jamoa bilan o‘ynashda davom etish juda xush yoqqan bo‘lardi, chunki ularga ishonaman va ular bilan ko‘p vaqt birga bo‘lganman. Lekin davom etadigan bo‘lsam, Jahon chempionati tayyorgarligiga qo‘shilib ketaman. 2026 yilda esa 40 yoshda bo‘laman. Hozirda tanam «barchasi joyida» demoqda, ammo kelajakni oldindan bilib bo‘lmaydi.

Besh oy avval, Yevro oldidan men birinchi bor ota bo‘ldim. Do‘stlarim va oilam bilan maslahatlashgach, barchasi aniq bo‘ldi: mana shu — eng to‘g‘ri vaqt. Agar yaxshi xotiralar ko‘p bo‘lsa, xayrlashuvlar ham osonroq bo‘lar ekan.

Yaqinda 2014 yildagi Jahon chempionatining 10 yillik yubileyi o‘tdi. Bu — o‘sha tarkibdagi sobiq jamoadoshlarim bilan suhbatlashganda eng ko‘p eslaydigan mavzularimizdan biri. Lekin bilasizmi, ushbu chempionat ham biz uchun biroz noxush boshlangandi. Birinchi turda Portugaliyani mag‘lub etgandik, ammo Pepe qizil kartochka olgan va bizning o‘yinimiz u qadar yaxshi chiqmagandi. Bayyadagi mashg‘ulot bazamiz ham g‘alati bo‘lgandi. Men o‘z xonamda yotganimda shiftdan chakki o‘tayotganini ko‘rardim. Uxlayotganimda derazam oldida har xil yovvoyi hayvonlarning irillashi, qichqirig‘i eshitilardi. O‘zimni yovvoyi tabiat haqidagi hujjatli filmga tushib qolgandek his qilganman. Hatto qushlar ham meni tinch qo‘yishmasdi. Ganaga qarshi ikkinchi bellashuvda durang qayd etganimizdan so‘ng bir do‘stimga xat jo‘natgandim. Yozganlarimni telefon orqali jo‘natib yuborsam ham bo‘lardi, lekin xat yozishning o‘ziga yarasha gashti bor. Xatjild ustida dengiz va sohil surati bor edi. Ichiga taxminan quyidagi so‘zlarni yozgandim: «Menimcha, turnirni juda erta tark etamiz. Hozirgi hislarimni to‘laqonli ijobiy deb bo‘lmaydi. Lekin qattiq ishlayapmiz…».

Hozir bu so‘zlarni o‘qish g‘alati tuyulishi mumkin, lekin rostdan ham o‘shanda menda shunday hislar hukmron edi. Futbol — mana shunday ajoyib sport turi. Keyin biz bir necha xunuk g‘alabalar bilan guruhdan chiqdik va tez orada yarimfinalda Braziliyaga to‘qnash keldik. Ular Neymarni yo‘qotishgandi, ammo biz ham yaxshigina bosim ostida edik. 7:1 o‘zimiz uchun ham syurpriz bo‘lgandi. Uchrashuvdan so‘ng braziliyalik futbolchilarni bag‘rimizga bosdik, chunki ular nimani his qilayotganini Yevropadagi o‘yinlarimiz orqali yaxshi his qilardik va bu vaziyat haqiqatan ham juda og‘ir edi. Mezbonlarga qarshi bunday tarzdagi g‘alabamizga qaramay, final bahsi uchun braziliyalik ko‘plab muxlislar qo‘lloviga erishdik. Ularning bizga nisbatan qanday munosabatda bo‘lgani — turnir haqidagi eng ajoyib xotiralarimdan biri. Va final…

Bilasizmi g‘alabalarda eng ko‘p nimani yoqtiraman?! Final hushtagini! Hushtak chalingach, sen o‘z yutug‘ingni, vanihoyat, nishonlashing mumkin. «Marakana» maydonlari bo‘ylab bir-birimizni quchib, qanday xursandchilik qilganimizni haligacha yaxshi eslayman. Germaniyada buni «shok lahzasi» deymiz va bunda bir necha soniyalar abadiyatdek tuyulib ketadi. Hozir ham xuddi o‘sha soniyalarga qaytib qolgandek his qilyapman va barchasi ko‘z o‘ngimda gavdalanyapti.

Esimda, 4 yoshimda «Shalke» mashg‘ulotida maydonga tushib kelgandim. Bolalardan hech kim darvozaga turishni xohlamadi va murabbiy: «Manuel, sen darvozada o‘ynaysan», dedi. Esimda, onam har ikki yilda kir yuvish mashinamizni yangilashga majbur bo‘lardi. Sababi, mening liboslarim loy maydonda darvozam tomon tepilgan to‘plarga o‘zimni otaverganim uchun juda ham kir bo‘lib ketardi. Xuddi loyga belangan kuchukdek uyga kirib kelardim. Esimda, mashg‘ulotlardan keyin charchagan bo‘lsam ham, ko‘chada o‘rtoqlarim bilan futbol o‘ynash uchun yana chiqib ketardim. Chunki faqat o‘sha yerda meni yarimhimoyaga qo‘yishar va to‘pni oyoqlarimda ko‘proq his etardim.

Esimda, oilam va do‘stlarimni akademiyada o‘ynash uchun tashlab ketishga majbur bo‘lgandim. O‘sha yotoqxonada yolg‘izlikdan qiynalgan paytlarim o‘zimga derdim: «nega o‘zim uchun hayotni bunchalar qiyinlashtiryapman? Qilayotgan qurbonliklarim nimagadir arziydimi o‘zi?» Ha, Manu, arzir ekan. Sen barchasini o‘sha final hushtagini eshitganda tuygan hislaring uchun qilgan ekansan.

Balki, Yevroni ham yutishim mumkin edi, ammo afsusda emasman. Farzandim ulg‘ayganda odamlar unga otasi Germaniya sharafini himoya qilganini aytishadi. Umid qilamanki, mendan qolgan meros qo‘rquvsiz o‘ynash va jamoadoshlarimga maydonda har kuni yanada yaxshiroq futbolchi bo‘lishlariga yordam berganim bo‘ladi. Agar odamlar ham men haqimda shularni gapirishsa, juda xursand bo‘laman.

Endi «Bavariya»ni o‘zi mansub bo‘lgan o‘ringa qaytarishga bor e’tiborimni qaratsa bo‘ladi. 38 yoshimda hamon futbolga bolalarcha mehrim o‘zgarmagan. Agar 20 metr narida to‘p turganini ko‘rsam, uning oldiga borishdan va uni bir-ikki tepishdan o‘zimni to‘xtata olmayman. Uni tinch qo‘yolmayman. Bu — futbolga nisbatan jinoyat. Murabbiylarim meni to‘p tepishni endi o‘rgangan boladek quvonishimni ko‘rib kulishadi, lekin men rostdan ham butun umr xuddi o‘sha baxtni his qilib yashayapman. O‘sha sal naridagi koptokka tomon yugurmay qo‘ygan kunim men uchun butunlay to‘xtash vaqti bo‘ladi.

Endi milliy jamoa o‘yinlarini muxlislar safidan tomosha qilaman. Yigitlar, barchangizga birga sarflagan mehnatingiz, yorqin xotiralar, hazillar va kulgilar uchun rahmat aytaman. Sizni sog‘inaman. Boshlagan ishimizni davom ettiring va ishtiyoqingizni so‘ndirmang. Barchasi uchun rahmat. Posboningiz — Manu».

Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Ko‘proq yangiliklar: