AEXA yil oxirigacha ZAES muammosi hal etilishiga umid qilmoqda

Jahon 16:21 / 02.12.2022 5836

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) joriy yil oxirigacha Rossiya Federatsiyasi va Ukraina bilan Zaporijjya atom elektr stansiyasida (ZAES) xavfsizlik zonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Bu haqda AEXA bosh direktori Rafael Grossi aytib o‘tdi

«Men vaziyatga imkon qadar tezroq yechim topishga intilaman. Umid qilamanki, yil oxirigacha», - dedi Grossi Italiyaning La Repubblica gazetasiga bergan intervyusida. 

Shu bilan birga, u Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan uchrashish mumkinligini istisno etmadi. 

«Bizning maqsadimiz – u yoki bu tomonga foyda keltiradigan harbiy vaziyat yaratmaslik, yadroviy avariyaning oldini olish», — dedi Grossi.

Bundan oldin Zaporijjya viloyatidagi Energodar shahri okkupatsion hokimiyati Rossiya qo‘shinlarining shahardan olib chiqilishi haqidagi ma’lumotni rad etgandi. 

Zaporijjya atom elektr stansiyasi Rossiya nazorati ostida qolmoqda, deb ma’lum qildi Energodar «ma’muriyati». 

Bundan tashqari, bayonotda ZAES uchun zaxira quvvat manbasini yaratish, Energodar aholisini issiqlik bilan ta’minlash uchun ikkita energoblokni issiq o‘chirish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar va xodimlarni Rossiya boshqaruv tashkiloti yurisdiksiyasiga o‘tkazish rejalariga ishora qilingan.

Kiyev kuni kecha rus qo‘shinlari ZAESdan yaqinda olib chiqilishi ehtimoli borligini bildirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: