Polsha qo‘rqoqlarcha himoyalanib pley-offga chiqdi, Meksikada drama

Sport 14:57 / 01.12.2022 29539

Messi penaltidan gol urolmadi, ammo Argentina guruhda birinchi bo‘ldi. Polyaklar saudiyaliklarning golini nishonladi va pley-offda qatnashadigan bo‘ldi. Endi Argentina Avstraliya bilan, Polsha — Fransiyaga qarshi o‘ynaydi.

JCh-2022. S guruhi. 3-tur
Polsha — Argentina 0:2
Gollar:
Makallister (49), Alvares (67). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi (39).
Polsha – Shchensni, Kesh, Glik, Kiver, Bereshinski (Yenjyeychik, 72), Zelinski, Frankovski (Kaminski, 46), Krixovyak (Piontek, 83), Belik (Shimanski, 62), Levandovski, Sviderski (Skuras, 46).
Argentina – Martines, Molina, Otamendi, Romero, Akunya (Talyafiko, 59), De Paul, Makallister (Almada, 84), Fernandes (Pesselya, 79), Di Mariya (Paredes, 59), Messi, Alvares (Martines, 79).
Ogohlantirishlar: Akunya (49), Krixovyak (78).

Argentina birinchi turda ishonchni oqlamagan va ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgandi. Har qanday jamoa raqib imkon bergan darajada o‘ynashi haqidagi oqlovchi nazariyani esa Braziliya misoli inkor etadi. Braziliyaga ham asosiy e’tiborni raqib o‘yinini buzishga qaratgan jamoalar qarshi chiqdi, ammo pentakampeonlar serblar bilan o‘yinda ham, shveysarlarga qarshi ham to‘la kuch bilan o‘ynamagan holda natijaga erishdi. Argentinani esa Meksika qarshi o‘yinda Messining uzoq masofadan yo‘llagan dohiyona zarbasi halokatdan qutqarib qoldi.

Aytish kerakki, Leo o‘sha o‘yindan keyin jamoadagi muammolar haqida gapirishdan tortinmadi. U jamoaga natija uchun javobgarlik yuqoriligi xalal berayotgani va birinchi bo‘lim davomida bo‘sh hududlarga ega bo‘lmaganini aytdi. Sardorning so‘zlarida optimizm bo‘lsa ham, u tan oldi: Janubiy Amerika chempionlari doim ham o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish eta olmayapti.

Bosh murabbiy Lionel Skaloni esa Meksikaga qarshi o‘yindagi boshlang‘ich tarkibni yana o‘zgartirdi. Bu safar ham Dibala zaxirada qoldi, u taktik sabablarga ko‘ra o‘ynamayapti. Lekin tarkibga Molina, Romero, Fernandes va bolaligida Messi va Di Mariya bilan suratga tushishdan xursand bo‘lgan, endi esa ular bilan jahon chempionatida bir jamoada to‘p tepayotgan Alvares qo‘shildi.

Birinchi turdan keyin tarkibda besh o‘zgarish qilingandi, ikkinchi turda boshlang‘ich tarkibda o‘ynaganlardan to‘rt nafari uchinchi tur o‘yiniga tushirilmadi — murabbiy optimal tarkibni aniqlash uchun izlanishda davom etmoqda. Qolaversa, hatto Saudiyaga qarshi o‘yinda ochiq futbol namoyish etmagan va birinchi navbatda o‘z darvozasi daxlsizligini o‘ylagan pragmatik Polshani qandaydir yo‘l bilan dog‘da qoldirish talab etilardi. Polshaliklar darvozaboni Shchensni dastlabki ikki turda o‘z vazifasini a’lo darajada uddaladi. Ikki turdan keyin faqat u va brazillar posboni Alissongina o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, marokashliklar ham hali gol o‘tkazmagan, ammo afrikaliklarning ikki o‘yinida ikki xil darvozabon o‘ynagan.

Shchensni bu o‘yinni jarima maydoniga yorib kirgan Messining kuchli zarbasini qaytarish bilan boshladi.

Zarba o‘tkir burchakdan turib yo‘llangan va bunday holatda gol urish imkoni past bo‘lgan bo‘lsa ham, bu polshaliklar uchun ijobiy signal edi. Ammo yanada muhimi bu turnirda Argentina ilk bor yana tetik, harakatchan va anchayin tajovuzkor ko‘rindi. Jamoa Amerika Kubogi finalida bo‘lgani kabi uchib o‘ynadi va to‘qnashuvlardan qochmadi. Va vaziyatlar ham yuzaga keldi.

Ammo Shchensni yuqori darajada o‘yin namoyishda davom etdi. U Di Mariyaning burchakdan to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozaga yo‘llagan zarbasini xotirjamlik bilan olib chiqdi. Himoyachilar ortida ochilgan Alvaresni to‘xtatib qoldi. Tortdagi bezak esa — Messiga penaltidan gol urishga yo‘l qo‘ymasligi bo‘ldi, bu penalti esa ijtimoiy tarmoqda keng muhokama qilindi. Ko‘pchilikning fikricha darvozabon to‘pga otilganida argentinaliklar «o‘nligi»ning yuziga qo‘li tegishi bunday jazoga munosib emasdi, chunki bu vaqtda Messi bosh bilan zarba berib bo‘lgandi.

Lekin bu endi dolzarb emas. Messi «nuqta»dan gol urolmadi va golli seriyasini to‘xtatdi. E’tiborli tomoni, Leo jahon chempionatlarida o‘zi tepgan uchta penaltidan ikkitasida xato qilgan.

Bu drama bilan yakunlanishi mumkin edi, ammo birinchi bo‘limda sakkiz zarbani to‘sgan darvozabonga ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Makallister gol urdi. Bu hujum esa Di Mariya tomonidan o‘ylab topildi, u Molina bilan kombinatsiya amalga oshirib, yarimhimoyachini zarba berish nuqtasiga chiqardi.

Argentinaliklarning yangi avlodi bu o‘yinda o‘zini ko‘rsatdi. Ikkinchi gol ikki Fernandes va Alvares tomonidan uyushtirildi.

Agar Skaloni shu o‘yinda tanlangan tarkibda to‘xtalsa, bu keyingi o‘yinlarda muvaffaqiyat garovi bo‘lishi mumkin.

O‘yin davomida qulay vaziyatlardan foydalana olmagan Alvares va Lautaro Martines endi pley-offda imkon qadar aniqroq harakat qilishi talab etiladi, janubiy amerikaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallashdi va Avstraliyaga raqib bo‘ldi.

Polsha esa bu o‘yinda boshqa gol o‘tkazmaslik uchun o‘ynadi (to‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkich 27-73, zarbalar bo‘yicha 4:25, aniq zarbalar bo‘yicha 0:13) va to‘plar nisbati evaziga Meksikani guruhda qoldirib ketdi. O‘yinda birorta vaziyatga ega bo‘lmagan Levandovski va jamoa amaldagi jahon chempionlari Fransiyaga ro‘baru kelishadi.

Meksika oxirigacha pley-offga yaqin edi, ammo yakunda qariyb 30 yillik seriyaga barham berishga majbur bo‘ldi

Saudiya Arabistoni — Meksika 1:2
Gollar:
Ad Dovsari (90+5) — Martin (47), Chaves (52).
Saudiya Arabistoni – Al Ovays, Al G‘anam (Bahebri, 88), Tombakti, Al Amri, Al Bulayhi (Sharahili, 37), Abdulhamid, Ad Dosari, Al Hasan (Madu, 46), Kanno, Al Birakan, Ash Shahri (Al Obid, 62).
Meksika – Ochoa, Sanches (K.Alvares, 86), Moreno, Montes, Galyardo, Chaves, Pineda (Rodriges, 77), E.Alvares (Funes, 86), Losano, Martin (Himenes, 77), Vega (Antuna, 46).
Ogohlantirishlar: Alvares (16), Ash Shahri (28), Al Hasan (34), Tombakti (52), Madu (81), Bahebri (90+7).

Meksikaning 1994 yilda AQShdagi turnirda boshlangan va qatorasiga yetti jahon chempionatida davom etgan seriyasi, jamoa barqaror ravishda guruhdan chiqib, 1/8 finaldan ortga qaytgani haqida yetarlicha gapirildi. Qayd etish kerakki — bu 28 yillikda qatorasiga yetti bor guruhdan chiqish bilan faqat Braziliya maqtana olishi mumkin edi (2022 yilgi mundialda ular sakkizinchi bor pley-offga chiqdi). Niderlandlar ham hamisha keyingi bosqichga yo‘l olishgan, ammo yevropaliklar JCh-2002 va JCh-2018 turnirlarini o‘tkazib yuborishgandi. Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Angliya, Portugaliya, Argentina va Urugvay kabi top-jamoalar esa kamida bir marta guruh bosqichida qolib ketishgan.

Bu o‘yinda Saudiya Arabistoniga ham g‘alaba kerak edi. Durang ham arablarga 1/8 final uchun imkoniyat qoldirardi, ammo bu holatda Argentina va Polsha o‘rtasidagi parallel uchrashuvda kerakli hisob qayd etilishiga umid qilish kerak edi. Masalan, polyaklar g‘alabasiga ko‘proq, lekin boshqa variantlar ham bor edi. Meksika esa faqat g‘alaba qozonishi talab etilardi, shunda ham g‘alaba aql bovar qilmas seriyani davom ettirishni kafolatlamasdi — baribir raqiblarning o‘zaro o‘yiniga ham e’tibor qaratish kerak edi.

Bunday vaziyatda jamoalardan hujumkor o‘yin kutilardi va amalda ham shunday bo‘ldi — 8-daqiqaga keliboq Meksika va Saudiya Arabistoni bir martadan darvoza sohasiga aniq zarbalar yo‘lladi, lekin Aleksis Veganing vaziyati ancha xavfliroq chiqdi.

Ammo ko‘p o‘tmay bu o‘yinda ikki tomon gollar borasida quvlashmachoq o‘ynamoqchi emasligi ayon bo‘ldi. Meksika to‘pni nazorat qildi (o‘yinning taxminan 70 foizida to‘pga egalik qilindi) va saudiyaliklar himoyasini yorib o‘tish uchun muntazam bosim uyushtirildi. Osiyo vakillari esa qahramonlarcha mudofaalanishdi, futbolchilarning barchasi fidoyilik ko‘rsatib o‘ynadi. Meksikaliklarning birinchi bo‘limdagi 11 zarbasidan beshtasi himoyachilar tomonidan to‘sildi. Qolaversa, Saudiya Arabistoni bu chempionatda jarohatlardan aziyat chekmoqda. Argentina bilan o‘yinda Yasir Al-Shahroniy o‘z jamoasi darvozaboni bilan to‘qnashib safdan chiqqandi, shuningdek sardor Salmon Al-Faroj jarohat olgandi. Meksika bilan o‘yinda esa birinchi bo‘limdayoq o‘ng qanot himoyachisi Ali Al-Bulayhi oyog‘ini qayirib olib, almashtirishni so‘radi.

Ikki jamoa ham Argentina va Polsha uchrashuvidagi vaziyatga qaragan holda harakatlanishga majbur edi va Aleksis Makallisterning ikkinchi bo‘lim boshidayoq urgan goli Meksikani bor kuch bilan oldinga tashlanishga undadi — bunday holatda KONKAKAF vakillari «+3» gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etilardi, saudiyaliklarni ham endi durang qoniqtirmasdi.

«974» stadionida kelgan xabar Meksikani uyg‘otdi va jamoa o‘z oldidagi vazifani hal qilishga kirishdi. Standartlar yordam berdi: burchak zarbasidan keyin Enri Martin Sesar Montesning tovon bilan bergan bergan pasini golga aylantirdi, ko‘p o‘tmay Luis Chaves jarima zarbasidan shedevr gol urdi — 26-28 metrdan zarba yo‘llab, yuqori burchakni aniq nishonga oldi.

Parallel uchrashuvda hisob argentinaliklar foydasiga 2:0 ko‘rinishiga kelgach, barchasi JCh-2018 guruhlaridan biridagi vaziyat takrorlanishiga yaqinlashdi, o‘shanda Yaponiya Senegalni kamroq sariq kartochk olgani tufayli ortda qoldirgandi. Bu vaziyatda afrikaliklar o‘rnida Meksika edi — Polsha bilan barcha vaziyatlar bo‘yicha tenglik holatida (4 tadan ochko, to‘plar nisbati 2-2 va o‘zaro o‘yinda durang) ular jarima ballari tufayli ortda qolardi - o‘yindan oldin polshaliklarda 4 ta, meksikaliklarda 6 ta sariq kartochka bor edi (jamoalar oxirgi tur o‘yinlarida yana bittadan sariq ishlashdi). Bu vaziyatda Meksika o‘zi uchinchi golni urishi yoki bu ishni Argentina qilishiga umid qilishi kerak edi. 

Agar polshaliklar o‘z o‘yinida bitta qizil kartochka olganida uchinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lardi (1 ta sariq kartochka uchun 1, 2 ta sariq kartochka olib chetlatilganlik uchun 3, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatilganda 4, avval sariq, keyin qizil kartochka olinganda 5 jarima balli hisoblanadi). Agar sariq kartochkalar soni tenglashib qolganida pley-offga chiquvchi jamoa qur’a tashlash yo‘li orqali aniqlangan bo‘lardi.

Ammo unisi ham, bunisi ham ro‘y bermadi, garchi Meksikada hisobni yiriklashtirish uchun vaziyatlar yetarli bo‘lgan bo‘lsa-da. Meksikaliklar o‘yin davomida 25 bor zarba berdi (raqibda 10 ta), shundan 10 tasi darvoza sohasiga aniq bordi (raqibda 2 tasi), ammo shu kuni Al-Ovays o‘z ishini yaxshi bajardi. Meksikaliklarning ikki goli o‘yindan tashqari holat qayd etilishi tufayli bekor qilindi va bu jahon chempionatida ofsaydni aniqlashning yarimavtomat tizimi borligda bu qarorlarga e’tiroz qilishdan naf yo‘q. Meksikaliklar uchinchi golni urish uchun butun e’tiborni hujumga qaratdi, lekin qo‘shimcha daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi, Salim Ad-Dovsariy qarshi hujumda jamoa muxlislariga yupanch bo‘luvchi golni urdi.

Natijada meksikaliklar ko‘proq sariq kartochka olib yuborgani uchun emas, to‘plar nisbatidagi farq tufayli turnirni tark etadigan bo‘ldi.

Fransiyaga zaxira yetishmadi: Tunis sensatsiya ko‘rsatib g‘alabaga erishdi, ammo pley-offga chiqolmadi

JCh-2022. D guruhi. 3-tur
Tunis – Fransiya 1:0
Gol
: 1:0 – 58 Hazri.
Tunis – Damen, Keshrida, Gandri, Merya, Talbi, Maalul, Sxiri, Laiduni, Ben-Romdan (Shalali, 74), Sliman (Abdi, 83), Hazri (Jyebali, 59).
Fransiya – Mandanda, Disasi, Varan (Saliba, 63), Konate, Kamavinga, Veretu (Rabo, 63), Tchuameni, Fofana (Grizmann, 73), Genduzi (Dembele, 79), Koman (Mbappe, 63), Kolo-Muani.
Ogohlantirishlar: Keshrida (28).

Deshamning total rotatsiyasi

Fransuzlarga bu o‘yinda natija kerak emasdi. Faqat giperfantastik ssenariy amaldagi jahon chempionlarini guruhdagi birinchi o‘rindan tushirib yuborishi mumkin edi, ammo pley-offdan emas. Shu tufayli Dide Desham tarkibda rotatsiya qilishini kutish mumkin edi: «Uchranglilar» shusiz ham jarohatlardan eng ko‘p aziyat chekkan jamoa, shu tufayli 1/8 final arafasida qolgan yetakchilar bilan tavakkal qilish o‘rinsiz edi.

Shu bilan birga, asosiy tarkib futbolchilari o‘ynashni istashardi. Masalan, avvalgi o‘yinlarda uch gol urgan va «Oltin butsa» uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan Mbappe Tunisga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishni istamadi. Ammo Fransiyaning asosiy hujumchisi sog‘ligidagi kichik muammo tufayli baribir zaxira o‘rindig‘ida qolishga rozi bo‘ldi.

Mbappe va yana asosiy tarkibning bir necha yetakchilariga dam berilishini to‘g‘ri tushunish mumkin. Ammo Desham jamoa o‘zagini o‘zgartiruvchi rotatsiyalar amalga oshirdi: Daniya qarshi o‘yin boshlang‘ich tarkibida bo‘lgan to‘qqiz futbolchi zaxirada qoldi. Faqat Varan va Tchuameniga tegilmadi. Hatto darvozabon o‘zgartirildi: Lloris o‘rniga qarilik bilmas Mandanda tushdi. Hujumda «Ayntraxt» forvardi Kolo Muani paydo bo‘ldi, «Monako» himoyachisi esa Disasi terma jamoadagi debyutini jahon chempionatida nishonladi.

Zaif chap qanot va afrikaliklar bosimi

Fransuzlar tarkibi shunda ham nomlarga ko‘ra tunisliklardan kuchliroq edi, ammo bu tarkibda o‘zaro o‘ynash ko‘nikmasi yo‘q edi. Yevropaliklar chap qanotida Kamavinga tushdi — bu «Real» yarimhimoyachisi uchun begona pozitsiya, Desham uni faqat bir necha o‘rtoqlik uchrashuvida shu ampluada o‘ynatib ko‘rgan. Ammo boshqa chiqish yo‘li yo‘q edi: Lyuka Ernandes jarohat olgan, Teoga dam berildi, tarkibda boshqa chap qanot futbolchisi topilmadi.

Arablar esa fransuzlarning aynan shu qanotiga bosim uyushtirdi. Kamavinga esa ishtiyoqmand raqibning bosimiga bazo‘r bardosh berdi. Umuman olganda, Tunis ikki karra ishtiyoq bilan o‘ynadi: birinchidan, ularni faqat uch ochko pley-offga olib chiqishi mumkin edi, ikkinchidan, raqib sobiq mustamlakachi edi — tarkibdagi futbolchilarning o‘n nafari Fransiyada muhojirlar oilasida tug‘ilgan.

Ulardan biri — Tunis termasi tarixidagi ikkinchi eng yaxshi to‘purar Vahbi Hazri. U negadir dastlabki ikki turda zaxira o‘rindig‘ida qolgan, bu safar esa boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘lib, afrikaliklar jamoasi hujumini butunlay o‘zgartirdi.

Umuman olganda, Tunis avvalgi ikki uchrashuvga qaraganda ancha dadil o‘ynadi. Birinchi bo‘limda o‘yinning 55 foiz vaqtida afrikaliklar to‘pga egalik qilgani ham buni yaqqol ifodalaydi. Vaziyatlar ham yuzaga keldi: Gandri gol urdi, ammo ofsayd qayd etildi, Hazri esa burchak zarbasidan darvoza to‘rini ishg‘ol etishiga bir baxya qoldi.

Ikki daqiqa ikkinchi o‘rinda

O‘yinning ikkinchi bo‘limida Fransiyaning ikkinchi tarkibi to‘pni nazorat qila boshladi, ammo xavfli vaziyatlar yaratilmadi — faqat Koman yarimta imkoniyatga ega bo‘ldi. Tunis esa Mandanda turgan jarima maydoniga burchakdan tinimsiz uzatmalar berdi. Birinchi bo‘lim kabi, ikkinchi bo‘lim boshini ham birinchi raqamda boshlagan Tunis 58-daqiqada o‘z golini urdi — Hazri hisobni ochdi.

Ammo arab muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Tunis amaldagi chempionlar darvozasini ishg‘ol etib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgandi, ammo ikki daqiqa o‘tib parallel uchrashuvda Avstraliya Daniyaga gol urdi va afrikaliklar yana pley-offdan tashqarida qoldi.

Hisob 0:1 bo‘lganida Desham xato qilganini anglab yetdi. Bunday vaziyatda Tunisga mag‘lub bo‘lish sharmandalik emas, ammo yoqimsiz ham. Shu tufayli maydonga odatiy tanish yuzlar chiqib keldi: Mbappe, Rabo, Grizmann, Dembele. Tabiiyki, Damen qo‘riqlayotgan darvozaga bosim sezilarli darajada oshdi. Tunisliklar darvozaboni va himoyachilari katta qiyinchilik bilan yevropalik yulduzlarga qarshi turishdi. Holbuki Mbappening o‘zi ikkita gol urishi ham mumkin edi.

Qo‘shimcha daqiqalarda Tunis zaxira o‘rindig‘idagilar maydondagi vaziyatni emas, parallel uchrashuv translatsiyasini kuzatishayotgandi, afrikaliklar uchun daniyaliklar durang qayd etishi talab etilardi. Ammo Avstraliya turib berdi. Tunis ham — bu g‘alaba ularga kerakli natija keltirmagan bo‘lsa-da, muxlislar uchun afsonaviy bo‘lib qoladi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar yakunlanishiga o‘n soniya qolganida Grizmann darvozani ishg‘ol etdi, ammo videotakrordan keyin gol bekor qilindi.

Tunis Qatarni tark etadi, ammo jamoa o‘zi haqida yaxshi taassurot qoldirdi.

Zerikarli Daniya jahon chempionatida hafsalani pir qildi. Avstraliya kutilmaganda pley-offga chiqdi

Avstraliya – Daniya 1:0 
Gol:
1:0 – 60 Lekki.
Avstraliya – Rayan, Degenek, Suttar, Roulz, Behich, Muy, Irvayn, Makgri (Rayt, 74), Lekki, Dyuk (Maklaren, 82), Gudvin (Bakkus, 46).
Daniya – Shmeyxel, Kristensen (Ba, 46), Kristensen, Andersen, Mele (Kornelius, 70), Eriksen, Heyberg, Yyensen (Damsgor, 59), Lindstrem, Breytueyt (Dolberg, 59), Olsen (Skov, 69).
Ogohlantirishlar: Behich (4), Degenek (57), Skov (75).

2018 yilgi jahon chempionatida ham Daniya va Avstraliya bir guruhdan joy olishgan va murosa yo‘lini tanlashgandi (1:1). O‘shanda o‘yin ikkinchi turda bo‘lib o‘tgan va skandinavlarni turnir strategiyasi nuqtayi nazaridan durang hisob ham qoniqtirardi. Hozir esa — ikki turda birgina ochko olgan jamoani faqat g‘alaba qoniqtirardi. Lekin daniyaliklarning hozirgi holati bir yarim yil oldin Kristian Eriksen bilan bog‘liq dramadan keyin jisplashib, Yevro-2020 yarimfinaliga qadar yetib borgan jamoani faqat epizodlarda eslatib turdi.

Qatarda Tunisga qarshi birinchi o‘yindan keyin daniyaliklar bosh murabbiyi Kasper Yulmann jamoasi juda sekin o‘ynagani uchun uzr ham so‘ragandi. Fransiya bilan o‘yindan keyin esa jamoasi hujumda qanchalik yaxshi o‘ynay olishi va ixtiyorida yuqori saviyali hujumchilar borligini eslatib o‘tdi. Shu bilan birga tan oldi: endi Daniya devorga taqalgan. Yakuniy tur oldidan u jamoa boshdan kechirayotgan ulkan bosim haqida aytib o‘tdi.

Va maydonda ham bu sezildi, chunki daniyaliklar avval osongina hal etadigan epizodlarda shoshqaloqlik qilishdi. Natijada yo‘qotishlar va texnik xatolar yuzaga keldi, bu esa avstraliyaliklarning hayotini sezilarli darajada osonlashtirdi. Yashil qit’a vakillari Tunisga qarshi o‘yinda himoyalanishda ko‘proq qiynalishgandi, daniyaliklarga qarshi birinchi bo‘lim osonroq kechdi. 

Bu o‘yinda «Sokkeruz»ga jiddiy muammo tug‘dira olgan futbolchilar chap qanotdagi Mele va unga yordam ko‘rsatgan Lindstrem bo‘ldi. Lekin ularning sa’y-harakatlari natija keltirmadi. Yirik turnirda anchadan buyon favorit jamoa bu qadar hafsalani pir qilmagandi. Hatto Qatar barchaga yutqazib turnirni tark etgan bo‘lsa-da, muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etgandi. Bu yerda esa parallel o‘yinda Tunis gol urib, Avstraliyani durang qoniqtirmaydigan bo‘lib qolganida, sariq-yashil libosdagi futbolchilar darhol tashabbusni qo‘lga olishdi va o‘z golini urishdi.

Grem Arnold jamoasi bungacha ham maydonning o‘z qismiga qamalib olmagan va imkoniyat tug‘ilishi bilan hujumga yugurayotgandi. Avstraliya shunchaki o‘z kuchini to‘g‘ri taqsimlab, to‘g‘ri futbol o‘ynadi va imkoniyatidan kelib chiqib harakat qildi. Muvaffaqiyatli qarshi hujumda Leki maydon markazida ochildi va to‘pni raqib jarima maydoniga olib borib, himoyachilarni chalg‘itib, Melening oyog‘i orasidan to‘pni o‘tkazib zarba yo‘lladi. Shmeyhel kuchsiz zarbani qaytara olmadi.

Yulmann nimadir o‘ylab topishga urindi va hatto Eriksenga xat jo‘natdi. Ammo amalda murabbiy qanot futbolchilarini almashtirib va hujum chizig‘i vakillari sonini oshirib ham hech narsaga erisha olmadi. Dolberg jarima maydonida yiqilganida daniyaliklarda imkoniyat paydo bo‘lgandek edi. Ammo avvaliga 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan arbitr yordamchisiga nazar tashladi va ofsayd tufayli bir lahzada qarorini o‘zgartirdi.

Daniya shunchaki maydonda nima qilishini bilmadi va JCh-2022 turnirining eng zerikarli jamoasi maqomini o‘ziniki qildi. Avstraliyaliklar esa Arnoldning ko‘rsatmalarini aniq bajarishdi. O‘yindan keyin murabbiy shunday dedi: «Ayni vaqtda biz hali hech narsaga erishmadik. Biz shu yerda qolamiz va imkon qadar uzoqroqqa borishni xohlaymiz. Menga futbolchilarning hissiyotlari — tun bo‘yi uxlamasdan, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishi va boshqa yumushlar bilan band bo‘lishi kerak emas. Men ular tiklanishi va navbatdagi o‘yinga tayyor bo‘lishini xohlayman».

59 yoshli Arnold Avstraliya futboliga 16 yil o‘tib yana xursandchilik keltirdi, 2006 yilgi turnirda Guus Hiddink boshqaruvidagi «Sokkeruz» ilk bor guruhdan chiqqandi. O‘sha vaqtda uning yordamchisi bo‘lgan Arnold esa undan o‘rganganlarini hayotga tatbiq etmoqda, niderlandiyalik mutaxassis esa unga maslahat berishdan to‘xtamagan, u sentabr oyida Yangi Zelandiyaga qarshi nazorat bahsini zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib kuzatgandi.

Daniya esa birgina gol va birgina ochko bilan Qatardagi ishtirokini yakunladi.

Ko‘proq yangiliklar: