Messi turnirni tark etishi, Saudiya yana sensatsiya qilishi mumkin. Bugungi o‘yinlarda nimalar hal bo‘ladi?

Sport 18:58 / 30.11.2022 29933

D guruhi

Avstraliya — Daniya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00da)

Fransiya milliy jamoasi 2 turda 2 g‘alabaga erishdi va Tunis bilan o‘yinni pley-off ishtirokchisi maqomida boshlaydi. Avstraliyaliklar va daniyaliklar esa 1/8 final yo‘llanmasi uchun o‘zaro jang qiladi. O‘yin arafasida Avstraliyaning pozitsiyasi yaxshiroq: ular Tunis bilan o‘yinda minimal hisobda g‘alaba qozonib, uch ochkoga ega bo‘lishgan, Yevro-2020 yarimfinalchilari esa Afrika jamoasi bilan birinchi turda golsiz durang qayd etgandi. Endi Kasper Yulmann jamoasiga faqat g‘alaba kerak.

«Bizni o‘z finalimiz kutmoqda. Biz devorga taqalganmiz va ochko yo‘qotishga haqli emasmiz», — degandi daniyaliklar bosh murabbiyi Fransiyadan mag‘lubiyatga uchralgach. Hozircha uning jamoasi bir yarim yil oldin Yevropa chempionatida ko‘plab betaraf muxlislarni o‘ziga jalb qilgan yorqin jamoaga o‘xshamayapti. Ammo o‘sha turnirda ham Daniya so‘nggi turda Rossiya ustidan g‘alaba qozonish (4:1) orqali pley-offga chiqqandi, o‘shanda ham jamoa 2 turdan keyin yaxshi holatda emasdi. Bu safar ham shunday bo‘ladimi? Agar skandinavlar g‘alabaga erisha olmasa, Avstraliya 2006 yildan buyon ilk bor jahon chempionati nimchorak finaliga chiqadi.

Tunis — Fransiya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00da)

Dide Desham jamoasi amaldagi chempionlar keyingi mundialda guruh bosqichidan chiqa olmasligi bilan bog‘liq noxush an’anaga chek qo‘ydi. Fransiya Avstraliya (4:1) va Daniya (2:1) bilan o‘yinlarda ishonchli g‘alabalarga erishdi. E’tiborli tomoni, fransuzlarda asosiy tarkibning yetakchi futbolchilari jarohat olib safdan chiqqani umuman sezilmadi. «Uchranglilar» allaqachon 1/8 final yo‘llanmasini hal qilib bo‘lgan, endi kim qaysi o‘rin bilan chiqishini aniqlash masalasi qolgan. Vaziyatga real qaralsa, Fransiya Tunisni yenga olmasligi ehtimoli kam, bu esa jamoa S kvartetida birinchi o‘rinda qolishini anglatadi. Umuman olganda, Desham shogirdlari minimal hisobda yutqazsa ham, to‘plar nisbatiga ko‘ra avstraliyaliklarni birinchi o‘ringa o‘tkazib yuborishi qiyin.

Shu bilan birga Tunisni muddatidan oldin kurashdan chiqarmaslik kerak. Ular ham so‘nggi turda pley-off uchun imkoniyat saqlab qolgan. Ammo buning uchun ular Fransiya ustidan g‘alaba qozonishi, parallel uchrashuvda kerakli hisob qayd etilishidan umid qilishi kerak bo‘ladi.

Avstraliya Daniya ustidan g‘alaba qozongan taqdirda, afrikaliklar turnirni tark etishi aniq. O‘z o‘yinidagi g‘alaba va parallel o‘yindagi durang Tunisni to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘ringa olib chiqishi mumkin, bu holda Avstraliya birinchi turda Fransiyaga yirik hisobda yutqazgani pand beradi. Agar Daniya avstraliyaliklardan ustun kelsa, Tunis yirik hisobda g‘alaba qilishi talab etiladi, lekin bu amalda imkonsiz ish.

Guruhdagi vaziyat

1) Fransiya allaqachon pley-offda, amalda birinchi o‘rin ham ta’minlangan, buning uchun Tunisga yirik hisobda yutqazmaslik kifoya.

2) Avstraliya va Daniya ikkinchi o‘rinni egallash uchun bahslashadi, yashil qit’a vakillari g‘alabasi yoki durang hisob ularni 1/8 finalga olib chiqadi, skandinavlar jamoasini faqat g‘alaba qoniqtiradi.

3) Tunis pley-offga chiqish uchun Fransiyadan ustun kelishi lozim. Avstraliya o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa, tunisliklarda imkon bo‘lmaydi, durang yoki Daniyaning g‘alabasi yuz bergan taqdirda, ularda variantlar bo‘ladi. Barchasini to‘plar nisbati hal qiladi.

C guruhi

Polsha — Argentina (Toshkent vaqti bilan soat 00:00da)

JCh-2022 guruh bosqichining eng yorqin viveskalaridan biri — Levandovskining Messiga qarshi chiqishi. So‘nggi tur arafasida Polsha to‘rt ochko bilan birinchi, Argentina uch ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan. Janubiy Amerika chempionlari yevropaliklarni quvib o‘tishi ham, uyga qaytishi ham mumkin. Polyaklar ham barchasidan quruq qolishi ehtimoli bor. 

Messi ikkinchi turda jamoa o‘yini yaxshi chiqmayotgan vaqtda Meksika darvozasiga muhim golni urib, Argentina kurashda qolishini ta’minladi. Murabbiylarning taktik jangi kechishi kutilayotgan Polshaga qarshi o‘yinda ham «PSJ» forvardidan qahramonlik talab etilishi mumkin. Shu bilan birga polyaklarda ham jahon chempionatlarida birinchi golini urib olgan va yana gol urishni istayotgan Robert Levandovski bor.

Saudiya Arabistoni — Meksika (Toshkent vaqti bilan soat 00:00da)

Jahon chempionatining asosiy sensatsiyasi muallifi bo‘lib turgan jamoa hamon pley-off uchun da’vogar. Qolaversa, uchinchi turdagi natijalarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni guruhda birinchi o‘rinni egallashi ham mumkin.

Meksika terma jamoasida vaziyat biroz murakkab. Lotin Amerikasi vakillari Polsha bilan o‘yinda yaxshiroq harakat qilishgandi, ammo faqat Gilerma Ochoaning seyvi evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Argentina bilan o‘yinda esa meksikaliklar butun o‘yin davomida raqib hujumlarini qaytarish bilan band bo‘ldi. Endi Xerardo Martino shogirdlariga Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda faqat g‘alaba kerak. Lekin g‘alaba ham ularga 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlamasligi mumkin.

Guruhdagi vaziyat

1) Polshaga pley-off yo‘llanmasi uchun g‘alaba yoki durang kerak. Uch ochko jamoaga birinchi o‘rinni egallash imkonini beradi, bir ochko esa kamida ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqish imkonini beradi, parallel o‘yinda saudiyaliklar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa esa, yetakchilik saqlab qolinishi mumkin.

2) Argentina o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa, birinchi o‘rinni egallaydi — agar Saudiya Arabistoni Meksikani uch yoki undan ko‘p gol farqi bilan mag‘lub etmasa. Durang qayd etilsa, Messi jamoadoshlariga ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishi mumkin — shunda ham parallel o‘yinda durang qayd etilishi yoki Meksika yirik hisobda g‘alaba qozonmasligi kerak. Mag‘lubiyat argentinaliklarni pley-offda o‘ynashdan mahrum etadi.

3) Saudiya Arabistoni o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa, parallel uchrashuvda qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar pley-offga chiqadi. Agar Argentina va Polsha o‘zaro durang o‘ynasa, arablar birinchi o‘rinni egallashadi. Yevropaliklar g‘alaba qilgan taqdirda — ikkinchi bo‘lishadi. Janubiy Amerika vakillari muvaffaqiyat qozongan taqdirda, gollar nisbatni hisoblashga to‘g‘ri keladi. Mag‘lubiyat saudiyaliklarni 1/8 finaldan mahrum etadi.

4) Meksikani faqat g‘alaba qoniqtiradi. Argentinaning mag‘lubiyati Martino jamoasini ikkinchi o‘ringa olib chiqadi. Parallel o‘yinda durang yoki Polshaning g‘alabasi qayd etilsa, meksikaliklar yaxshiroq to‘plar nisbatiga ega bo‘lishi, ya’ni Saudiya Arabistonini yirik hisobda mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

Pley-off

S guruhi g‘olibi D guruhining ikkinchi jamoasi bilan uchrashadi. D kvartetining birinchi jamoasi esa S kvartetidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoaga to‘qnashadi. 1/8 finaldayoq to‘rt yil muqaddam Rossiyada pley-offda o‘zaro o‘ynagan Fransiya va Argentina juftligi hosil bo‘lishi mumkin. Bu guruhdan chiqqan jamoalarning o‘yinlari 3-4 dekabr kunlari o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: