O‘zbekistonga chetdan lift olib kirishda tadbirkorlar 20 martdan boshlab muammoga duch kela boshladi. Gap shundaki, mamlakatga xorijdan lift olib kiruvchi importchilarning tovarlari mart oyining oxirgi 10 kunligidan boshlab bojxonadan o‘tkazilmagan. Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, bunga sabab sifatida ularga berilgan muvofiqlik sertifikatlari bekor qilingani ko‘rsatilyapti. Ammo qanday sabablarga ko‘ra bekor qilingani haqida mas’ul idoralar izoh bermagan.
Geologiya, tog‘-kon va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Kun.uz’ga import vaqtincha to‘xtatilganini inspeksion tekshiruvlarda liftlar bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlagani bilan izohladi.
Nashr importchilarning intervyusini e’lon qilgach, sanoat xavfsizligi inspeksiyasi mas’ullari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Avvaliga Sanoat xavfsizligi inspeksiyasi boshlig‘i Baxtiyor Gulyamov nima sababdan muvofiqlik sertifikatlari to‘xtatib qo‘yilganini tushuntirdi.
“Bugungi holatga asosiy sabablardan bittasi – o‘tgan yili yozda pochtachi ayol liftda qolib ketgani oxirgi tomchi bo‘ldi. Muammo shundaki, nazorat qilish sal qiyinlashib qoldi. Tan olish kerak, hech qanaqa tanqid ma’nosida emas, ko‘p tadbirkorlar shu sohaga kirishni boshladi. Bilgani ham, bilmagani ham bor. Lift eng xavfli hisoblanadi, chunki undan aholi foydalanadi. O‘zbekistonda liftlarni sertifikatlash bo‘yicha bitta tashkilot bor, hajm juda katta. Tan olish kerak, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, yaqinda inspeksion tekshiruv bo‘lib o‘tdi. Jarayonda bir qancha jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Shu orada liftlarning hammasini tartibga keltirish, unga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish maqsadida noyabr oyida 602-sonli Vazirlar Mahakamasi qarori qabul qilingan. To‘g‘ri, 602-sonli qaror e’lon qilinmagan, lekin shu qaror bilan qo‘yilgan talablar 801-sonli liftlarning xavfsizligi bo‘yicha umumiy texnik reglamentning 17-bandiga qo‘shimcha sifatida kiritilgan. Bu ochiq e’lon qilingan. Shu narsa chetda qolib ketgan, tan olish kerak ayb bizda ham bor, yaxshi nazorat qila olmaganmiz. Lekin qo‘yiladigan talablar oxirigacha bajarilmagani uchun shu muammolar kelib chiqdi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak, bu kamchiliklar hozir bartaraf etilganidan keyin liftlarni sertifikatlashtirish jarayoni davom etadi.
3,7,8-sxemalar bor. Lekin 3-sxemaga mening e’tirozlarim bor, [muvofiqlik sertifikati] 3 yilga beriladi, keyin xohlaganini olib keladi. Bunga jiddiy yondashadiganlar ham, jiddiy qaramaydiganlar ham bor. Inspeksion nazoratdan o‘tmagandan keyin bu yerga kirib kelayotgan liftlarning har bittasini 7-8-chizma bo‘yicha joyida tekshirish kerak. Lekin 3-chizma bo‘yicha tekshirilmaydi. Xohlagan narsasini olib kiryapti, ichini arzonlashtirib ham. Butun dunyoda liftlarda “dispetcherizatsiya”, kameralar bor, bizda haliyam bular yo‘q. Tadbirkor falon pulga olib keladi, liftda odamlar qurilish materiallarini tashiydi. Lift unga moslanmagan. Buning uchun alohida texnikalar bor. Shundoq oynasining tagiga olib chiqib beradi. Tekin lift deb qancha noxush vaziyatlar ro‘y berdi”, - dedi Baxtiyor Gulyamov.
Tadbirkor Islom Rahimovning aytishicha, importchilarda muammo o‘tgan yili aprel oyidan boshlangan. Tadbirkor importchilar liftlarning kamchiliklarini tuzatish, zamonaviy talabga javob beradigan liftlarni import qilish bo‘yicha takliflar berilayotgani va ularni bajarib kelayotganini ta’kidladi.
“Sentyabr-oktyabr oylarida olib kelingan liftlar to‘xtatildi-da, sertifikatlashtirish organi Xitoydagi kompaniyalarga liftlarni borib ko‘rib, tekshirib, keyin muvofiqlik sertifikatlarini 3 yilga berdi. Har yili bir marta borib joyida tekshirish sharti bilan. Kutilmaganda 20 martdan birdaniga to‘xtatib qo‘yildi. Shunaqa holat bo‘lyapti deb oldindan ogohlantirishmadi, biz sertifikat bo‘yicha xavotirsiz edik. Biz ham xavfsiz, sifatli liftlar olib kirilishi tarafdorimiz. Birdaniga to‘xtatish hisobiga importchi tadbirkorlar zarar ko‘rmasligi kerak.
Undan tashqari, siz nazarda tutgan barcha talablar – dispetcherlik xizmati, kameralar kabi talablarni biz bajarganmiz”, - dedi tadirkor.
Baxtiyor Gulyamov “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy reglamentga o‘zgartirish kiritilgani, bu o‘zgartirish 2024 yil 1 martdan boshlab lift, eskalatorlar ko‘p kvartirali uylar yoki ularni o‘rnatish nazarda tutilgan boshqa obektlarda foydalanish uchun jihozlari bo‘lgandagina majburiy muvofiqlik sertfikati talab etilishini nazarda tutganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, endilikda lift uskunani ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi sub’yektlarda respublika hududlarida kafolatlangan servis xizmati, shuningdek, lift uskunlarida avariya qutqaruv Air&D qurilmasi, kuzatuv kamerasi, aloqani kuchaytirish qurilmasi va avariya holatlari haqida xabar beruvchi vosita mavjud bo‘lgandagina ular tomonidan ishlab chiqarilgan va import qilingan liftlarga muvofiqlik sertifikati berilishi talabi qo‘yiladi.
Tadbirkorlar Gulyamovga e’tiroz bildirib, olib kelinayotgan liftlarning hammasida yuqorida nazarda tutilgan qurilmalar borligini aytdi.
“Sanoat xavfsizligi tashkiloti [Xitoyga] borib shu qoidalar bo‘yicha muvofiqlik sertifikati berib kelgan. Mayli, shu sertifikat bo‘yicha kirganda ham yana bir marta eski tartibdagi kabi sizlarga murojaat qilaylik, to‘lovlaring bo‘lsa to‘laylik-da, bizni yana bir marta nazorat qilsin. Biz ham xotirjam bo‘laylik”, - dedi importchi Islom Rahimov.
Inspeksiya boshlig‘i Baxtiyor Gulyamovning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar endi tugagan va liftlarda juda katta kamchiliklar aniqlangan.
“Yana bir misol, import qilingan muassasa tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlarida ko‘rsatilgan liftlar soni taqqoslaganda, respublika hududidagi 2075 ta har xil turdagi liftlarga sertifikat hozirgi kunga qadar olinmagani ma’lum bo‘ldi. [Tadbirkor] liftlarni olib kelgan, montaj qilgan va qochvorgan. Eksplutatsiya bilan ishi yo‘q. Montaji sifatli bo‘lishi mumkin, sertifikati yo‘q liftning sifatiga kim javob beradi?” - dedi u.
Shunday vaziyat yuzaga kelyaptiki, kamchilik aniqlangan importchilarning emas, balki hammaning muvofiqlik sertifikati to‘xatib qo‘yilgan. Bu savolga Baxtiyor Gulyamov quyidagicha javob berdi.
“Qonunchilikda belgilangan tartibda inspeksion nazorat o‘tkazildi, shundan keyin sertifikat berish to‘xtatildi. Hozir aniqlangan sertifikat beradigan tashkilot ichidagi kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin [sertifikatlashtirish] qayta ochiladi. Yana bir 2 hafta, 10 kuncha vaqt kerak. Hujjatlarni qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Bosh vazir ham vaziyatni nazoratga olgan”, - dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, import liftlarga yangi talablar hozircha qo‘yilmayapti. Nazorat qiluvchi organ “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentdagi liftlarga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqmoqchi. Bu borada loyiha ham ishlab chiqilgan.
Baxtiyor Gulyamovning ma’lum qilishicha, qonun bo‘yicha sertifikatlashtirish vakolati to‘xtatilgan, 602-sonli qaror bilan oldin sertifikat olib keyin olib kirish talabi qo‘yilyapti. “Oldin sharoitlarimiz yo‘q edi, endi Texnopark bilan kelishib, ular [liftlarni tekshirish uchun maxsus shaxtani] tekin foydalanishga sertifikatlashtirish organiga berishdi”, - dedi u.
Ammo tadbirkorlar bunday shaxtaga yangi liftlar o‘rnatilib sinovdan o‘tkazilsa, ular yaroqsiz ahvolga kelib qolishi mumkin degan xavotirlarni bildirdi.
Baxtiyor Gulyamov bu e’tirozga javoban, ushbu talab majburiy bo‘lmasligi, yana muhokama qilinishini aytdi.
Tadbirkorlarning e’tirozlaridan yana biri, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘liq bo‘ldi.
“Ayni paytda barcha (16ta) importchining muvofiqlik sertifikati to‘xtatib qo‘yilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchinikichi?” deya savol berildi. Mas’ullar uning ham sertifikati to‘xtatilgani, ammo ishlab chiqarish davom etayotganini ma’lum qildi.
“Ishlab chiqarish davom etaveradi, unga sertifikat berish to‘xtatilgan. Biz ham ishlab chiqarsak, olib kelaversak bo‘laveradi, shunaqami? Bozorda erkin raqobat yo‘qolib qolyapti”, - dedi tadbirkorlardan biri.
“Biz sizlarga ishlab chiqarish, olib kelishni taqiqlamayapmiz. Sizlarga o‘qib berdim, 2012 ta liftda kamchilik aniqlangan, kamchilik aynan sizda bo‘lmasligi mumkin. Muammo faqat chetdan kelayotganlarda deya olmayman. 2075 tasi nimaga sertifikat olmagan? Masalan o‘sha pochtachi ayol ham birortamizning yaqinimiz bo‘lganda nima bo‘lardi?” - dedi Baxtiyor Gulyamov.
Tadbirkorlar aniqlangan 5-10 foizlik kamchiliklar uchun butun import to‘xtatib qo‘yilishini noto‘g‘ri deb hisoblamoqda.
Ochiq muloqot yakunida tomonlar yana bu masalani muhokama qilish uchun yig‘ilishga kelishdi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montajchi – Nizomjon Toshpo‘latov.