Toshkent xalqaro aeroportida yiliga qariyb 120 ming tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega yangi majmua 5,2 gektar maydonda joylashtiriladi. Ayni paytda qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladigan yuk terminalini loyihalash ishlari yakunlandi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports.
Birinchi bosqichda joriy yil oxiriga qadar umumiy maydoni 8 ming kv.m bo‘lgan yangi yuk terminali, jumladan ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan yuklar uchun 500 kv.m maydonda muzlatkich kameralari foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, import/eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlari va vakillari uchun maydoni 3 ming kv.m bo‘lgan yangi ma’muriy bino quriladi. Ikkinchi bosqichda 2025 yil oxiriga qadar 12 ming kv.m maydonga ega yangi yuk omborini qurish va foydalanishga topshirish, shu jumladan umumiy maydoni 1 ming kv.m bo‘lgan har xil harorat sharoitlariga ega yangi zamonaviy sovitish va muzlatish xonalarini qurish rejalashtirilgan.
«Hozir 1994-2000 yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni 3 gektarga yaqin bo‘lgan 20 ga yaqin eskirgan, kichik va o‘rta ombor, ma’muriy binolardan iborat. Yuk terminalining o‘tkazish quvvati hozir yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. Biroq, 2024 yilda taxminan 67 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalari kutilmoqda. Bularning barchasi yuk terminalini kengaytirish va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat beradi. Yangi terminal zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, bu esa yuklarga ishlov berish vaqtini qisqartiradi va havo tashuvchilarga umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi», deyiladi xabarda.
Yangi inshoot qurilishi «Fuqarolik aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.