«Barchasi front uchun». G‘arb sanksiyalari nihoyat Rossiya iqtisodiga jiddiy ta’sir o‘tkaza boshladi

Iqtisodiyot 17:34 / 30.11.2022 54137

Oktyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat armiyasi ta’minotini muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi kengash tuzdi. Bunga armiya uchun o‘q-dori va kiyimlar yetishmovchiligi kuzatilayotgani sabab bo‘lishi mumkin. G‘arb sanksiyalari urush boshlangandan o‘n oy o‘tib nihoyat Moskvaga jiddiy ta’sir qila boshladi.

«Biz «maxsus harbiy operatsiya» ta’minoti va iqtisodiyotga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi kurashish bilan bog‘liq muammolarni tezda hal qilishimiz kerak. Bu hech qanday mubolag‘asiz, haqiqatda jiddiy muammodir», – dedi Rossiya prezidenti.

Putin bir necha oydan beri G‘arbning Rossiyaga qarshi «iqtisodiy blitskrigi» muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytib keladi. Biroq Ukrainaga bosqinga javoban joriy etilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga tobora ko‘proq kirib bormoqda. Sanksiyalar Rossiya armiyasiga qurol-aslaha hamda ta’minot yetkazib berishdagi taqchillikni kuchaytiryapti va uning har qanday yangi quruqlik hujumini boshlash yoki yangi raketalarni yaratish qobiliyatiga to‘sqinlik qilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, neft va gazning doimiy eksporti yordamida yozda barqarorlashgandek bo‘lgan Rossiya iqtisodiyoti sekin-asta orqaga ketmoqda.

Rossiya Moliya vazirligi tomonidan o‘tgan hafta e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, neft va gaz sohasidan boshqa sektorlardan olingan oktyabr oyidagi soliq tushumlari, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga kam bo‘lgan. Rossiya davlat statistika agentligi bo‘lmish «Rosstat» esa sentabr oyida chakana savdo o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga, yuk aylanmasi esa 7 foizga qisqarganini xabar qildi.

«Barcha obektiv ko‘rsatkichlar iqtisodiy faollik juda kuchli pasayganini ko‘rsatmoqda. Spiral kengayib bormoqda va hozir undan chiqishning imkoni yo‘q», – deydi Rossiya energetika vazirining sobiq o‘rinbosari, hozirda quvg‘indagi yetakchi muxolifat siyosatchisi Vladimir Milov.

«G‘arbning Rossiyaga texnologiya eksportini taqiqlashi iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda Kremlning 300 mingdan ortiq rossiyalikni Ukrainada jang qilish uchun majburiy safarbar qilishi va xuddi shu miqdordagi (kamida) aholining safarbarlikdan qochib, chet elga chiqib ketishi iqtisodga yana bir zarba bo‘ldi», – deydi iqtisodchilar.

Bundan tashqari, Putinning Yevropaga gaz yetkazib berishga o‘zi qo‘ygan cheklovlar, so‘ngra «Shimoliy oqim» gaz quvuri noaniq sabab bilan portlashi gaz qazib olish keskin kamayishiga olib keldi. Oktyabr oyida gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 20 foizga kam bo‘ldi.

Ayni paytda Yevropaga neft sotish darajasi ham 5 dekabr kuni kuchga kirishi kutilayotgan neft embargosi ​​oldidan keskin pasaymoqda.

Kreml yalpi ichki mahsulotning (YaIM) yillik pasayishi Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan taxmin qilingan 3,5 foizdan ham kamroq bo‘lishini aytmoqda. Bu Rossiya iqtisodiyoti ko‘plab keskin sanksiyalarga bardosh bera olishidan dalolat beradi.

Ammo iqtisodchilar va biznes rahbarlari ta’kidlashicha, sarlavhalardagi YaIM raqamlari Rossiya iqtisodiyotining haqiqiy holatini aks ettirmaydi, chunki Rossiya hukumati sanksiyalar kiritilgandan keyin rubl konvertatsiyasini amalda to‘xtatib qo‘ydi.

«YaIM hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi, chunki, birinchidan, biz rublning real kursini bilmaymiz, ikkinchidan, agar tank ishlab chiqarilsa u frontga jo‘natiladi, u yerda esa tank darhol portlatib yuborilishi mumkin, ammo u baribir qo‘shimcha daromad hisoblanaveradi», – deydi Milov.

Yanada jiddiyroq muammolar buxgalteriya hisoblarining katta qismi maxfiy saqlanuvchi Rossiya bank sektorida yashiringan. Rossiya Markaziy banki joriy haftada, safarbarlik va iqtisodiyotning ahvoli bilan bog‘liq xavotirlar ortib borishi fonida, oktyabr oyida Rossiya bank tizimidan rekord darajadagi summa – 14,7 milliard dollarlik qattiq valuta olinganini xabar qildi.

Shu bilan birga, Markaziy bank noyabr oyidagi hisobotida 2022 yilning to‘rtinchi choragida yalpi ichki mahsulot 7,1 foizga keskin qisqarishi haqida ogohlantirgan. O‘tgan hafta, Rossiya iqtisodiyoti rasman retsessiya davriga kirganda, mamlakat Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina deputatlarga kelgusi yilda vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligini aytdi.

«Biz vaziyatga juda hushyor va ochiq ko‘z bilan qarashimiz kerak. Vaziyat yomonlashishi mumkin, biz buni tushunib turibmiz», – degan Nabiullina.

Putinning sentabr oyida e’lon qilgan qisman safarbarlik o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori Rossiyadagi ishbilarmonlik kayfiyatiga katta zarba berdi.

«Ko‘pgina rus kompaniyalari urushni o‘z tanalarida his qildi. Bu hali uzoq vaqt davom etishi aniq bo‘ldi. Endi kutilmalar yozdagidan ham yomonroq», – deydi Germaniya xavfsizlik va xalqaro munosabatlar instituti katta ilmiy xodimi Yanis Klyuge.

«Putinning bosh vazir Mixail Mishustin boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishi, Rossiya prezidenti sanksiyalar kuchayishidan xavotirda ekanini ko‘rsatadi», – deydi iqtisodchi va tahlilchilar.

Moskvada urush ramzlaridan biri bo‘lgan Z harfi bilan bezatilgan teatr binosi oldidan o‘tib ketayotgan odamlar
Yuri Kadobnov/AFP/Getty Images

«Putin armiyaga ta’minot davom etishi uchun vaziyatga shaxsan o‘zi aralashishi kerak bo‘lishidan tashvishlanyapti. U shuningdek, sanksiyalar haqiqatan ham mahsulot ishlab chiqarish qobiliyatiga putur yetkazganidan xavotirda», – deya izoh beradi Fransiya ilmiy jamiyati prorektori Sergey Guriyev.

Bundan tashqari, kengash tuzilishi Rossiya hukumati oziq-ovqat va kiyim-kechak kabi asosiy tovarlarning surunkali tanqisligi sharoitida, armiya ta’minoti uchun Rossiya iqtisodiyotini yanada kengroq safarbar qilishga tayyorlanayotganini ham ko‘rsatadi.

Yangi qonunlar Rossiya harbiylari buyurtmalarini bajarishdan bosh tortgan biznes rahbarlariga katta miqdorda jarima solish imkonini beradi, shuningdek, potensial qamoq jazosi tadbirkorlarni armiya uchun arzon narxlarda tovarlar yetkazib berishga majbur qilmoqda.

«Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilishi biznesga katta bosim o‘tkazish va biznesni o‘zi xohlamagan narsalarni qilishga majburlash uchun qattiq buyruqlar berish zarurati bilan bog‘liq», – deydi Londondagi Chatham House tahlil markazi katta ilmiy xodimi Nikolay Petrov.

Mudofaa sohasi bilan aloqalari mavjud bo‘lgan moskvalik tadbirkorning aytishicha, Rossiya iqtisodiyotini yashirin safarbar qilish uzoq vaqtdan beri davom etmoqda va ko‘plab tadbirkorlar Rossiya armiyasi uchun mahsulot ishlab chiqarishga majbur bo‘lyapti. Ular narxlarni pasaytirish buyrug‘iga qarshi chiqishdan qo‘rqmoqda.

«Bu urush boshlangandayoq zaruratga aylangandi. Biznes vakillarining katta qismi jimlik saqlamoqda. Agar siz Rossiya davlati uchun ta’minot mahsulotlari yoki qurol tayyorlayotganingizni aytsangiz, chet elda siz bilan muammolar sodir bo‘lishi mumkin», – deydi qatag‘onga uchrashdan qo‘rqib ismi sir qolishini so‘ragan rossiyalik tadbirkor.

Rossiya matbuotida e’lon qilingan tasdiqlanmagan xabarlar mamlakatda safarbar qilinganlarni qurollar bilan ta’minlashda katta muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. «Kommersant» nashri oktyabr oyidagi to‘liq hisobotida armiyaga chaqirilganlar uchun o‘q-dori va kiyim-kechaklarning katta tanqisligi yuz berayotgani, ishlab chiqaruvchilar sanksiyalar tufayli kerakli ta’minotni yetkazib bera olmayotganini yozadi.

Boshqa bir rossiyalik biznes rahbarlarining ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy muvaffaqiyatsizligi Rossiya harbiy-sanoat kompleksidagi ulkan korrupsiya va samarasiz tizimni ochib bergan.

«So‘nggi o‘n yil ichida sarflangan trillionlab rubllar nimaga ishlatilgani haqida jiddiy savollar paydo bo‘lmoqda», – deydi rossiyalik sobiq yuqori martabali bankir.

«Agar yangi iqtisodiy kengash ta’minot va qurol ishlab chiqarishni yaxshiroq muvofiqlashtira olmasa, bu Rossiyaning Ukrainada yangi hujum boshlash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkin», – degan Petrov.

Uning aytishicha, Kreml oldida turgan asosiy muammo – armiya qachon Ukrainada yangi hujum boshlashga tayyor bo‘lishidir. Bu esa bevosita o‘q-dorilar va boshqa ta’minot tizimlari tayyor bo‘lishiga bog‘liq.

«Vaziyat 5 dekabrdan, Yevropa ittifoqining Rossiya neftiga embargosi kuchga kirishi bilan yanada og‘irlashishi mumkin», – deydi bir qator iqtisodchilar.

Embargo va Rossiya neftining Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi barcha sotuvlarida joriy etilishi kutilayotgan narx chegarasi, Rossiya budjeti kuniga kamida 120 million dollar foydadan quruq qolishiga olib keladi.

Rossiya budjeti shu yil oxiriga qadar defitsitga uchrashi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: