«Omadingizni bersin» televizon o‘yini g‘oliblari 2 mlrd so‘mga aldandi

Jamiyat 17:43 / 28.11.2022 27728

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga turli hududlardan telekanallardan birida namoyish etilgan teleo‘yinda qo‘lga kiritgan yutuqlarini olish imkoni bo‘lmayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan. Bugungi kunga kelib «Omadingizni bersin» teleo‘yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Ushbu muammo ijtimoiy tarmoqlarda ham keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘yin «MIA-MAA» MChJ homiyligidagi «MAA» savdo belgisidagi mahsulotlar xaridorlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda. O‘yin davomida telefon raqamlar bazasidan «Random» dasturi yordamida keyingi son ishtirokchilarining telefon raqamlari aniqlanadi.

Teleo‘yin sovrin jamg‘armasi turli yutuqlardan tashkil topgan: mobil telefon, planshet, noutbuk, yumshoq mebellar, turli maishiy texnika, tilla (turli grammda) va bosh sovrin — avtomobil.

Har haftada namoyish etilib, tezda mashhurlikka erishgan «Omadingizni bersin» teleko‘rsatuvi qoidasiga ko‘ra, ishtirokchilar 2 ta bo‘lakdagi sovrin maketini topgandan so‘nggina shu yutuqqa ega bo‘ladi. Misol uchun, «Omadingizni bersin» ko‘rsatuvining 13-sonida Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi X.Xga omad kulib boqqan va u quyidagi sovrinlarni yutib olgan: kir yuvish mashinasi, muzlatgich, gaz plitasi, mikroto‘lqinli pech, changyutkich, planshet, smartfon va yana 50 million so‘m.

Albatta, juda bu katta miqdordagi sovrin. G‘olibni teleefirda ko‘rsatishadi, g‘olib deb e’lon qilishadi, ammo ko‘rsatuv suratga olingandan so‘ng, teleo‘yin nizomiga ko‘ra, teleo‘yin efirga uzatilgandan so‘ng 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligini xabar qilishadi.

Mukofotini kutayotganlar

Ishtirokchi bir oy kutadi, ikki oy kutadi, 90 kun o‘tadi, lekin va’da qilingan sovrindan darak bo‘lmaydi. Teleo‘yin esa telekanal orqali davom etadi va boshqalar ham u kabi bir necha qimmatbaho sovrinlarni yutib olishyapti.

Bunday holatga teleko‘rsatuvning 4-sonida ishtirok etib, 20 million so‘m yutib olgan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi M.U. ham duch keldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi O.J. joriy yilning 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Omadingizni bersin» ko‘rsatuvining 10-sonida 10 million so‘m, kir yuvish mashinasi, noutbuk va «Nexia-3» avtomashinasini yutib oldi. Lekin shu kungacha kutgan sovrinlari va mashinasi berilmadi.

Joriy yil 28 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi A.M. yutgan «Damas» avtomashinasi ham yetkazib berilmagan.

Namangan viloyatida yashovchi M.M. gaz plitasi, changyutgich, 2 dona smartfon, velosiped, planshet, noutbuk va 20 million so‘m yutib olgan. Shu kungacha u ham sovg‘aga ega bo‘lmadi.

Noutbuk, smartfon, muzlatgich, changyutgich va «Damas» avtomashinasini qo‘lga kiritganlardan yana biri Xorazm viloyatida yashovchi A.R. ham hanuz o‘z yutuqlarini kutmoqda.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi so‘rovi va o‘yin homiysi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soni g‘oliblaridan faqat 1-, 2-, 3- va 12-sonlarida bir nafardan ishtirokchi o‘z yutuqlarini qo‘lga kiritgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutishmoqda.

Ishtirokchilar teleo‘yinda ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikaning turli viloyatlaridan poytaxtga kelishgan.

Qonunda qanday jazo nazarda tutilgan?

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak.

Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi.

Yuqoridagi holatda esa, ishtirokchilar teleo‘yin nizomidan xabardor bo‘lmagan va ularga ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan. Bu bilan Qonunning 21-moddasiga xilof ish tutilgan.

O‘z navbatida, agentlikning maxsus komissiyasi tomonidan «MIA-MAA» MChJga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 21-moddalari talablari buzilgani holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Shu bilan birga, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan, deyiladi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabarida.

Vaziyatdan xabardor insonlarning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishlaricha, ushbu teleo‘yinlarda yutuqlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar yutuqlardan umidini uzsa ham bo‘laveradi. 2 mlrd so‘mlik yutuqlardan ularga hech narsa to‘lab berilmaydi. «MIA-MAA» MChJ esa bir necha BHM jarima bilan qutuladi.

Odamlarni laqillatuvchi teleo‘yinlarni efirga uzatgan telekanallarga esa biror chora ko‘rilmaydi. Chunki mediamahsulot chetdagi studiyadan xarid qilingan va reklama tarzida efirga uzatilgan.

«Shu sababli, hurmatli iste’molchilar doimo yodda tuting: Tadbirlarda ishtirok etishdan avval taqdim etilayotgan reklamalarda joylashtirilgan ma’lumotlarda tadbir tashkilotchisi, uni o‘tkazish qoidalari va muddatlari, tadbir haqidagi axborot manbayi, mukofotlar yoki yutuqlar miqdori, ularni olish muddatlari, joyi va tartiblari borligiga e’tibor bering va ular bilan birma-bir tanishib chiqing.

Agar Sizda reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan aniq ma’lumot bo‘lsa, 1159 qisqa raqamiga murojaat qiling», deyiladi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ogohlantirishnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: