Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga qaratilgan soxta akkauntlar aniqlandi – Meta

Jamiyat 16:22 / 28.11.2022 14552

AQSh harbiylari bilan aloqador shaxslar Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonga qaratilgan uyushgan operatsiyalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlarni yuritgan. Bu haqda Meta kompaniyasi hisobotida aytiladi.

«Biz soxta akkauntlarga asoslangan bir necha faol klasterni topdik, ularning ba’zilari tadqiqotimizdan oldin avtomatlashtirilgan tizimlarimiz tomonidan aniqlandi va o‘chirildi. Ushbu mintaqaviy klasterlar Eron, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga qaratilgan edi.

Har bir klaster ma’lum bir mamlakatda oid sport va madaniyatni o‘z ichiga olgan muayyan mavzularni yoritgan, shuningdek, AQSh bilan hamkorlik qilgan, jumladan, harbiy sohada ham. Bundan tashqari, Eron, Xitoy yoki Rossiyani tanqid qilgan», deb yozdi Meta.

Hisobotda qayd etilishicha, ushbu tarmoq ortida turgan odamlar o‘zlarini tegishli mamlakatning mahalliy aholisi sifatida ko‘rsatgan. Operatsiya ortida turganlar o‘z shaxsini yashirishga uringan, biroq Meta ularning AQSh harbiylariga aloqador shaxslar bilan yaqinligini aniqlagan.

Meta ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoq Qo‘shma Shtatlarda paydo bo‘lgan va Afg‘oniston, Jazoir, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Somali, Suriya, Tojikiston, O‘zbekiston va Yaman kabi qator davlatlarni qamrab olgan.

Operatsiyalar Twitter, YouTube, Telegram, VKontakte va Odnoklassniki kabi ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilgan.

«Ba’zi sahifalar kichik media-brendlarga ega bo‘lib, turli internet-servislarida, jumladan Twitter, YouTube, Telegram, Rossiyaning VKontakte va Odnoklassniki tarmoqlarida, bloglar va veb-saytlarda mavjud bo‘lgan. Ular o‘zlarining maqsadi bo‘lgan davlat haqida videolar, maqolalar, fotosuratlar va memlarni joylashtirgan. Har biri ularga o‘z logotipini qo‘ygan, bu esa kontentni yanada noyob va ishonchli ko‘rsatgan», deyiladi hisobotda.

Hisobotda, shuningdek, ushbu faoliyat ortidagi odamlar asosan arab, fors va rus tillarida yangiliklar va dolzarb voqealar, jumladan, terrorizm, AQSh harbiylarini maqtash, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi haqidagi xabarlarni joylashtirgani aytiladi.

«Operatsiya doirasida Eron, Xitoy va Rossiyani, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini tanqid qiluvchi postlar ham nashr etilgan», deyiladi hisobotda.

Meta ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi navbatda Germaniyani nishonga oluvchi Rossiya tarmog‘i ham bo‘lgan. Shuningdek, bu tarmoq faoliyati Fransiya, Italiya, Ukraina va Buyuk Britaniyaga qarshi qaratilgan.

«Operatsiya Yevropadagi qonuniy axborot tashkilotlari sifatida ehtiyotkorlik bilan o‘zini ko‘rsatuvchi veb-saytlarning katta tarmog‘i atrofida olib borilgan. Saytlarda Ukraina tanqid qilingan, Rossiya maqtalgan va G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari teskari natija berishi haqida da’vo qilingan original maqolalar joylashtirilgan. YouTube, Facebook, Instagram, Telegram, Twitter, shuningdek, Change.org va Avaaz, LiveJournal orqali ushbu maqolalar, memlar va videolar targ‘ib qilingan.

Meta kompaniyasi xabariga ko‘ra, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Qo‘shma Shtatlarga aloqador 39 ta akkaunt, 16 ta sahifa, 2 ta guruh, shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 26 ta akkaunt o‘chirib tashlangan.

Bundan tashqari, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Xitoyga aloqador 81 ta akkaunt, 8 ta sahifa, 1 ta guruh, shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 2 ta akkaunt o‘chirib tashlangan.

Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Rossiyaga aloqador 1633 ta akkaunt, 703 ta sahifa, 1 ta guruh, shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 29 ta akkaunt o‘chirib tashlangan.

Ko‘proq yangiliklar: