Internetda ayol kishi IIB binosi oldida o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgani haqidagi xabar tarqaldi. Farg‘ona viloyat IIB ayolning qizi qo‘shmachilik qilgani va voyaga yetmagan ikki qizni tutqunlikda saqlaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 15 noyabr kuni M.A. (IIB oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayolning qizi) Farg‘ona shahridagi mehmonxonalarning birida pul evaziga 4 kishiga jinsiy aloqa qilish uchun sharoit yaratib beradi va kelishilgan pulni olgan vaqtida tezkor tadbir paytida qo‘lga olinadi.
Surishtiruvlar davomida bu ayol voyaga yetmagan ikki qizni uyida tutqunlikda saqlab, mijozlar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi), 131-moddasi 1-qismi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) hamda 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor 2022 yil 16 noyabr kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvidan kelib chiqib, 19 noyabr kuni ayblanuvchining “Malibu” mashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda unda 2 dona pichoq va boshqa buyumlar topilgan, ular daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingach, avtomashina qonuniy egasiga topshirilgan.
“IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suhbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan. Shu o‘rinda, fuqarolarimizdan yuqoridagi kabi xabarlarga rasmiy munosabat berilmasdan turib, noo‘rin xulosa qilmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.
Hodisaga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
Avvalroq Chinozda aliment pulini ololmagan ayol prokuratura binosi oldida o‘zi va farzandlariga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgandi.
Samarqandda qurilishi bitmagan uyi buzilishga tushgan ayol viloyat hokimligi binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgandi.