Telegram orqali kam ta’minlangan oilalarga yordam puli berilayotgani haqida yolg‘on xabarlar tarqatayotgan firibgarlarning e’lonlarini sanab sanog‘iga yeta olmayapmiz.
Eng dahshatlisi, biz qancha ogohlantirmaylik, firibgarlarning turli usullari haqida xabardor qilmaylik, ularning tuzog‘iga tushib pullaridan ayrilib qolayotganlar soni kamaymayapti.
Chunki firibgarlar sodda odamlarni aldashning batamom yangi va “kreativ” yo‘llarini o‘ylab topishmoqda.
Ammo oramizda shunday qalloblar bor ekanki, aynan bolasi oqqonga chalinganini, ularga pul zarurligini bila turib, shundoq ham imkonsiz odamlarning bor-budini qoqib olishni maqsad qilishgan.
“Sizga davlatimiz rahbari tomonidan 30 mln (so‘m)dan 50 mlngacha pul ajratilgan. Bu pul sizning qo‘lingizga tegmaydi. Faqatgina davolanish uchun shartnoma bo‘lgan. Uning ichida yeb-ichish – 5 mahal ovqat, massaji bor, ukol, operatsiya va yotoq joyi bor. Yotoq joyi pulli. Sizlarga shunaqa taklif tushgan, bazada yuztadan o‘ntasiga bo‘ladi bu taklif. Nima deysizlar? Faqat davlat bojini to‘lasangiz bo‘ldi. 1 mln 480 mingmi, shunaqa bo‘lishi kerak”, - deydi firibgar.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga pul tarqatilganda hech qachon odamlarning o‘ziga telefon qilib yoki qandaydir linklarni bosib karta raqam kiritish so‘ralmaydi. Yordam puli ijtimoiy himoya reyestridagi ma’lumotlar asosida plastik kartalarga tushirib beriladi, plastik kartasi yo‘qlarga esa naqd pulda beriladi. Siz hatto qayergadir murojaat qilishingiz, kimgadir qandaydir boj to‘lashingiz, yoki qanaqadir saytlarga kirib karta raqam kiritishingiz ham shart emas.
Pulni olish uchun qanchadir boj yoki mablag‘ to‘lash, yoxud telefon raqamingizga kelgan smsni aytish so‘raldimi, bilingki, bu aldov, uni so‘rayotganlar haqiqiy firibgarlar.
Biz firibgarlar qahramonimizga telefon qilgan raqamga bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Jurnalistlar telefon qilayotganini bilgach esa, telefonni qo‘yib qo‘ydi. Qayta telefon qilganimizda esa katta ehtimol bilan uning hamtovog‘i javob berdi va o‘zini ushbu telefonning egasi ekanligini, uning telefonini firibgarlar topib olib, odamlardan pul olganini aytdi.
Ha, bir qarashda ishonarli, ammo gap orasida o‘zini tanishtirishini so‘raganimizda suhbat boshidagi gaplarni unutib qo‘ydi shekilli, bu safar o‘zini umuman boshqa odam ekanini aytdi.
“Telefonni yo‘qotgan odam topilgan. Gaplashgan odam ham topilgan. Ichki ishlarga topshirilgan. Men jinoyat-qidiruv bo‘limidan bo‘laman”, — dedi u.
Suhbat davomida u bizni qaysidir ichki ishlar binosiga intervyuga chaqirdi. Qayerga va nima maqsadda bu gaplarni aytayotganini o‘zi ham bilmaydi. Maqsad, suhbatdoshni manipulyatsiya qilish va asosiy mavzudan chalg‘itish.
Aldanib qolmang o‘zingizni va ming azob bilan topgan pullaringizni ehtiyot qiling.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montaj ustasi G‘iyos Safarov.