Surxondaryo viloyat IIB boshliq o‘rinbosari YTH sodir etgani haqidagi xabarlar rad etildi

Jamiyat 20:29 / 25.11.2022 2137

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo IIB boshliq o‘rinbosari, Sherzod Shodiyev Termiz shahrida YTH sodir etgani va viloyat IIB mazkur “avariya”ni yashirayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 3 noyabr kuni soat 13:47 larda ayol kishi boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasi Termiz shahri At-Termiziy ko‘chasida harakatlanayotib boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga chiqib ketgan va to‘g‘ridan kelayotgan fuqaro H. (erkak) boshqaruvida bo‘lgan Matiz bilan to‘qnashgan.

Oqibatda, Cobalt mashinasining orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan yo‘lovchi ayol sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, og‘ir tan jarohatlari olgan.

Hodisa yuzasidan Termiz shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan va Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, jinoyat ishining tergovi Termiz shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq Qashqadaryoda Nishon tumani hokimi o‘rinbosari mashina boshqarib piyodani urib yuborgan va jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: